Home / YANGILIKLAR / ““Sahihul Buxoriy” – ishonchli rivoyat anʼanasi”

““Sahihul Buxoriy” – ishonchli rivoyat anʼanasi”

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!

Abdul Ati SHARQOVIY – “Ilm” merosni tiklash va raqamli xizmatlar muassasasi rahbari:

““Sahihul Buxoriy” – ishonchli rivoyat anʼanasi”

Imom Buxoriyning «Al-Jomeʼ as-sahih» asari oʻqilgan, eshitilgan va koʻchirilgan barcha ilm maskanlari bugunga qadar uning yuksak ilmiy qadrini namoyon etib kelmoqda. Makka, Tripoli, Movarounnahr va Qohira kabi ilmiy markazlarda saqlangan qoʻlyozmalar ushbu asarning asrlar davomida ishonchli tarzda avloddan avlodga yetkazilganini tasdiqlaydi.

“Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan ulamolar va samiʼ majlislarida qatnashgan muhaddislar silsilasi juda boy va mustahkam boʻlib, bu asarning ilmiy ishonchliligini yanada mustahkamlaydi.

Xususan, Yununiy nusxasi eng muhim manbalardan biri hisoblanadi. Asli hozirgacha saqlanib qolmagan boʻlsa-da, undan koʻchirilgan nusxalar orqali asl matnni toʻliq saqlashga muvaffaq boʻlingan.

Movarounnahr ilmiy maktabiga mansub Roziyuddin Sogʻoniy nusxasi esa eng nufuzli qoʻlyozmalardan biri hisoblanadi. Chunki Imom Buxoriyning shogirdi boʻlgan Firabriyning nusxasidan bevosita koʻchirilgan boʻlib, keyinchalik boshqa ishonchli qoʻlyozmalar bilan qiyosiy tekshirilgan. Shu bois bu nusxa Imom Buxoriy matniga eng yaqin va eng ishonchli manbalardan biri sifatida eʼtirof etiladi.

Tadqiqotlar davomida ushbu nusxaning bir qismi Imom Roziyuddin Sogʻoniy oʻz qoʻli bilan yozgan qoʻlyozmada, ikkinchi qismi esa undan koʻchirilgan Muhammad Vostoniy nusxasida aniqlangan. Manbalarga koʻra, Sogʻoniy “Sahihul Buxoriy”ni yuksak ehtirom va oʻta sinkkovlik bilan koʻchirgan, har bir hadisni yozishdan oldin tahorat qilib, ikki rakat namoz oʻqigan va Qurʼon tilovatini ado etgan.

Bunday qoʻlyozmalar va rivoyat silsilalari “Sahihul Buxoriy”ning asrlar davomida nihoyatda puxta ilmiy nazorat, ehtiyotkorlik va ishonchlilik mezonlari asosida saqlanib kelganini yaqqol namoyon etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriy merosi xalqaro olimlarni Samarqandda birlashtirdi

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida Samarqandda “Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” asari – ummat kitobi” …