Home / YANGILIKLAR / “Marokashda Imom Buxoriy merosiga hurmat-ehtirom cheksiz!”

“Marokashda Imom Buxoriy merosiga hurmat-ehtirom cheksiz!”

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!

Ahmad TAVFIQ – Marokash Vaqf va islom ishlari vaziri:

“Marokashda Imom Buxoriy merosiga hurmat-ehtirom cheksiz!”

Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosi butun islom olamida yuksak ehtirom bilan oʻrganiladi. Marokashda ham hadis ilmini rivojlantirish va uni kelajak avlodlarga yetkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Jumladan, marhum Podshoh Hasan II tashabbusi bilan tashkil etilgan “Dorul hadis al-Hasaniya” ilmiy dargohi hadis ilmini oʻrganish boʻyicha eng nufuzli markazlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda u Al-Qaraviyyun universiteti tarkibida faoliyat yuritib, Imom Buxoriy merosini tadqiq etish va targʻib qilishga munosib hissa qoʻshmoqda.

Marokash olimlarining ICESCO, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda xalqaro anjumanlar oʻtkazayotgani Imom Buxoriy merosining xalqaro miqyosda yuksak qadrlanayotganining yorqin dalilidir.

Marokashda har yili Ramazon oyida oʻtkaziladigan mashhur “Hasaniya darslari”da ham «Al-Jomeʼ as-sahih» asosiy ilmiy manbalardan biri sifatida oʻqitilib, sharhlanadi. Shuningdek, “Sahihul Buxoriy” mamlakatda Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida eʼtirof etilib, maktablar, madrasalar va oliy taʼlim muassasalarida muntazam oʻrganiladi.

Marokashda Qadr kechasida oʻtkaziladigan anʼanaviy ilmiy anjumanda «Al-Jomeʼ as-sahih» xatm qilinishi ham Imom Buxoriy hazratlariga yuksak ehtiromning yana bir yorqin ifodasidir.

Shu bilan birga, Marokashda axborot texnologiyalari asosida yaratilgan “Muhammad VI” hadis platformasi hadis ilmini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unda minglab hadislar, ularning rivoyat yoʻllari va ilmiy tavsiflari jamlangan boʻlib, bugungi kunda eng ishonchli elektron manbalardan biri sifatida xizmat qilmoqda.

Bu ishlar Imom Buxoriy hazratlari qoldirgan bebaho meros bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganini, aksincha, islom olamida ilm-fan va maʼrifat taraqqiyotining mustahkam poydevorlaridan biri boʻlib qolayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlari– mushtarak meros, qardoshlik va maʼnaviy birlik ramzi

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA! Shayxulislom Allohshukur POSHOZODA – Kavkaz musulmonlari idorasi raisi: “Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlari – …