SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!
Shayxulislom Allohshukur POSHOZODA – Kavkaz musulmonlari idorasi raisi:
“Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlari – mushtarak meros, qardoshlik va maʼnaviy birlik ramzi”
Bismillahir rohmanir rohim.
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh!
Avvalo, barchamizni ushbu muborak zaminda jam etgan Alloh taologa hamdu sanolar boʻlsin.
Oʻzbekiston azaldan islom maʼrifati va ilm-fanining buyuk markazlaridan biri boʻlib kelgan. Bu muborak diyor Imom Buxoriy kabi insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ allomalarni yetishtirgan.
Imom Buxoriyning boy ilmiy merosi butun musulmon olamining umumiy maʼnaviy boyligidir. U zotning majmuasi nafaqat muqaddas ziyoratgoh, balki ilm, maʼrifat va islom sivilizatsiyasining buyuk ramzidir. Oʻzbekistonni oʻzimning ikkinchi Vatanim deb bilaman va bu yurtga har doim chuqur mehr va ehtirom bilan kelaman.
Yoshligimda marhum Shayx Ziyovuddin Boboxonov rahimahulloh va boshqa ustozlarimiz bilan Imom Buxoriy ziyoratgohiga borish, uni obod etish yoʻlidagi ishlarga hissa qoʻshish baxtiga muyassar boʻlganman. Oʻsha paytlarda qiyinchiliklarga qaramay, odamlar Qurʼon oʻqir, duo qilar va muqaddas maskanlarni asrab qolish uchun fidokorona mehnat qilar edi. Biz ham Alloh taolodan shunday nurli kunlarni nasib etishini soʻrab duo qilardik. Bugun ana shu ezgu orzular roʻyobga chiqqanini koʻrib, qalbimiz shukronalikka toʻladi.
Ayniqsa, Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, Samarqandning xalqaro ilm va ziyorat markaziga aylanayotgani, ajdodlar merosining butun dunyoga keng targʻib etilayotgani Oʻzbekistonda maʼnaviy merosga yuksak eʼtibor qaratilayotganining yorqin ifodasidir.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Davlatingiz rahbarining ilm-fan, maʼnaviyat va tarixiy merosni asrashga qaratilgan saʼy-harakatlari nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun turkiy va islom olamida yuksak eʼtirof etilmoqda.
Bugun Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik va strategik hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Prezidentlarimizning bir-biriga samimiy munosabati xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlamoqda.
Alloh taolodan qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlikni bardavom qilishini, yurtlarimizga tinchlik va baraka ato etishini soʻraymiz.
Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





