SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!
Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd – Makka shahridagi “Masjid al-Harom” masjidi Bosh imomi:
Bismillahir rohmanir rohim
Olamlar Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning ahli baytlari, sahobalari va barcha moʻminlarga Allohning salovoti va salomi boʻlsin!
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh!
Bugun biz hadis ilmining sultoni Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahullohning beqiyos ilmiy merosini yod etish va undan ibrat olish uchun jam boʻlib turibmiz.
Imom Buxoriy butun umrini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini toʻplash, tekshirish va ishonchli holda kelajak avlodlarga yetkazishga bagʻishlagan. Ana shu beqiyos mehnat samarasi oʻlaroq, Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida eʼtirof etilgan «Al-Jomeʼ as-Sahih» asari dunyoga keldi.
U zotning hayoti bizga haqiqiy muvaffaqiyat ilmga muhabbat, sobit iroda, ixlos va tinimsiz mehnat bilan qoʻlga kiritilishini koʻrsatib beradi. U ayniqsa bugungi yoshlar uchun eng yorqin namunadir.
Alloh taolo Qurʼoni karimda: «Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va uni Oʻzimiz asragaymiz», deb marhamat qiladi. Ulamolar taʼkidlaganidek, bu ilohiy muhofaza Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ishonchli manbalar orqali saqlanishida ham namoyon boʻladi. Imom Buxoriy rahimahullohning xizmatlari buning yorqin dalilidir.
Bugun islom sivilizatsiyasining ilmiy va maʼnaviy merosini oʻrganish, asrash va keng targʻib etish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak ahamiyatga ega. Bu ezgu saʼy-harakatlar ilm-fan, maʼrifat, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat kabi yuksak qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu xalqaro anjuman ham buyuk ajdodlarimiz merosini dunyoga keng tanitish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va kelajak avlodni ilm-maʼrifat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshishiga ishonamiz.
Alloh taolodan barchamizni ilmga xizmat qilishda, haqiqatni ulugʻlashda va yurtimiz hamda insoniyat manfaatiga xizmat qiladigan ezgu amallarda muvaffaq aylashini soʻraymiz.
Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.
Bu masalaga eʼtibor qaratganingiz uchun tashakkur!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





