Home / XALQARO YANGILIKLAR / Oʻzbek olimining maqolasi Indoneziyada chop etildi

Oʻzbek olimining maqolasi Indoneziyada chop etildi

Indoneziyaning eng nufuzli nashrlaridan biri – “Kalimantan Post” gazetasining 2026-yil 7-iyuldagi sonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari doktori Baxtiyor Tursunovning “Moralitas, Fondasi Kesempurnaan Manusia di Tengah Arus Globalisasi” (“Axloq – globallashuv sharoitida inson kamolotining poydevori”) deb nomlangan ilmiy-maʼrifiy maqolasi chop etildi.

Unda muallif globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan bugungi kunda axloq, maʼnaviyat va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashning ahamiyatini ochib beradi. Inson kamolotining eng mustahkam asosi yuksak odob-axloq va goʻzal xulq ekanini taʼkidlab, jamiyat barqarorligi va taraqqiyoti aynan maʼnaviy tarbiya bilan chambarchas bogʻliqligini ilmiy dalillar asosida tahlil qiladi.

Shuningdek, maqolada Qurʼoni karim oyatlari va hadisi shariflarda axloq masalasiga berilgan yuksak eʼtibor misollar bilan bayon etilgan. Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar merosida inson tarbiyasi, maʼnaviy yetuklik va komillik gʻoyalarining oʻrni va ahamiyati ochib berilgan.

B.Tursunov oila institutining tarbiyaviy ahamiyatiga ham alohida toʻxtalib, farzand maʼnaviyatini shakllantirishda ota-ona, taʼlim muassasalari va jamiyatning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini qayd etadi. Yoshlarni turli gʻoyaviy tahdidlardan muhofaza qilishni, ularda vatanparvarlik, bagʻrikenglik, halollik va masʼuliyat tuygʻularini qaror toptirishni bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri sifatida eʼtirof etadi.

Mazkur maqolaning mashhur “Kalimantan Post” gazetasida eʼlon qilinishi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy va maʼrifiy tadqiqotlarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganini koʻrsatadi.

Manba: OʻzA

Check Also

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Facebook va Instagramdagi sahifalari rasmiy verifikatsiyadan oʻtdi

#Хушхабар  Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati yangi bosqichga koʻtarildi. Markazning Facebook va …