Home / VIDЕOLAR / “12 ASRDAN KEYIN HAM IMOM BUXORIYNING SIYRATI VA XIZMATLARI INSONIYATGA YOʻLCHI YULDUZ BOʻLMOQDA”

“12 ASRDAN KEYIN HAM IMOM BUXORIYNING SIYRATI VA XIZMATLARI INSONIYATGA YOʻLCHI YULDUZ BOʻLMOQDA”

Dr. Arafot Oydin – Turkiya Prezidenti huzuridagi Diyonat ishlari boshqarmasi masʼul xodimi:

“12 ASRDAN KEYIN HAM IMOM BUXORIYNING SIYRATI VA XIZMATLARI INSONIYATGA YOʻLCHI YULDUZ BOʻLMOQDA”

Ilmiy faoliyatim asosan Imom Buxoriy asarlarining bugungi kungacha yetib kelgan qoʻlyozma nusxalarini tadqiq etishdan iborat.

Bugun ushbu majmua, u zotning maqbarasi va muzeyi tubdan yangilanayotgan, goʻzallashayotgan shunday muhim va tarixiy pallaning guvohi boʻlib turganimizdan gʻoyat mamnunmiz. Bu xayrli ishlarga hissa qoʻshgan barcha ulugʻlarimizga oʻz minnatdorligimni izhor etaman.

Samarqandga va ushbu muazzam majmuaga ilk bor kelishim. Biz, turkiyalik olimlar, ota yurtimiz boʻlgan bu tabarruk zaminni hamisha sogʻinib, katta qiziqish bilan oʻrganamiz. Bu yerdagi qadimiy madrasalar, tarixiy obidalar va Samarqandning osori atiqalari bizni shu qadar rom etdiki, oʻzimizni xuddi ajib bir tush koʻrayotgandek his qilmoqdamiz.

Imom Buxoriy hazratlarining merosini xalqaro miqyosda tadqiq etuvchi ushbu muazzam maskan ishiga ilmiy faoliyatimiz bilan oz boʻlsa-da hissa qoʻshishga harakat qildik. Ezgu niyat bilan boshlangan bu harakatlarning taʼsirini Parvardigorimiz bardavom qilsin.

Zero, Imom Buxoriy hazratlaridan keyin oradan 12 asrdan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, u zotning bebaho xizmatlari, ilmiy maktabi va buyuk shaxsiyati bugungi kunimizda ham insoniyatga yoʻl koʻrsatishda davom etmoqda. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini jamlash uchun yurtini tark etib, oʻnlab yillar davomida tinimsiz izlandi va bu olijanob mehnatni “Sahihul Buxoriy”dek shoh asar bilan tojlantirdi. Hadis ilmi rivoji yoʻlidagi xizmatlari shu qadar ulkanki, biz bu merosning tub mohiyatini hali-hanuz toʻliq anglab yetish darajasida emasmiz.

Shu sababli ham zimmamizga juda salmoqli va masʼuliyatli vazifalar tushadi. Ishonamanki, mana shunday ilmiy markazlar, nashriyotlar va chuqur tadqiqotlar orqali biz u zot tizib bergan keng ilmiy ufq va yuksak darajani saqlab turamiz. Paygʻambarimiz alayhissalomning hadisi shariflariga Imom Buxoriy koʻrsatgan va oʻrgatgan goʻzal yoʻl va uslub bilan rioya etish, amal qilish, ularni yoyish va toʻgʻri anglatish – oliy niyatimiz va duoyimizdir. Alloh taolo barchamizga mana shunday sharafli yoʻlni ajri bilan nasib aylasin.

Tas-ix:

Check Also

“SAMARQANDNI TARK ETSAM HAM, RUHIM QANCHADIR MUDDAT QOLADI”

Dr. Abdurahmon XON – Turkiya Prezidenti huzuridagi Diyonat ishlari boshqarmasi masʼul xodimi:  “SAMARQANDNI TARK ETSAM …