Rahmon Chishtiy – London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) professori (Buyuk Britaniya)
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurish men uchun katta sharaf.
Ayniqsa, ilm-fan, dinlararo muloqot va islomning asl mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdan mamnunman.
Islom mehr-oqibat, adolat va rahm-shafqat kabi oliy qadriyatlarni targʻib etadi. Bu gʻoyalar buyuk muhaddis Imom Buxoriyning ilmiy merosida ham yorqin namoyon boʻlgan. U zot islom taʼlimotini anglash va yetkazishda beqiyos xizmat qilgan alloma sifatida butun dunyoda yuksak ehtiromga sazovordir. Imom Buxoriy hazratlari maqbarasini ziyorat qilish imkoniyatiga ega boʻlayotganimdan ham mamnunman.
Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi munosabatlar mustahkam tarixiy asoslarga ega. Bugungi kunda bu hamkorlik strategik ahamiyat kasb etib, xalqlar oʻrtasidagi aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy almashinuv kabi koʻplab yoʻnalishlarni qamrab olmoqda. Ishonamanki, kelgusida ham ushbu munosabatlar izchil rivojlanib boradi.
Kecha Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldim. U yerda Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniy merosi, shuningdek, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan musulmon olimlar hayoti va faoliyati keng yoritilgan. Tibbiyot, matematika va boshqa ilm sohalari rivojiga munosib hissa qoʻshgan allomalar haqidagi maʼlumotlar katta taassurot qoldirdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi esa islom va hadis ilmlarini chuqur oʻrganishga xizmat qilayotgan nufuzli ilmiy maskandir. Bu yerdagi olim va tadqiqotchilarning faoliyati haqiqiy bilimlarni targʻib etish va ilmiy merosni asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekistonga kelganlar bu yurtning boy tarixi, bebaho madaniy merosi va ilm-maʼrifat anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi. Eng muhimi, bu yerda insonlarning samimiyati, mehmondoʻstligi va bagʻrikengligini his qilish mumkin.
Dunyoning turli mamlakatlarida boʻlgan inson sifatida ayta olamanki, Oʻzbekiston xalqining mehribonligi va saxovatpeshaligi alohida tahsinga loyiq. Barchani ushbu goʻzal mamlakatga tashrif buyurib, uning boy merosi va zamonaviy taraqqiyoti bilan yaqindan tanishishga chaqiraman.
Tas-ix:
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





