Home / VIDЕOLAR / “IMOM BUXORIY ASARLARI ILK ISLOM TARIXINI OʻRGANISHDA ENG ISHONCHLI MANBADIR”

“IMOM BUXORIY ASARLARI ILK ISLOM TARIXINI OʻRGANISHDA ENG ISHONCHLI MANBADIR”

Prof. Dr. Irfon AYJAN Anqara universiteti ilohiyot fakulteti dekani (Turkiya):

“IMOM BUXORIY ASARLARI ILK ISLOM TARIXINI OʻRGANISHDA ENG ISHONCHLI MANBADIR”

Oʻzbekistonga — ota yurtimizga ilk bor kelishim. Qalbimda bu zaminga nisbatan hamisha katta sogʻinch bor edi, mana bugun ushbu diydor nasib etdi.

Ilgari Markaziy Osiyoning boshqa koʻplab davlatlarida boʻlganman, ammo Oʻzbekistonda, xususan, Islom sivilizatsiyasining beshigi boʻlmish Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarni koʻrib, madaniy merosimizdan bahra olishdan cheksiz faxr va quvonch tuydim.

Fakultetimiz Turkiyadagi ilk va eng yirik ilohiyot fakulteti boʻlib, bu yil tashkil topganimizning 77 yilligini nishonlamoqdamiz. Fakultetimizda yuzdan ortiq doktorlik darajasiga ega akademik xodimlar faoliyat yuritadi. Yurtimga qaytgach, barcha hamkasblarimga ilk imkoniyatdayoq mana shu tabarruk zaminga kelishni va bu boy madaniy merosni bevosita oʻrganishni tavsiya qilaman.

Ayni paytda mening rahbarligimda AQSHda tadqiqot olib borayotgan doktorantim Islom tarixining manbashunosligi sifatida Imom Buxoriy merosini chuqur tadqiq qilmoqda. Biz keyingi 20 yillik ilmiy faoliyatimizda hadis kitoblarini faqatgina sharʼiy hukmlar emas, balki ilk islom tarixi, Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallam, Xalifalik va Umaviylar davrini oʻrganishda eng ishonchli tarixiy filtrdan oʻtgan manba sifatida baholab kelmoqdamiz. Chunki Islom olami taniydigan ulugʻ muhaddislar — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Muslim va Ibn Mojalarning barchasi aynan shu zamin farzandlaridir. Ilk bor mazkur doktorlik dissertatsiyasida Imom Buxoriy oʻz asarlarida tarixiy voqealarga qanday, nima uchun va qanchalik darajada joy ajratgani ilmiy jihatdan chuqur ochib beriladi. Ushbu tadqiqot uchun Samarqanddan muhim ilmiy maʼlumotlar va hujjatlarni toʻplab olib ketmoqdaman.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi haqiqatan ham juda muazzam maskan ekan. Ishonamanki, bu markaz asrlar davomida ulugʻ ajdodlarimiz kabi islom merosi va ilm-faniga beqiyos hissa qoʻshishda davom etadi. Bizga mana shunday yuksak sharoit va imkoniyatlarni yaratib bergan barcha mutasaddilarga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Tas-ix:

Check Also

Imom Buxoriy saboqlari: “OMONAT RIZQ, XIYONAT FAQIRLIK KELTIRADI!”

Tas-ix: