Hadis Alloh taolo Oʻz paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib boʻlgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qurʼon bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) boʻlib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.
Biroq keyingi asrlarda bu masala boʻyicha shubha-gumonlar uygʻotuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo boʻldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini daʼvo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, goʻyo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qurʼondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.
Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yoʻq emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil daʼvolarning tagi puch ekani koʻrsatib berish bugun ham dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bagʻishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Qurʼoni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi. Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat boʻlmasdi.
Ushbu maqolada vahiyning taʼrifi va turlariga toʻxtalishga qaror qildik. Bu safar paygʻambarlik Kitob nozil boʻlishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qurʼon) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab oʻtamiz.
“Vahiy” soʻzi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” maʼnolarini anglatadi. Paygʻambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” soʻzining aksari shu ikki maʼnoga tayanadi.
Rogʻib Isfahoniy oʻzining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (maʼnosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora koʻrinishidagi soʻz, biror tovush, tana aʼzolari harakati va yoki yozuv orqali sodir boʻlishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yoʻllagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Shoʻro surasining 51-oyatiga koʻra, ushbu jarayon bir necha turga boʻlinadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) soʻzlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (shaʼni) oliy va hikmat sohibidir”.
Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi koʻrinishlarda nozil boʻladi.
Koʻrinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga soʻzlarini eshittirishi misol boʻladi.
Bevosita soʻzlashish. Muso alayhissalom kabi soʻzlovchini koʻrmay turgan holda, aytganlarini tinglash.
Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.
Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.
Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – moʻminning tushi”, deb marhamat qilganlar (yaʼni, u zotning vafotlaridan keyin paygʻambarlik tugasa-da, moʻminlar uchun tush orqali bashorat olish imkoni qolishini aytganlar – NM.)
Rogʻib Isfahoniyning soʻzlariga koʻra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi soʻzlovchi koʻrmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yoʻllagan kalomi vahiydir” degan gapdan maʼlum boʻladiki, “vahiy” soʻzi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning oʻziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday taʼriflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita boʻlsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qatʼiy sobit boʻlgan maʼrifatdir”.
Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq koʻrinishini sanab oʻtishgan boʻlsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qurʼoni karimda belgilagan quyidagi toʻrt asosiy shaklga borib taqaladi:
- Jabroil alayhissalomning oʻz asliy qiyofasida koʻrinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda koʻrganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.
- Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham koʻrgan. Koʻpincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, baʼzan notanish aʼrobiy koʻrinishida namoyon boʻlgan.
- Jabroil alayhissalom Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.
- Jabroil alayhissalomning odamlarga koʻrinmay tushishi. Bu vahiyning eng koʻp uchraydigan turi boʻlib, bunda atrofdagilar farishtani koʻrmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi ogʻir oʻzgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. Oʻz soʻzlariga koʻra, bunday holat oldidan qoʻngʻiroq ovoziga oʻxshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning gʻungʻullashiga oʻxshatgan.
Qurʼoni karimning toʻlaligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil boʻlgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil boʻladi: “Albatta, (bu Qurʼon) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan boʻlishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.
Vahiy Alloh taoloning paygʻambarlariga yoʻllagan ilohiy xabari boʻlib, turli koʻrinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qoʻshni haqida shunchalar koʻp nasihat qildiki, “uni merosxoʻrlardan qilib qoʻymasa edi” deb oʻylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning Oʻz elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, oʻz-oʻzidan biror ishga qoʻl urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq boʻladi. Kelib chiqadiki, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qurʼoni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.
Mazkur dalillar shuni koʻrsatadiki, islomni faqat Qurʼon bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na sharʼiy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qurʼon, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qurʼon va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.
Nurmuhammad MATKARIMOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





