Hadislarning islomdagi yuksak ahamiyati va asosiy yoʻriqnoma ekani, muqaddas dinimizning barcha jihatlari Sunnatga bogʻliqligi xuddi Qurʼoni kabi hadislarni ham Alloh himoya qilishini taqozo etadi. Buni quyidagi dalillar misolida koʻrish mumkin.
Birinchidan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam – oxirgi Paygʻambar, u zot keltirgan shariat qiyomatgacha qoluvchi soʻnggi shariatdir. Bu shariat hadislar bilangina mukammal boʻlib, unga faqat Sunnat orqali komil amal qilish mumkin. Demak, shariat qiyomatgacha oʻzgarishlarga uchramay saqlanishi uchun uning ikki asosi boʻlmish Qurʼon ham, hadislar ham muhofaza qilingan boʻlishi shart.
Ikkinchidan, Alloh taoloning quyidagi soʻzlarida buning tasdigʻi yaqqol namoyon boʻladi: «Ular Allohning nurini ogʻizlari bilan oʻchirmoqchi boʻlurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, oʻz nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir. U garchi mushriklar yoqtirmasa ham, Oʻz Rasulini hidoyat va haq din bilan hamma dindan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir» [Tavba surasi, 32-33-oyatlar].
«Allohning nuri» – Rasuliga yuborgan hidoyat va haq din. Bunga ham vahiyning ikki turi – Qurʼon va hadis kiradi. Bu nurni faqat Qurʼon bilan cheklashga hech qanday asos yoʻq, chunki islom dini hadissiz toʻliq boʻlmaydi. Chunki, uni hadislardan ayro holda tasavvur qilish imkonsizdir.
Yuqoridagi oyatning maʼnosini quyidagicha tushunish mumkin: «Kofirlar Allohning dinini yolgʻon va urushlar bilan yoʻq qilmoqchi boʻladi, lekin buni uddalay olmaydi. Ular quyosh nurini puflab oʻchirmoqchi boʻlgan nodonlarga oʻxshaydi. Alloh taolo Oʻz dinini muqarrar gʻolib qiladi».
Uchinchidan, Alloh taoloning mana bu kalomi: “Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz” [Hijr surasi, 9- oyat].
Ushbu dalil “zikr” soʻzining maʼnosiga bogʻliq. Lugʻat kitoblarida, xususan, «Al-Qomus»da bu kalima “din tafsilotlari va qonun-qoidalari bayon qilingan kitob” deb taʼriflangan. Imom Rogʻibning «Mufradot» asarida: «Har bir haq soʻz zikr deyiladi», deb aytilgan.
Ibn Foris “kitob” soʻzining asli bir narsani boshqasida jamlashni anglatishini aytib oʻtgan. Imom Rogʻib esa, yozuvda harflarni bir-biriga qoʻshib tizish “kitobat” (yozish) deyilishini, bu soʻz baʼzan ogʻzaki nutqqa nisbatan ham ishlatilishini qoʻshimcha qilgan. Shuning uchun ham Alloh taoloning kalomi, garchi oʻsha kezlari hali qogʻozga tushirilmagan boʻlsa-da, oyatlarda “kitob” deb nomlangan.
«Din tafsilotlari bayon qilingan kitob» soʻzlariga koʻra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik» oyatidagi “zikr” Qurʼoni karim ekani ayon boʻladi. Koʻpchilik ulamo va mufassirlar shu fikrda yakdildir. Biroq “zikr” soʻzi faqat Qurʼonga xos emas, balki keng maʼnoli boʻlib, u boshqa narsalarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan, «Bilmasangiz, zikr ahlidan soʻrangiz» oyatidagi “zikr ahli” olimlardir.
Shunga koʻra, “Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz” oyati Qurʼoni karimning oʻzgarishdan saqlanishini ochiq-oydin bildiradi. Lekin faqat Qurʼonni saqlashini anglatmaydi. Chunki Haq taolo boshqa narsalarni ham saqlagan, masalan, Paygʻambarimizni dushmanlar suiqasdidan asragan, shuningdek, Arshni, osmonlar va yerni zavolga yuz tutishdan saqlab turadi.
Oyatdagi muhofaza qilish vaʼdasi avvalgi ilohiy kitoblarga nisbatan qoʻllangan boʻlishi ham mumkin. Chunki Alloh taolo avvalgi kitoblarni saqlashni oʻsha qavmlarning oʻziga topshirgan, ular esa buni uddalay olmagan edi. Oqibatda oldingi ilohiy kitoblar oʻzgartirib yuborilgandi. Qurʼonni saqlashni esa Alloh taolo Oʻz zimmasiga oldi.
Oyatning maʼno va maqsadiga qaralsa, u islomni barcha jihatlari bilan saqlashni oʻz ichiga oladi. Muqaddas dinimizning ikkinchi asosi boʻlgan hadislar ham shular jumlasidandir. Chunki Qurʼonni saqlashdan maqsad islomni muhofaza qilish ekan, u hadissiz toʻliq saqlanib qolmaydi.
Qurʼoni karimni muhofaza qilishdan asosiy maqsad bandalarning unga amal qilishidir. Musʼhafi sharifdagi koʻplab hukmlar umumiy va qisqa berilgan, ularni ularga hadis orqali batafsil tushungachgina amal qilish mumkin. Masalan, Alloh azza va jalla: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani oʻzlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu Qurʼon bilan birga uning “bayoni”ni – maʼnosini, tafsilotlarini, yaʼni hadislarni ham Alloh saqlanishini tasdiqlaydi.
Aynan shuning uchun ham ulugʻ imom Abdulloh ibn Muborak hadisning muhofaza qilinishiga mana shu oyatni dalil qilib keltirgan. U kezlarda uydirma hadislar koʻpayib ketgan edi. Bir kuni odamlar: “Bu toʻqilgan hadislar nima boʻladi?” deb soʻrashganida, u: “Ular uchun bilimdon mutaxassislar bor”, deb javob berib, “Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz” oyatini qiroat qilgan.
Bu bilan ulugʻ imom hadislar ham xuddi Qurʼoni karim kabi Alloh taoloning himoyasida ekanini tushuntirgan. Hadislar majmuidan tashkil topgan Sunnatni saqlash esa bilimdon muhaddis olimlar orqali amalga oshiriladi. Ular hadislarni ilm elagidan oʻtkazib, saralab, sahihini zaifidan, aslini uydirmasidan ajratib beradi. Islom tarixi davomida muhaddislar aynan shu ishni qildi va bu Allohning hadisni saqlash haqidagi vaʼdasining isboti boʻldi.
Sunnatning muhofaza qilinishiga boshqa dalillar ham bor.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning soʻnggi paygʻambar ekanlari, u zotning dini qiyomatgacha boqiy boʻlishi uchun islomning asosi boʻlgan hadislar ham saqlanishi shart.
Dinning mukammal qilingani Alloh taoloning “Bugun diningizni mukammal qilib berdim” [Moida surasi, 3-oyat] degan soʻzlari bilan sobit boʻlgan. Bu xitob qiyomatgacha boʻladigan barcha zamonlarga tegishli. Dinning mukammalligi esa hadislar saqlangandagina tamomiga yetadi.
Alloh Oʻz nurini batamom qilishi – “Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, oʻz nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir” [Tavba surasi, 32-oyat] oyati ham islomning barcha asoslari saqlanishini anglatadi.
Hadisning vahiy ekani bunday tasdiqlanadi. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Gunglar ogohlantirilgan vaqtda daʼvatni eshitmaslar” deng» [Anbiyo surasi, 45-oyat], degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni ham Qurʼon, ham hadis bilan ogohlantirganlar. Demak, hadis ham Qurʼon kabi vahiydir. Sunnatdan esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu soʻzlari dalil boʻladi: “Menga Qurʼon bilan birga uning mislicha berildi”.
Qurʼoni karimdagi koʻplab hukmlar umumiy boʻlib, ular hadislarda kelgan tafsilotlarga muhtoj. Sunnat muhofaza qilinmaganida, Qurʼon hukmlariga amal qilib boʻlmas edi.
Alloh taolo: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani oʻzlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu oyat ham hadisning saqlanishini taqozo qiladi, chunki tushuntiruvchi manba yoʻqolsa, Qurʼoni karimning maqsadi amalga oshmay qoladi.
Haq taolo bunday marhamat qilgan: «Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon koʻrguvchilardan boʻladir» [Oli Imron surasi, 85-oyat]. Bu hukm qiyomatgacha yashaydigan barcha insonlarga taalluqli. Ularning din boʻyicha hujjati toʻliq boʻlishi uchun u avvalo oʻsha avlodlarga toʻliq holida yetib borishi kerak. Islom dini esa hadissiz toʻliq yetib bormaydi. Demak, qiyomatgacha din saqlanishi uchun hadislar muhofaza qilinishi shart.
Hadisning ilohiy muhofazasi faraznamo taʼkid emas, balki olimlar, ayniqsa, hadis ilmi va roviylar boʻyicha mutaxassislar aniq biladigan hayotiy haqiqatdir. Islom ummati hadislarni saqlashga, toʻgʻrisini xatosidan ajratishga misli koʻrilmagan darajada katta ahamiyat bergan. Hadislarning mukammal saqlanganiga faqat bu ilmlardan bexabar boʻlgan johillar yo islomga zarar yetkazishni koʻzlagan gʻalamislargina shubha qiladi. Bu shubha zamirida aslida ilmiy-mantiqiy shubha-gumon emas, gʻaraz yotgan boʻladi.
Islom ulamolari yuqoridagilardan kelib chiqib, Sunnat ham xuddi Qurʼoni karim kabi Allohning himoyasida, degan xulosaga kelgan.
Imom Shofeiy taʼkidlaganidek, Sunnat ulamolar orasida toʻlaligicha saqlangan. Toʻgʻri, bir olim barcha hadislarni bilmasligi mumkin, lekin u bexabar boʻlgan rivoyatdan boshqa bir olim, albatta, boxabar boʻladi. Shu tariqa barcha olimlarning bilganlari jamlansa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari toʻla-toʻkis namoyon boʻladi. Hech bir hadis butunlay yoʻqolib ketmaydi.
Imom Ibn Hazm hadislarning Qurʼoni karim kabi Alloh tomonidan saqlanishiga bir qancha oyatlarni dalil qilib keltirgan. Avvalo aytish kerakki, u ham “Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz” oyatidagi zikr soʻzini barcha vahiylarga tegishli deb biladi.
Olimning fikricha, Qurʼon va hadislar bir-birini toʻldiradi. Ikkalasi ham Alloh taoloning huzuridan kelgani uchun ham shunday. Mana shundan kelib chiqib, ikkisidagi hukmlarga birdek itoat qilish lozim.
“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman”. Haq taolo insonlarni toʻgʻridan-toʻgʻri emas, paygʻambarlar orqali ogohlantiradi. Paygʻambarlar, xususan, Nabiy alayhissalom insonlarni nafaqat oyatlar bilan, balki hadislar bilan ham ogohlantirganlar. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari vahiydir. Vahiy (zikr) esa Qurʼondagi ilohiy vaʼda bilan muhofazaga olingan.
Alloh taolo bir narsani saqlashni oʻz zimmasiga oldimi, demak, u yoʻqolib ham ketmaydi, oʻzgarib ham qolmaydi. Dinning qaysidir bir jihati yoʻq boʻlib ketsa yoki u haq bilan botilni ajratib boʻlmaydigan darajaga tushib qolsa, ilohiy vaʼda quruq gap boʻlib qolar edi. Vaholanki, Qodir Parvardigordan Uning Oʻziga malomat keltiradigan kalom nozil boʻlishi har qanday mantiqqa ziddir.
Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din qanday boʻlgan esa, qiyomatga qadar shundayligicha qoladi. U zot aytgan dinga oid biror soʻz yoʻqolishi yoki unga bironta uydirma gap mutlaqo ajralmaydigan boʻlib aralashib qolishi aslo mumkin emas.
Yana bir muhim jihat shuki, Alloh taolo Musʼhafi sharifda namoz, zakot va haj kabi amallar qisqa tarzda aytilgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qurʼonni odamlarga tushuntirib berishni buyurgan. Eʼtibor bersak, ularning qanday bajarilishi faqat hadislar orqali maʼlum boʻladi. Bu koʻrsatmalar saqlanmaganida, ishonchli boʻlmaganida edi, din arkonlariga amal qilishning imkoni qolmas, farz amallar qatʼiy qoidalar asosida emas, pala-partish va betartib bajariladigan boʻlardi. Baʼzilari hatto bekor boʻlib yo unutilib, yoʻqolib ham ketishi ham hech gap emasdi.
Bu shuni anglatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning din borasida aytgan har bir soʻzlari Alloh taoloning himoyasida boʻlib, unga hech qachon yot narsalar ajratib boʻlmaydigan darajada aralashib ketmaydi.
Soʻz soʻngida xalq orasidagi “joʻn gap”ga ham murojaat qilsak. Islomda “Qurʼonda zikr qilingan narsa qiyomatgacha yoʻqolmaydi” degan tushuncha bor. Buning maʼnosi shuki, Qurʼoni karim muhofazada ekan, unda qayd etilgan narsalar kelgusi avlodlar uchun tushunarsiz, mavhum, unutilgan boʻlib qolmaydi, balki Musʼhafi sharifdek saqlanadi. Shunga muvofiq fikr yuritadigan boʻlsak, Qurʼoni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish – buyurganlarini bajarish, nimadan qaytargan boʻlsalar, ularni tark qilish – amri bor. Bu ilohiy amr ham – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari qiyomatgacha saqlanishini anglatadi. Negaki, Sunnat saqlanmasa, unga amal qilishni amr etishda maʼno va mantiq qolmasdi. Haq taoloning amri esa, boya taʼkidlanganidek, Uning Oʻziga malomat keltiradigan gap emas, balki ilohiy hikmatdir.
Nurmuhammad MATKARIMOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





