Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida yoshlar bilan ochiq muloqot, tajribani oʻrtoqlashish va ustoz-shogird anʼanalarini mustahkamlashga qaratilgan “Yoshlar bilan bir kun” aksiyasi tashkil etildi. Unda Markazning yosh xodimlari, Hadis ilmi maktabi talabalari hamda Markazda amaliyot oʻtayotgan yoshlar ishtirok etdi.


Tadbir mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosiga hamohang tarzda oʻtkazildi. Unda yoshlarning ilmiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning intellektual va maʼnaviy kamoloti uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha fikr almashildi.


Markaz direktorining oʻrinbosari O.Muhammadiyev, Ilmiy tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi M.Amonov, Ziyorat turizmini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Sh.Umarov hamda ilmiy xodim T.Evadullayev keyingi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar xususida soʻz yuritdi.
Jumladan, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini oʻrganish, xalqaro taʼlim dasturlarida ishtirok etish, startap tashabbuslarni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda Erasmus+ kabi xalqaro dasturlar orqali yoshlarning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishi va tajriba almashishi uchun yaratilayotgan qulayliklar alohida taʼkidlandi.

Tadbir davomida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, atroflicha javoblar oldi. Samimiy va ochiq muloqot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuv qatnashchilari Markazdagi Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan muzey eksponatlari hamda bu yerda amalga oshirilayotgan ilmiy va maʼrifiy ishlar bilan tanishdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





