Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 28-aprel kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti doktoranti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Nasriddin Mirzayev “Ashtarxoniylar davrida hadis ilmiga doir manbalar talqini” mavzusida maʼruza qildi.


Seminarda Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi, OʻzFA Sharqshunoslik instituti, Toshkent islom instituti olimlari, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchilari va talabalari, shuningdek, Turkiya va Qozogʻistondan tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Anjumanda Ashtarxoniylar davrida Movarounnahr ilmiy muhitining ilgari jamoatchilikka keng maʼlum boʻlmagan jihatlari ochib berildi. Qayd etilganidek, u kezlarda Buxoro ilm-fani lokal doirada chegaralanib qolmagan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi fondi va Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan saksondan ortiq nodir qoʻlyozma (xususan, “Mishkotul masobih” asari) geografiyasi buni yaqqol isbotlaydi. Ular orasida Shohjahonobod, Lohur, Dehli va Kashmirda koʻchirilib, keyinchalik Buxoroga keltirilgan nusxalar talaygina. Bu esa oʻsha davrda Oʻrta Osiyo va Hindiston (Boburiylar) oʻrtasida faol ilmiy almashuv boʻlganidan dalolat beradi.

N.Mirzayev vaqf hujjatlarining oʻziga xos huquqiy kuchiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Mirakon va Mirzo Ulugʻbek madrasalariga oid vaqfnomalarda kitoblarni saqlash va ulardan foydalanish shartlari qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Eng qiziqarlisi vaqf daromadlarining taqsimlanish tizimidir. Masalan, Mavlono xonaqohi vaqfnomasiga koʻra, tushgan mablagʻning bir qismi xatib va imomlardan tashqari, muhtojlar uchun bepul osh-ovqat tayyorlash (ijtimoiy taʼminot) va oshpazlar xizmati uchun ham ajratilgan. Shuningdek, vaqf mulklarini saqlashda qatʼiy antikorrupsion qoidalar amal qilgan — deylik, mutavallilarga vaqf hosilidan biror bahona bilan qoʻshimcha haq olish taqiqlangan.
Seminarning yana bir diqqatga sazovor qismi — ijoza anʼanasining talqini boʻldi. 1088/1678-yilga oid nodir ijozanoma misolida hadis ilmida ustoz-shogird munosabatlari va maʼlumotning aniqligi qanday taʼminlangani koʻrsatib berildi. Shogird ustozining darsida qatnashib, nafaqat tinglagan, balki oʻz qoʻlyozmasini ustozining asl nusxasi bilan soʻzma-soʻz solishtirib borgan (muqobala) va pirovardida toʻliq tasdiqlatib olgan. Bu jarayon ilmiy omonatdorlikni, matnning yuqori darajadagi aniqligini kafolatlagan.

Seminar yakunida tadqiqotchi bunday xulosani bayon etdi: Ashtarxoniylar davri ilmiy muhiti yopiq boʻlmagan, aksincha, u Rum (Anatoliya), Eron va Markaziy Osiyoni bogʻlagan global tarmoqning faol markazi sifatida maydonga chiqqan.
Ishtirokchilar olimning maʼruzasida keltirilgan maʼlumotlarni yuqori baholab, bunday tadqiqotlar milliy oʻzligimizni anglash va boy maʼnaviy merosimizni dunyoga tanitishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





