Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tashkil etilgan “Movarounnahrda islom sivilizatsiyasining shakllanishi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ikkinchi kuni ham qizgʻin ilmiy bahslar va dolzarb maʼruzalarga boy boʻldi. Olimlar Movarounnahr ilmiy maktablarining jahon tamaddunidagi oʻrnini zamonaviy talqinlar asosida tahlil qilib, tafsir ilmi, madaniy hamkorlik va Imom Buxoriy merosidagi umuminsoniy qadriyatlarning ahamiyatini atroflicha ochib berdi.


Anjumanning eng eʼtiborli jihatlaridan biri – islom tadqiqotlarida raqamli texnologiyalardan foydalanish masalasi boʻldi. Xususan, sunʼiy intellektning ilmiy-tahliliy salohiyati va real imkoniyatlari haqidagi munozaralar nodir qoʻlyozmalarni oʻrganish hamda manbashunoslik yoʻnalishida yangi ufqlarni ochib berdi. Bu sohada metodologik yondashuvlarni yangilash va innovatsion vositalardan unumli foydalanish kelgusi tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishi sifatida eʼtirof etildi.


Shuningdek, tadbir davomida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Najmiddin Kubro singari buyuk allomalarning asarlarini oʻrganish boʻyicha eng yangi ilmiy izlanishlar taqdim etildi. Yakuniy bosqichda Oʻzbekiston va xorijlik yosh olimlarning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan muhim tavsiyalar qabul qilindi.

Shu bilan nufuzli xalqaro anjuman oʻz ishini muvaffaqiyatli yakunladi. Faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Ikki kunlik xalqaro muloqot Samarqandning jahon ilm-fani va madaniyati markazi sifatidagi maqomini yana bir bor namoyish etdi. Nafaqat tarixiy haqiqatlarni tiklash, balki islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini targʻib qilishda ulkan ahamiyat kasb etgan ushbu konferensiya xulosalari soha tadqiqotlarini tizimli davom ettirishda muhim dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





