26-mart kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda R.Sulaymonov nomidagi Sharqshunoslik instituti (Qozogʻiston) boʻlim mudiri, doktor Bagdat Dyusenov maʼruza qilib, “Qurʼon lugʻatlari, “Muqaddamatul adab” va mamluklar davri lugʻatshunosligi: shakl va mazmun uzviyligi” mavzusini atroflicha yoritib berdi.

Seminar odatdagidek mahalliy va xorijiy ilmiy doiralar vakillarining katta guruhini bir davraga jamladi – unda IRCICA olimlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari, Oriyental universtiteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti shuningdek, Turkiya va Qozogʻistondan tadqiqotchilar faol ishtirok etdi.

Maʼruzachi arab, fors va turkiy tillar oʻrtasidagi chambarchas bogʻliqlikni oʻrta asr lugʻatlari misolida chuqur tahlil qildi. Sharq qoʻlyozmalari boʻyicha mutaxassis sifatida asosiy eʼtiborni Qurʼon tilshunosligiga qaratdi. Olimning taʼkidlashicha, musulmon Sharqida lugʻatchilik anʼanalari avvalo Musʼhafi sharifni toʻgʻri tushunish, undagi nodir soʻzlar va nozik iboralarni sharhlash ehtiyoji asosida shakllangan.

Maʼruzaning markaziy qismi mamluklar davrida yaratilgan arabcha-turkcha (qipchoqcha) lugʻatlarga bagʻishlandi. Ular nafaqat til oʻrganish vositasi, balki oʻsha davr ijtimoiy-siyosiy va madaniy muhitini aks ettiruvchi muhim manba sifatida baholandi. Xususan, “Kitobul idrok”, “Tuhfatuz zakiya”, “Durratul mudiya” kabi asarlar orqali qipchoqlar tilining rivoji, uning arab tili bilan oʻzaro integratsiyasi yoritib berildi.
Doktor Dyusenov ayniqsa lugʻat tuzish uslublariga alohida urgʻu berdi. Soʻzma-soʻz tarjima usuli – har bir arabcha soʻz ostiga uning turkiy yo forsiy muqobilini yozish anʼanasi oʻrta asrlarda keng qoʻllanganini taʼkidladi. Bu uslub nafaqat til oʻrganishni osonlashtirgan, balki lugʻatlarning oʻziga xos ilmiy shakl sifatida shakllanishiga ham xizmat qilgan.
Maʼruzadagi yana bir muhim jihat turkiy tillar tarixi va ularning tasnifi masalasi boʻldi. Olim bu borada qadimgi va oʻrta turkiy yodgorliklarni qarluq, oʻgʻuz va qipchoq guruhlariga ajratgan holda tahlil qildi. Mashhur alloma bobomiz Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatul adab” asari Oltin Oʻrda davrida qipchoq tilida qayta ishlangani tillararo aloqalar yuqori darajada boʻlganidan dalolat berishi taʼkidlandi.
Soʻzi yakunida maʼruzachi qadimgi lugʻatlar shunchaki soʻzlar jamlanmasi emas, balki xalqlar oʻrtasidagi ilmiy va maʼnaviy aloqalarni aks ettiruvchi koʻp qirrali tarixiy hujjat ekani haqidagi ilmiy xulosani ilgari surdi. Bu mazmundagi fikrlar “kuluarcha stil”da (anjumanlarning oʻzida emas, tanaffuslar chogʻida) koʻp aytilgan boʻlsa-da, rasmiy ilmiy anjumanda kamdan-kam holda tilga olinadi. Garchi, mutlaq haqiqat ekani inkor etilmasa-da.
Taqdim etilgan maʼruza orqali til va tarix, ilm va taraqqiyot chambarchas bogʻliqligi, ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy merosning naqadar boy va serqirra ekani yana bir bor namoyon boʻldi.
Onlayn uchrashuv yuqori ilmiy saviyada oʻtgani qayd etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





