Home / MAQOLALAR / Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgan livanlik olim Shayx Nadimning xotiralari

Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgan livanlik olim Shayx Nadimning xotiralari

Shayx Nadim Jisr 1956-yili Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib boʻlgach, olam-olam taassurotlar bilan yurtiga qaytib ketadi. Zotan, u ishonchlilik jihatidan Qurʼoni karimdan keyingi oʻrinda turuvchi asar – “al-Jome as-Sahih”ning muallifi, moʻminlarning hadis ilmidagi amiri degan sharafli maqom egasi boʻlmish Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qilishdek baxtga musharraf boʻlgan edi. Uning bu tarixiy ziyorati haqida yozgan adib Xurshid Davron maqolasini quyidagi satrlar bilan yakunlaydi: “Vataniga qaytgan Shayx Nadim ¬Jisr yana uzoq yillar muftiy boʻlib xizmat qiladi, talay kitoblar tasnif etadi. U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yoʻqmi, afsuski, bexabarmiz”.

Ulu muhaddisga baishlangan asar

Adibning mazkur satrlari bizni Shayx Nadim Jisrning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishishga undadi. Izlanishlar natijasida ayon boʻldiki, u Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib qaytganidan soʻng “Imon qissasi: falsafa, ilm va Qurʼon oʻrtasida” nomli asarni yozgan. Bu asarning birinchi nashri 1961 yilda, ikkinchisi 1962 yilda va uchinchisi 1969-yilda dunyo yuzini koʻrgan. Unda Shayx Nadim Jisr Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi asnosida uning vujudini chulgʻab olgan ruhiy kechinmalar ijodiy obrazlar – Shayx Mavzun Samarqandiy va shogirdi Hayron ibn Azʼaf Panjobiy oʻrtasidagi falsafiy muloqot tarzida bayon qilingan. Ulamolar fikricha, bu asar arab islom olamini mahv etishga qaratilgan dahriylik toʻlqiniga qarshi kurashishning ilmiy-falsafiy loyihasi sifatida yozilgan.

Mazkur asardagi Imom Buxoriy qabrining ziyorati bilan bogʻliq sahifalarni eʼtiboringizga havola etmoqchimiz.

Bolalik xotiralar

Bolalik yillarim shahrimizdagi Taynol masjidida oʻtgan. U shaharning chekkasidagi xushboʻy va maftunkor bogʻlarimizdan birining ichida joylashgan. Mening bolalik xotiralarim bilan bogʻliq qadrli onlar aynan oʻsha yerda oʻtgan.

U yer menga hayit kunlarining salqin tonglarini eslatib turadi. Oʻsha kezlarda otam quyosh chiqishidan oldin meni ergashtirib, masjid yonida joylashgan qabristondagi marhumlarimizni ziyorat qilishga olib chiqar, keyin masjidda iyd namozini oʻqir edi. Oʻshanda men masjid hovlisidagi quduq va hovuz oʻrtasida joylashgan daraxt tagida oʻynar edim. Otam bir guruh qariyalar qurshovida oʻz xonasida oʻtirar, ular uning soʻzlariga quloq solib turar edi. Ana u qoʻshaloq zinapoyali minora ham menga bir nimalarni eslatib turadi… biz masjid hovlisi tarafdan kirib unga koʻtarilar va bir zumda oʻzimizni haramning ichida koʻrar edik.

Bu masjid menga allaqachon vafot etib ketgan va qalbimning tubini ezib turadigan davomli xafalikni qoldirgan ana shu kishilarning barchasini eslatib turadi. Shu bois qachon Taynol masjidiga qaytsam, bu xotiralar temir va olovli panjalari bilan mening ezilgan qalbimni yana tirnay boshlaydi.

Kunlar, kunlar ortidan yillar oʻtdi. Biz mahallamizdan uzoqlashdik, masjiddan olislarga ketdik. Borib-borib, shaharni butunlay tark etdik. Uzoq yillik musofirlikdan soʻng yana unga qaytdik. Taynol masjidiga boʻlgan sogʻinchim meni u tomonga yetaklab keldi. Bir kuni choshgoh vaqti namozxonlar yoʻqligida masjidga keldim. Bolaligimda oʻynab oʻtkazgan joylarni aylanib chiqdim. Oʻtmish xotiralarimning barchasini koʻz oldimdan oʻtkazdim va… uzoq yigʻladim.

Xartanglik musofir

Jimlik qaʼriga gʻarq boʻlib, masjidning viqorli minoralaridan taralayotgan yigʻiga oʻxshash ovoznigina eshitib turar ekanman, banogoh masjidning sharqiy qismida joylashgan xona ichidan bir ovoz keldi. Keyin xonaning eshigidan soch-soqoli oppoq, koʻrinishi salobatli, sipo kiyingan bir qariya chiqib, mening oldimga keldi. Salom bergach, yonimga oʻtirdi va “Birodar, nega yigʻlayapsiz?” dedi. Men: “Otamning davrida mana shu masjid ichida oʻtgan bolalik yillarimni eslab”, dedim. U: “Otangiz kim?” dedi. Men otamning ismini tilga olar-olmas uning badani titrab ketdi. Koʻz yoshlarga toʻla nigohlari bilan menga tikilib qaradi va: “Otangiz Shayx Jisrmi?” deb soʻradi. Men: “Ha. Hazrat, oʻzingiz kimsiz?” dedim. U bunday dedi: “Men aslida uzoqdan – Misrdan kelganman. Yarmi Shom diyoriga, yarmi Hijozga tarqalib ketgan “Oli Moiy” qabilasidanman. Taqdir bobomni Hijozdan Hindistonga yetaklab kelgan va u shu yerda yashab qolgan. Ismim Hayron ibn Azʼaf Panjobiy”. Men: “Hindistondan bu yerga nima uchun keldingiz?” dedim. U: “Men Hindistondan kelmadim, Samarqanddan, toʻgʻrirogʻi Samarqanddagi Xartang qishlogʻidan keldim”, dedi. Men: “Shuncha olis yerdan bizning diyorimizga nima uchun keldingiz va bu masjidda istiqomat qilib turganingizga sabab nima?” dedim. U: “Otangizni ziyorat qilish uchun yurtingizga bir kirib oʻtay dedim”, dedi. Men unga hayrat bilan tikilib qoldim. Chunki otam ancha yillar oldin vafot etib ketgan edi. U bunday dedi: “Hayron boʻlmang. Men Hijozga ketayotib, uning qabrini, shayxim menga taʼriflab berib va otangiz unda dars berganini aytib suyukli qilib qoʻygan mana shu masjidni ham ziyorat qilish uchun keldim. Namozxonlar menga otangiz oʻzining xos xonasi qilib olgan mana shu xonani koʻrsatishdi. Bu masjid hayotimning eng totli va qadrli onlari oʻtgan “Xartang” masjidiga juda oʻxshab ketar ekan. Shu bois shayximni Alloh yoʻliga boshlab qoʻygan kishi yashagan mana shu joyda haj mavsumi boshlanguncha bir necha kun qolib, Allohga ibodat qilishni ixtiyor qildim”.

Men: “Xojam, shayxingiz kim?” dedim. U: “Samarqand ulamolaridan Shayx Abu Nur Mavzun rahimahulloh”, dedi. Men: “Kunlaringizni ibodat bilan oʻtkazyapsizmi?” dedim. U: “Hozir ha, ammo oldin zalolatda yurgan vaqtim va qanday qilib imon keltirganim haqidagi qissani yozayotgan edim. Uni menga shayxim Mavzun aytib turgan. Otangiz rahimahullohni shu orqali taniganman”, dedi. “Zalolatda yurgan va imonga kelgan kunlaringiz haqidagi hikoya nimalardan iborat?” dedim. “Buning tarixi uzun, Xudo oson qilsa, uni odamlar oʻqishi uchun nashr qildiraman”, dedi.

U shunday dedi-yu, qabrlari bor xonaga kirib ketdi. Birozdan soʻng katta bir daftarni olib chiqib, oldimga qoʻydi: “Bu – shayx Mavzun aytib yozdirgan gaplar, men unga biron bir qoʻshimcha qoʻshmagan holda chiroyli qilib koʻchirib chiqdim”. “Bu katta kitob ekan. Uni oʻqish uchun uyimga olib borib, ikki kundan keyin sizga qaytarib bersam maylimi?” dedim. U: “Turkchani bilasizmi?” dedi. Men: “Ha, uni juda yaxshi bilaman”, dedim. U: “Bu kitobim mendan sizga hadya. Unda otangizning kitobidan qisqartirib olishni rejalashtirgan mavzu, shuningdek, zalolatda yurgan va imonga kirgan kunlarim bilan bogʻliq tafsilotlar barchasi bayon qilingan. Uni olib arab tiliga tarjima qiling, chop ettirib odamlarga tarqating. Buning uchun sizdan haq soʻramayman. Ammo ulugʻ Allohdan soʻraganim shuki, bu ishimni Oʻzining roziligi uchun xolis qabul etsa va odamlar uchun foydali qilsa. Vafot etib, amallarim toʻxtaganidan soʻng menga ham foydasi tegadigan bir amal boʻlsa…”.

Imom Buxoriy ziyorati

Boyagi odam bir necha kundan soʻng Hijozga safar qildi. Men esa kitobni tarjima qilishga kirishdim va bu bir necha yil davom etdi. Keyin zamona zayli bilan Toshkentga safar qiladigan boʻlib qoldim. Eng buyuk maqsadim – Imom Buxoriy roziyallohu anhuning qabrini ziyorat qilish, undan soʻng Hayron ibn Azʼaf bilan uchrashib, tarjima qilingan kitobni uning oʻziga koʻrsatish edi. Bu ishda menga mamlakatning eng katta muftiysi, otamning doʻstlaridan biri boʻlmish solih, obid, zohid va avliyo zot Boboxon rahimahullohning oʻgʻli oliyjanob va muruvvatli zot Shayx Ziyouddin yaqindan yordam berdi. U Xartangga borish haqidagi niyatimni bilgach, Samarqandga, u yerdan Xartanggacha menga hamrohlik qildi.

Oʻsha yerda masjid xodimidan surishtirib bildimki, Hayron ibn Azʼaf haj ibodatini ado qilish uchun Makkaga joʻnab ketgan va oʻsha yerlarda qazo qilgan. Biz Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qildik. Marqadi ustida bir muddat tik turib qoldik. Yon-atrofga boqib, masjidning Hayron rahimahulloh menga taʼriflab berganidek Taynol masjidiga oʻxshab ketadigan jihatlari borligiga guvoh boʻldim: Bogʻ-rogʻlar ichida bir oʻzi qad rostlab turibdi. Imom Buxoriyning qabri kichkina bogʻ ichida, soyali daraxt tagida oʻz holicha  ajralib turibdi… atrofi oʻralmagan, hyech qanday bezak berilmagan va suvalmagan.

Men Hayron va ustozi dars oʻqigan kichkina xonaga kirdim. Koʻrdimki, uning oʻzi menga taʼriflab berganidek, u Imom Buxoriyning qabriga qarab solingan edi.

Shayx Nadim orzu qilgan majmua

Taniqli adibimiz Shayx Nadim Jisrning Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi haqidagi maqolasini “U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yoʻqmi, afsuski, bexabarmiz”, deb tugatganidek, bizda ham, afsuski, javobsiz bir savol paydo boʻldi: Shayx Nadim Jisr hozir hayot boʻlib, Imom Buxoriyning muborak qabrini ziyorat qilish uchun kelganida, bugungi holatni koʻrib nima degan boʻlar edi? Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tarafidan ilgari surilgan tashabbus – Imom Buxoriy mangu qoʻnim topgan maskan uning islom olamidagi mavqyeiga munosib boʻlishi zarur, degan maqsad ortidan qad koʻtargan mahobatli majmuani koʻrib, qanday holatga tushar edi? Oʻzi taʼriflaganidek, 1956 yillarda “kichkina bogʻ ichida, soyali daraxt tagida oʻz holicha  ajralib turibdi… atrofi oʻralmagan, hyech qanday bezak berilmagan va suvalmagan”, xullas, tashlandiq holga kelib qolgan qabr va u bilan tutash maskanda bunyod etilgan ulkan ziyoratgohni, balki kattayu kichik ziyoratchilar uchun ilm-maʼrifat, tarbiya va maʼnaviyat maskaniga aylantirilganini koʻrib, uni eʼtirof etgan boʻlmasmidi?

Alouddin NEʼMATOV,
Imom Buxoriy xal
qaro ilmiytadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: zarnews.uz

Check Also

Sadaqaning 63 ta foydasi

SADAQAning 63 ta FOYDASIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: Kalomulloh – Qurʼoni karimning muborak oyati karimalaridan va …