Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. Oʻzini Ahmad deb tanishtirib, qoʻlimga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli oʻtsin. Mening vazifam — sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi — halol xizmat ila yetkazish”.
Yoʻlda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.
— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:
— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin koʻpchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolgʻon gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.
— Keyin nima boʻldi?
— Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi koʻp narsa tanlovimga bogʻliq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim koʻp, koʻnglim xotirjam boʻladi. Oson yoʻlni tanlasam — pul boʻlishi mumkin, lekin baraka boʻlmaydi. Shunda oʻzimga soʻz berdim: endi ishimni halol qilaman. Yoʻlni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni oʻgʻirlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman. Natijasini Alloh koʻrsatdi. Birinchi yilning oʻzida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa toʻrt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar oʻzlari menga qoʻngʻiroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.
Bu soʻzlar meni oʻyga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qoʻyiladigan eng toʻgʻri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





