Home / MAQOLA / IKKI NAMOZNI QOʻSHIB OʻQISH – NOZIK MASALA bu borada ulamolar nima deydi?

IKKI NAMOZNI QOʻSHIB OʻQISH – NOZIK MASALA bu borada ulamolar nima deydi?

Ikki farz namozni qoʻshib, yaʼni oldinma-ketin oʻqish masalasi fiqhda muhim va ixtilofli mavzulardan hisoblanadi.

Baʼzilar “Ikki namozni yomgʻir paytida, safarda boʻlmay turib ham masjidda jamlab oʻqisa boʻladi. Yomgʻir yogʻayotganda masjidga borish qiyin boʻlib qolsa, asr bilan peshin, shom bilan xufton qoʻshib oʻqib ketilaveradi. Bu sunnatda bor narsa – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yomgʻir sababli jamlaganlar” degan vaj bilan yopiq, issiq, har tomonlama qulay sharoitlari boʻlgan hozirgi masjidlarga toʻgʻri kelmaydigan gaplarni aytmoqda. Qolaversa, bu haqdagi masalalarni hadis va fiqhiy dalillar bilan toʻliq ochiqlab bermayapti.

Ikki namozni uzrli sabablar bilangina qoʻshib oʻqish mumkin. Bu sabablar sharʼiy boʻlishi kerak. Bu xususda ulamolar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislariga va sahobalarning amallariga tayangan holda fikr bildirgan. Hammasining oʻz dalillari bor va har kim oʻz mazhabiga koʻra amal qilishi toʻgʻri boʻladi.

Shofeiylardan Imom Qaffol Shoshiy sharʼiy sabab boʻlganda ham har vaqt qoʻshib oʻqishni odat qilib olish durust emasligini aytgan. Ulamolar ana shu fikr boʻyicha ixtilof qilgan.

Shofeiy, hanbaliy va molikiylar musofirlik, yomgʻir, qor, qattiq sovuq, bemorlik kabilarni uzrli holat sanagan. Shuning uchun hadis va xabarlarga asoslanib, ikki namozni qoʻshib oʻqish mumkinligini aytgan. Lekin shu uch mazhab yondashuvi orasida ham ixtiloflar bor.

Hanafiylar “Albatta, namoz moʻminlarga vaqtida farz qilingandir” (Niso surasi, 103-oyat) oyatiga binoan, har bir namozni vaqtida oʻqish shart, degan. Ikki namozni qoʻshish uchun musofirlik ham, kasallik ham, yomgʻirli kunlar ham, boshqa sabablar ham uzrli boʻla olmaydi. Faqat haj payti Arafot maydonida – peshin bilan asr, Muzdalifada – shom bilan xufton qoʻshib oʻqiladi. Mana shuning borasida barcha mazhablar ittifoq boʻlgan. Shofeiy, hanbaliy va molikiy ulamolar hajda bir kun namozlarni qoʻshib oʻqishga sabab musofirlik ekanini aytgan. Shuning uchun bu mazhablarda boshqa safarlar chogʻida ham qoʻshib oʻqish mumkin. Hanafiylarda esa, sabab musofirlik emas, hajdir. Boshqa oʻrinlar uzrli hisoblanmaydi.

Hanafiylarning namozlarni qoʻshib oʻqimaslik fikri sahobalardan Abdulloh ibn Masʼud, Saʼd ibn Abu Vaqqos, Ibn Umar roziyallohu anhum, tobein va tabaa tobeinlardan Ibn Sirin, Sufyon Savriy, Umar ibn Abdulaziz, Solim rahimahumulloh kabilarning fiqhiy qarashlaridan olingan.

Hanafiylarga koʻra, musofirlik, yomgʻirli kun kabi holatlarda qoʻshib oʻqish mumkin emasligi aytildi. Boshqa jihati ham bor: lekin suratda jam qilish, yaʼni birini (shu namoz vaqtining) oxirida, ikkinchisini boshida oʻqib, vaqt jihatidan yaqinlashtirish mumkin. Chunki peshinning vaqti chiqishi bilan asrning, shomning vaqti chiqishi bilan xuftonning vaqti kiradi.

Mazhablarning bu haqdagi hadislarga boʻlgan qarashlari haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtsak. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan sahih hadisda bunday deyilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh zavolidan (tikkaga kelishidan) oldin yoʻlga chiqsalar, peshinni asr vaqtigacha kechiktirar, soʻng tushib, ikkovini qoʻshib oʻqirdilar. Agar yoʻlga tushishdan avval quyosh zavolga yuz tutgan boʻlsa, peshinni oʻqib, soʻng ulovga minardilar” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyat qilgan). Bu hadisdan hanafiylar peshinning oxirgi vaqti bilan asrning boshlanishini tushuntiradi. Qolgan mazhablar peshin oʻtib ketib, asr vaqti kirganda oʻqiganlar, deb tushungan.

Said ibn Jubayrdan rivoyat qilinadi: “Ibn Abbos: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinada hech qanday xavf va yogʻin-sochin boʻlmasa ham peshin bilan asrni hamda shom bilan xuftonni jamladilar”, dedi”. Vakeʼning rivoyatida bunday: “Ibn Abbosga: “Nega unday qilganlar?” desam, “Ummatlarini qiynamaslik uchun”, dedi”. Abu Muoviyaning rivoyatida aytiladi: “Ibn Abbosga: “Bundan nimani iroda qilganlar?” desam, “Ummatlarini qiynamaslikni istaganlar”, dedi”.

Hanafiylardan boshqalar hadisdagi “yogʻin-sochin boʻlmasa ham” degan jumladan kelib chiqib, “u zotning davrlarida yomgʻirda namozni birlashtirib oʻqish maʼlum boʻlgan. Bunday boʻlmaganida, birlashtirib oʻqish uchun asosli sabab sifatida yomgʻir inkor etilmasdi” degan. Hanafiylar bunday tushuntiradi: Ibn Abbos roziyallohu anhumoning gapidagi jamlash jamoat bir toʻplanganda ikkala namozni ham oʻqib olishdir. Bir namoz boshqa namozning vaqtida oʻqilmaydi, balki ular bir-biriga yaqin vaqtda oʻqiladi. Masalan, peshin oʻzining oxirgi vaqtida, asr oʻzining boshlanish paytida oʻqiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu bilan namoz vaqtlarining kengligini oʻrgatganlar va Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganidek, ummatlariga yengillik berishni istaganlar. Bu hadis hanafiy mazhabi ulamolarining “suratda jam” deb aytgan fikrlarini tasdiqlaydi va sahobai kiromlar odatda bir toʻplanganda ikki namozni oʻqib olishni ham “jamlash” deb ataganini koʻrsatadi.

Bu fikrni quyidagi hadis ham qoʻllab-quvvatlaydi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga sakkiz (peshin va asr) hamda yetti (shom va xufton)ni qoʻshib oʻqidim”. (Roviy Sufyon ibn Uyayna) Amr aytadi: “Ey Abu Shaʼso (Jobir ibn Zayd), menimcha, u zot peshinni kechiktirib, asrni tezlashtirganlar, shomni kechiktirib, xuftonni tezlashtirganlar”, dedim. U: “Men ham shunday deb oʻylayman”, dedi” (Muslim rivoyati).

Hadis ilmi keng, chuqur va nozik ilmdir. Bu ilm oʻzida bir qancha ilmlarni jamlagan. Shu ilmlardan uzoq boʻlganimiz uchun falonchi bunday deb xato qilgan, deymiz. Allomalar bu ilmlarning barchasini atroflicha oʻrgangan va oʻz ijtihodini bayon qilgan. Biror mazhabning yoʻlini qoralab boʻlmaydi. Har kim oʻzi yashab turgan joydagi musulmon jamoasi bilan boʻlsa, fitna va buzgʻunchiliklardan yiroq boʻladi.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Mehnat — ibodatning eng ulugʻ koʻrinishi

Dinimizda kasb-hunar egallashga intilish va ishtiyoq qadrlanadi va kishining oʻz qoʻli bilan qilgan mehnati Parvardigoriga …