Tarixdan maʼlumki, yurtimizda hamisha ijtimoiy hamkorlik ruhi va bagʻrikenglikni targʻib etuvchi qadriyatlar ustuvor boʻlib kelgan. Bagʻrikenglik tushunchasi turli eʼtiqoddagi din vakillarining bir diyorda hayot kechirishiga, millati va dinidan qatʼiy nazar ularning chin insoniy fazilatlarga xos muomalada boʻlishi tushuniladi. Bu esa, oʻz navbatida, yurt tinchligi va taraqqiyotiga, umuminsoniy madaniyat va maʼnaviyat rivojiga xizmat qilib kelmoqda.
Diniy bagʻrikenglik turli din vakillari bilan oʻzaro tinch-totuv yashashni anglatadi. Har kim oʻz eʼtiqodiga amal qilishda erkin boʻlgani holda bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini bilishi lozim. Yurtimizda oqilona diniy bagʻrikenglik siyosati olib borilmoqda. Shu sababli mamlakatimizda islom dini bilan bir qatorda, 16 diniy konfessiyaga mansub tashkilotlar emin-erkin faoliyat koʻrsatmoqda. Fuqarolarning millati, irqi, dinidan qatʼi nazar, barcha uchun teng huquqlar qonun orqali kafolatlangan. Yurtimizga tashrif buyurayotgan turli millat vakillari buni oʻz koʻzi bilan koʻrib, amin boʻlmoqda.
Islom dini ham ilk davridayoq bagʻrikenglik dini sifatida namoyon boʻlgan. Muruvvatlilik, ochiq yuzlilik, boshqa din vakillari bilan chiroyli muomalada boʻlish va ularga ehtirom koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratgan. Bu xususda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ey moʻminlar), sizlar Ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilinglar…”[1]. Mazkur oyatda Alloh taolo boshqa din vakillari bilan chiroyli uslubda muomala qilishga buyurmoqda.
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillariga nisbatan bagʻrikeng munosabatda boʻlish, ularning eʼtiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishning oliy namunasini koʻrsatibgina qolmasdan, biz insonlarni ham hamisha ana shu yoʻldan borishga daʼvat qilganlar. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib: “Kim ahdlashgan boshqa din vakilini oʻldirsa, jannat hidini ham hidlamaydi. Vaholanki, jannatning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi”, deganlar. Musulmonlarning asrlar osha oʻzga din vakillariga nisbatan bagʻrikeng munosabatda boʻlishiga asosiy sabab, ilohiy taʼlimotga ogʻishmasdan amal qilganidir. Alloh taolo Qurʼoni karimda musulmonlarga xitob qilib bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! Alloh uchun haqda turing, adolatli guvoh boʻling. Bir qavmni yomon koʻrishingiz sizni ularga nisbatan adolat qilmaslikka olib bormasin. Adolat qiling. Bu taqvoga oid ishdir. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh qilayotgan amalingizdan xabardor zotdir”[2].
Islomda kechirimli boʻlish, bagʻrikenglik maqtalgan xislatlardandir. Alloh taolo Paygʻambari va moʻmin – musulmon bandalarga shu sifatlar bilan ziynatlanishlikka amr etgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz oʻgiring!”[3]. Afvni (qabul qilib) oling. Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo loyiq boʻlsa ham, uni lutf ila jazolamaslik. Kechirimli va sabrli boʻlish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ulamolarimiz “Afv” soʻzini “bagʻrikenglik bilan oʻzgalarning uzrini qabul qilish, ogʻirlikni oʻziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish” deya izohlagan. Imom Tabariy rahmatullohi alayh bunday degan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni soʻragan ekanlar. Shunda Jabroil alayhissalom: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, soʻzlari va feʼllarida ham bu xulq ila ziynatlangan edilar, boshqalarni ham kechirimli boʻlishga undardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kofirlarni islom dinini qabul qilishga qiziqtirsalar-da, ammo ularni bunga hech qachon majbur qilmaganlar. Balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam goʻzal axloqlari va bagʻrikengliklari ularning islomga kirishiga sabab boʻlgan. Bu esa, u zotning xushmuomalaliklari, muloyim va rahmdilliklarining sharofatidir. U zot: “Odamlarga rahm qilmaganga Alloh rahm qilmaydi”, deganlar. Bu yerda faqat musulmonlarga emas, balki butun insoniyatga rahm – shafqatli boʻlishga chaqirilmoqda.
Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida: “Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi asos – insoniylikdir”[4], degan fikrlaridan ham rahmdillik, kechirimlilik, naqadar ulugʻ fazilat ekanini anglash mumkin.
Demak, milliy qadriyatlar va islom dini odamlarni doimo bagʻrikeng hamda kechirimli boʻlishga chorlaydi. Zero, jamiyat turli ijtimoiy qatlamlardan iborat boʻlgan hozirgi davrda bagʻrikenglikning oʻzaro hurmat va eng yuksak insoniy qadriyatlarga asoslanishi jamiyatda totuvlik va hamjihatlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning muhim omili hisoblanadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





