Taqdir taqozosi bilan chet davlatlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz Vatanni sogʻinib, ota-ona, qarindosh-urugʻ, doʻst-birodar, qoʻyingki, barcha vatandoshlarning issiq taftini qoʻmsashi shubhasiz. Ularning qalbidan oʻtadigan hislarni soʻzlasa – soʻzidan, soʻzlamasa – koʻzidan anglash qiyin emas.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Tohir Evadullayev shu kunlarda sogʻligini tiklash uchun Hindistonda davolanyapti. Bir necha oydan buyon Vatandan olisda yashayotgan doʻstimiz Alloh taoloning fazlu marhamati bilan dardni yengdi, ammo furqat kulbasidan chiqib, jannatmakon yurtiga qaytish uchun shifokorlardan hozircha ijozat yoʻq. Kasallik bir yon – hajr bir yon ekan. Qalbini oʻrtayotgan sogʻinch nazm chashmasidan suv ichib, qogʻozga toʻkilibdi.
Quyida uning qalb izhorini oʻquvchilar eʼtiboriga havola etishga jazm qildik.
VATAN SOGʻINCHI
Qismatda bor ekan xastalik biroz,
Barchasi Rabbimdan, etmam eʼtiroz.
Biroq ne qilayin, Vatan sogʻinchi
Qalbimni oʻrtaydi kun sayin boz-boz.
Ketmadi koʻzlarim oldidan bir zum –
Bolaligim oʻtgan mahallam, uyim,
Ota-onam, farzand, qarindoshlar-u
Vatan ichidagi Vatan – Urgutim.
Barchasi taqdirda bitilgan beshak,
Nolisam, nodonlik boʻlur begumon.
Yil boʻyi kutganim, mohi sharifim,
Hindistonda oʻtdi shahri Ramazon.
Tarovih, xatmda turmasam-da gʻoz,
Tark etmadim zikr, duo-yu namoz.
Yurt, seni qoʻmsadim har dam, har onim,
Doimo tinch boʻlgin, Oʻzbekistonim!
***
Xorijda boʻlsam-da, xayolimda sen,
Aziz yurtim, Vatan, jon Oʻzbekiston!
Har zarra tuprogʻing koʻzimga surtgum,
Dunyo turguncha tur, mangu boʻl omon.
Oylarning sultoni – mohi Ramazon,
Dillarni shod aylab boʻlganda mehmon,
Qalblarni yumshatdi Qurʼon sadosi,
Qadr kechasida Hazrat duosi.
Kalomulloh xizmatida ul Shayx Alijon,
Qorilarga kamarbasta Ustoz Jahongiron.
Buxoriyda xatm qildi ul Mahmud Hasan,
Oʻzgacha shukuhni his qildim, Vatan!
Yurtboshimni asra, ey Rahimu Rahmon!
Ramazonda soimlarga qildi koʻp ehson.
Buxoriy-u Moturidiy ruhin aylab shod,
Allomalar marqadlarin qilmoqda obod.
Boringizga shukr, doʻstu yoronlar,
Hamkasb ahli ilm, ustoz imomlar.
Har nafas duongiz taftini tuydim,
Sizlarni men Alloh uchun suydim.
Qoʻlimdan kelgani, duoim shu on:
“Elimga deb soʻradim Sendan, Ey Subhon!
Panohingda asra ahli ilmni,
Ravo koʻrma hatto zarra zulmni.
Yurtim ravnaqi-chun boʻlsin barcha jam,
Hissa qoʻshmoq nasib etgin menga ham!
Kuchim yetganida oʻqidim Qurʼon,
Bundan-da yuksalsin jon Oʻzbekiston!”
Olisda boʻlsam ham xayolda Vatan,
Dard – mehmon, mezbonman, sinovdadirman.
Mehmon kim – keluvchi. U ketgay oxir,
Duongizga muntazir Ibrohim Tohir.
Tohir EVADULLAYEV,
IBXITM ilmiy xodimi.
Dehli.
31.03.2025.