Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Xalqaro islom akademiyasi rahbarlaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi 2024-yilning noyabr-dekabr oylarida Buyuk Britaniyaga safar uyushtirib, nufuzli ilmiy markazlari va taʼlim muassasalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazgan edi.
Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov Oksford Islom tadqiqotlari markazida boʻlib, ikki tomonlama akademik aloqalarni rivojlantirish, birgalikda ilm-fan va madaniy merosni oʻrganish masalalari boʻyicha manfaatli muloqot olib borgandi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining mazkur tashrifi haqida “OCIS News” nashrida “Istiqboldagi hamkorlik yoʻllari: Markaziy Osiyo bilan aloqalar mustahkamlanmoqda” nomli maqola chop etildi.
“Oksford Islom tadqiqotlari markazi Markaziy Osiyodagi eng nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlari vakillariga mezbonlik qildi. Ushbu delegatsiya Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillaridan tashkil topgan.
Tashrif davomida istiqboldagi hamkorlik imkoniyatlari keng muhokama qilindi. Delegatsiya aʼzolari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar va ilgari surilayotgan tashabbuslar bilan oʻrtoqlashar ekan, umumiy tajriba, ilgʻor amaliyot va ilmiy-uslubiy yondashuvlar boʻyicha fikr almashdi. Ilmiy-maʼrifiy va keng koʻlamli akademik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolandi”, deyiladi maqolada.
Bu yuksak eʼtirof Oʻzbekistonning islom merosini oʻrganish va dunyoga targʻib etishdagi saʼy-harakatlari samaradorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati