Hozirgi murakkab, tahlikali zamonda, toʻrt tomonimizda notinchlik, oʻnlab davlatlarda yuz berayotgan qonli toʻqnashuvlar, ming-minglab begunoh insonlarning qirilib ketayotgani, mashhur tarixiy inshootlar, muqaddas ziyoratgohlar shafqatsizlarcha portlatilib, xudbinlarcha buzib tashlanayotgan bir paytda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni koʻz qorachigʻiday asrash har qachongidan ham dolzarbdir. Har birimiz yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashab, yon-atrofimizda boʻlayotgan voqea-hodisalardan ogoh boʻlib borishimiz kerak.
Taassufki, hozirgi kunda ham baʼzilar turli diniy qarashlar bilan islom ahkomlarini koʻr-koʻrona buzgan holda oʻziga ergashmagan musulmonlarni “kofir”, “munofiq” atamoqda. “Hijrat qilmagan kofirdir” degan asossiz hukm chiqarib, musulmonlar boshiga koʻp tashvish solmoqda. Ular shu yoʻl orqali Oʻzbekistonda xalq ongini buzib, odamlar va jamiyatni turli noxushliklarga giriftor qilishga urinyapti.
Aslida, islom musulmon odamni kofirga chiqarishdan qaytaradi. Hanafiylik mazhabi va moturidiylik aqidasiga muvofiq, imonning sharti yakka xudolikka til bilan iqror boʻlish, qalb bilan tasdiqlashdir. Bundagi asl qalb sanaladi. Shu sababli insonga boshqalarning imonini baholash imkoniyati berilmagan. Islom taʼlimotiga koʻra, qalbni faqat Alloh taolo biladi va musulmon odamning imoni haqidagi hukmni yolgʻiz Uning Oʻzi chiqaradi.
Bu masalada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday koʻrsatma berganlar: “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaaha illalloh” degan kimsaga teginmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaslik. Amali tufayli uni islomdan chiqarmaslik” (Abu Dovud rivoyati).
Demak, shaxslarga nisbatan kufr fatvosini berishdan oldin soʻrab-surishtirish, aniqlash lozim hisoblanadi. Ayrim yoshlarimiz internet orqali diniy maʼlumoti kam, kimga xizmat qilishi nomaʼlum boʻlgan kimsalarning taʼsirida oʻzgalarni, baʼzan hatto yaqinlarini dindan chiqqanlikda ayblayotgani juda xatarli holatdir. Mazkur muammoning eng ogʻir jihati shundaki, oʻz dindoshlari, yurtdoshlari va qavm-qarindoshini kofirlikda ayblayotgan bu kabi yoshlar keyingi bosqichda “rahnamo” va “ustozlari”ning talabi bilan “hijrat” daʼvosini qiladi. Aslida, hijrat haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir va har bir kishi uchun niyat qilgan narsasi boʻladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Rasuli uchun boʻlsa, uning hijrati Alloh va Rasuli uchun boʻlgan hisoblanadi. Kimning hijrati molu dunyo uchun boʻlsa, unga erishadi yoki biror ayol uchun boʻlsa, unga uylanadi. Uning hijrati hijrat qilgan narsasi uchun boʻladi” (Imom Buxoriy rivoyati). Yaʼni, hijrat ham niyatga bogʻliq boʻlib, musulmonlar har bir ishda niyatni yaxshi qilishi zarur ekan.
Ammo Makka fath etilgandan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratni man etganlar. Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan soʻng hijrat yoʻqdir…”, dedilar. Bu hadis Makka toʻgʻrisida aytilgan boʻlsa-da, shaharning fath etilgani undan hijrat qilish joiz emasligiga sabab boʻlgani uchun ushbu hukm fath etilgan hamma diyorlarga tegishli hisoblanadi. Demak, qaysi yurt bir marta fath etilgan boʻlsa, undan hijrat qilish mumkin emas. Faqat kofirlar tomonidan ishgʻol qilinib, musulmonlarning joni va diniga xavf tugʻilgan taqdirdagina, hijrat hukmi yangidan joriy boʻladi. Chunki hijratdan koʻzlangan asl maqsad musulmonning joni va dinini saqlab qolishdir.
Shularni inobatga olib, hozirgi globallashuv sharoitida yoshlarimizga, umuman keng jamoatchilikka hijrat haqidagi maʼlumotlarni toʻgʻri yetkazish kerak. Shunda xavf-xatar aslida “hijrat” soʻzida emas, balki bu soʻzni qurol qilib olgan toifa, guruh va adashgan jamoalarda ekanligini barcha tushunib yetadi.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi