Home / MAQOLALAR / KICHIK YOSHDAGI SAHOBALAR

KICHIK YOSHDAGI SAHOBALAR

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu

Abdulloh hijratdan uch yil oldin tugʻilgan. Otasi Abbos paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amakilaridan biri boʻlib, u zotdan ikki yosh katta edi.

Islomning ilk yillarida musulmon boʻlmasada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni doim qoʻllab-quvvatlar edi. Abdullohning onasi Luboba roziyallohu anho esa islomni ilk qabul qilganlar safida edi.

Abdulloh tugʻilganida onasi uni paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga olib bordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak tupuklaridan olib uning ogʻziga qoʻydilar. Uning ichiga ilk kirgan narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tupuklari boʻldi.

Islomga dushman boʻlgan makkalik mushriklar ilk musulmonlarga tazyiqlar oʻtkazib, zulm ostida tutishardi. Musulmonlarni uch yil davom etgan qurshov va sitam ostida ushlab turishdi. Ular hatto musulmonlarning asosiy ehtiyojlarini qondirishlariga ham yoʻl qoʻyishmasdi. Shu bois musulmonlar uch yil davomida asorat, muhtojlik va tanqislikda yashashdi. Abdulloh roziyallohu anhu ana shunday ogʻir bir paytda tugʻildi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va allam uning tugʻilishini oilasiga oldindan xursandchilik bilan xabar bergan edilar va tugʻilgandan keyin oʻzlari uning ismini qoʻydilar.

Madinaga hijrat qilinganida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu hali uch yoshlik goʻdak edi. Otasi islomni qabul qilmagani bois hijrat qilmagandi. Shuning uchun Abdulloh ota-onasi bilan Makkada qoldi. Uning yoshligi oʻn yoshiga qadar ota-onasining yonida oʻtdi.

Otasi Makka fathidan biroz oldin musulmon boʻlganini eʼlon qilishga qaror qildi. Shundan soʻng u oilasi bilan birga Madinaga hijrat qildi. Shu vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkani fath qilish uchun tayyorgarlik koʻrib, qoʻshin bilan yoʻlga chiqqan edilar. Jiʼrona deb nomlangan joyda oʻgʻli bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashgan Hazrat Abbos roziyallohu anhu darhol Makkaga qaytdi.

Abdulloh ibni Abbos roziyallohu anhu hali 10 yoshga ham yetmagan paytida Makka fathiga shohid boʻlgan edi. Shundan keyin doim paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yonlarida boʻldi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaqin qarindoshi boʻlishi va Rasulullohning ularning uyiga tez-tez tashrif buyurib turishi u uchun katta neʼmat edi. Abdulloh ibni Abbos roziyallohu anhu paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylariga bemalol kirib chiqa olgani bois Rasulullohni yaqindan tanish imkoniyatiga ega boʻldi. Otasining istagi bilan baʼzi kechalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida qolib, u zotning tungi ibodatlariga ham shohid boʻldi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshqa bolalarni yaxshi koʻrganlari kabi Abdullohni ham juda yaxshi koʻrar edilar. Bir kun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni tuyalarining ortiga mindirdilar. Soʻngra unga: “Bolam! Men senga baʼzi soʻzlarni oʻrgataman, ularni yodda saqla va hech qachon unutma!”, deb, juda chiroyli nasihatlarni bergan edilar:

“Ey Abdulloh! Meni nima uchun yaxshi koʻrsang, men ham seni shu uchun yaxshi koʻraman. Jabroil alayhissalom mendan seni yaxshilikka buyurishimni va sen haqingda: “Abdulloh bu ummatning yaxshilaridandir. U bu ummatning olim boʻladi, unga yaxshilikni tavsiya qil” dedi”.

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bir safar uning uchun “Allohim! Uni dinni yaxshi tushunuvchilardan qil! Unga Qurʼon tafsirini (Qurʼonning chuqur maʼnolarini) oʻrgat!” deb goʻzal duo qilgan edilar.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga shogirdlik ham qilgan. Boʻlganda ham eng mehnatkash shogirdlardan biri edi. Kichik yoshda ekaniga qaramay qisqa vaqt ichida Qurʼoni karimning uzun suralarini yodlab olgan edi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning eng muhim xususiyatlaridan biri uning juda ham diqqat-eʼtiborli boʻlganidir. U barcha eʼtiborini Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan nimanidir oʻrganishga bagʻishlardi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning har onlarini, har bir harakatlarini diqqat bilan kuzatib borardi. Masalan, bir kuni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida ekanida, bir dehqon kelib: “Yo Rasululloh! Tahorat qanday olinadi?” deb soʻragan edi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam darhol suv soʻradilar. Dastlab uch marta qoʻllarini yuvdilar, keyin uch marta ogʻiz va burunlariga suv olib yuvdilar. Uch marta yuzlarini yuvdilar. Keyin oʻng qoʻllarini va chap qoʻllarini tirsaklari bilan birga uch martadan yuvdilar. Soʻng boshlarini va shu suv bilan quloqlarining tashqari yuzasini masʼh qildilar. Eng oxirida uch marta oyoqlarini yuvdilar va kishiga yuzlanib: “Tahorat mana shunday olinadi. Kim bundan ortigʻini qilsa, haddan oshgan va zulm qilgan boʻladi”, dedilar.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu yoshligidan bu yuksak xususiyatlarga ega boʻlgani sababli, ikkinchi xalifa Hazrat Umar roziyallohu anhu davrida maslahat kengashida ham ishtirok etgan. Oʻsha paytda u endigina 15 yoshga kirgan bola edi.

Juda ziyrak va bilimli inson boʻlgani uchun unga “Tarjimonil Qurʼon”, yaʼni “Qurʼon tarjimoni” degan nom berilgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va islomga boʻlgan cheksiz bogʻliqligining eng katta belgisi uning ibodatlarni amalga oshirishdagi hassosligi edi. U butun umri davomida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning har bir ibodatlarini, hatto har bir harakatlarini aniq bajarishga harakat qilgan.

Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

TAOMLANISH SIRLARI (7-qism)

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)ni ULUGʻ  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar: (7-qism) TAOMLANISHDA: ovqatlanayotganda taomni odob bilan …