Uning falsafiy-axloqiy qarashlari asosan borliq, inson tabiati, axloq va jamiyat munosabatlari atrofida shakllanadi. Uning falsafiy tadqiqotlarida dialektik yondashuv ustunlik qiladi, yaʼni u falsafani faqat nazariy tushuncha sifatida emas, balki hayot bilan uzviy bogʻliq amaliy soha sifatida koʻradi.
Gap oʻzbek falsafasida muhim oʻrin tutadigan donishmandlardan biri Baxtiyor Toʻrayev haqida bormoqda. Zabardast olim falsafa tarixi, bilish nazariyasi, sinergetika, mantiq, axloq, sunʼiy intellekt sohalaridagi izlanishlarga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.
Olim borliqni falsafaning eng umumiy va universal kategoriyasi deb hisoblaydi. U borliqni moddiy va maʼnaviy shakllar, real va noreal turlar, oʻtmish, hozir va kelajak koʻrinishlarini oʻz ichiga oluvchi tushuncha sifatida taʼriflaydi. Uning qarashlarida borliq bilan harakat ajralmas bir butunlikni tashkil qiladi, yaʼni borliq doimo oʻzgarish va rivojlanish jarayonida boʻladi. Bu yondashuvda u tabiiy fanlar kashfiyotlariga, xususan, kosmologik modellar va fizika nazariyalariga tayanib, borliqning mohiyatini ochishga harakat qiladi. Shu bilan birga, uning tadqiqotlarida insonning borliq ichidagi oʻrni va u bilan munosabati alohida eʼtiborga loyiq.
Toʻrayevning axloqiy qarashlari insonning jamiyatdagi roli va masʼuliyatiga qaratilgan. U axloqni inson tabiatining muhim tarkibiy qismi sifatida koʻradi va uni tabiat, odat va aql kabi omillar bilan bogʻlaydi. Bu yerda u qadimiy faylasuf Arastuning “uch omil odamlarni yaxshi va ezgu xislatli qiladi: tabiat, odat va aql” degan fikriga yaqin turadi, lekin oʻz tahlillari bilan buni boyitadi. Toʻrayevga koʻra, inson tabiat bilan uygʻunlikda yashashi, oʻzining maʼnaviy va moddiy borligini tushunib, unga muvofiq harakat qilishi kerak. Axloqiy tarbiya esa insonni komillik sari yetaklaydigan asosiy yoʻl sifatida talqin qilinadi.
Olim jamiyatni maʼnaviy-axloqiy muhit sifatida koʻradi. Uning fikricha, jamiyatning rivojlanishi oila va individual axloqdan boshlanadi. Inson oʻz tabiatiga muvofiq yashash bilan birga, jamiyatga foyda keltiradigan faoliyat bilan shugʻullanishi lozim. Bu yerda u oʻzbek xalqining anʼanaviy qadimiy axloqiy qarashlarini falsafiy tahlil bilan uygʻunlashtirishga intiladi.
U juda mohir notiq hamdir. Uning turli konferensiya va anjumanlarda, televideniye va radiolardagi chiqishlarini, ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlarini tinglagan har qanday odam oʻziga katta maʼnaviy ozuqa oladi. Domla muayyan mavzuda soʻz yuritar ekan, masalaning eng muhim nuqtalarini topib, tizimli, tahlilga asoslangan holda gapiradi.
Domlani oʻzi uchun ilm qilayotgan, izlanayotgan ziyoli deb boʻlmaydi, u kishini mudom hayotning eng joʻshqin jabhalarida, eng dolzarb, zamonga hamnafas mavzularda bosiqlik, lekin jonkuyarlik bilan mushohada yuritayotganiga guvoh boʻlish mumkin. Eng muhimi, har doim xalqimizning yuragida qalqib turgan, baʼzan til uchida turib, botinib ayta olmayotgan muammo-masalalarni nihoyatda ziyraklik va teranlik bilan tilga olib, jamoatchilik eʼtiborini mavjud kamchiliklarga qarata oladi. Millat va mamlakat hayotiga daxldor dolzarb mavzularning yechimlari boʻyicha oʻzining aniq va amaliy taklif-tavsiyalarini, intellektual munosabatini berib boradi. Shunday pallalarda domlaning buyuk mutafakkirlar maʼnaviy merosini hozirgi kun nuqtai nazaridan chuqur oʻrgangani, soʻnggi davr klassik olimlar maktabini oʻtagani sezilib turadi.
Shogirdlar borasida ham domlani bemalol baxtiyor ustozlar qatorida sanashimiz mumkin. Bugungi kunda olim yetishtirgan shogirdlar domla boshchiligida Samarqand sinergetika maktabini shakllantirgani barcha-barchamizda havas, ilmga ragʻbat uygʻotadi.
Ustoz Baxtiyor Toʻrayev ilgʻor falsafiy-axloqiy qarashlari bilan falsafa va fan targʻibotchisi, oʻz maktabini yaratgan olim sifatida zamonaviy oʻzbek falsafasiga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Uning asarlari, xususan, “Borliq (falsafiy tahlil)” monografiyasida, sinergetikaga doir toʻplamlarda bu qarashlar yaqqol namoyon boʻladi. U dialektik yondashuv bilan tabiiy va gumanitar fanlarni birlashtirib, borliq va axloqning murakkab munosabatlarini ochib beradi. Shu sababli, uning ijodi oʻzbek falsafasi tarixida muhim oʻrin tutadi va u mazkur muammolarga ham amaliy, ham nazariy yondashuvni qoʻllashni taklif etadi.
Lazizjon BAXRONOV
Manba: zarnews.uz