Ramazon oyi barcha yaxshiliklarni oʻzida mujassam qilgan xayru baraka oyidir. Bu oyning ulugʻligidan Alloh subhanahu va taolo shu oy davomida jannat eshiklarini keng ochib qoʻygan. Bu bilan bandalariga yaxshi amallar qilish orqali jannatga kirish imkoniyatini yaratib bergan. Shu oyning barakotidan Alloh taolo doʻzax eshiklarining barchasini yopib qoʻyadi. Moʻminlar tavba qilib, ibodat qilib, Allohga qurbat hosil qilish, Allohning roziligiga erishish, jannatiy maqomini olish va doʻzaxdan xalos boʻlish fursatini aynan Ramazoni sharifda topadi.
Ramazon oyi Qurʼon tilovatini koʻpaytirish, oʻqiganini tafakkur qilish va maʼnosini chuqur anglash oyidir. Zero, Qurʼoni karim dunyo va oxiratga doir barcha ilmlarni oʻzida mujassam qilgan kitobdir.
Ramazoni sharifning ulugʻligi, eng avvalo, ushbu oyda Qurʼoni karimning nozil boʻlgani sababidandir. Shuning uchun ham Ramazon oyi Qurʼon oyi deyiladi. Yurtimiz moʻmin-musulmonlari Ramazon oyida uning roʻzasini tutish bilan birga, ibodatlarga, xususan, tarovih namozlariga, Qurʼoni karimni tilovat qilishga, tarovih namozlaridagi xatmi Qurʼonda ishtirok etishga juda katta ahamiyat beradi. Ammo, afsuslar bilan taʼkidlash lozim, savobi juda ham ulkan boʻlgan bir amal, yaʼni ilm bilan mashgʻul boʻlish Ramazon oyida koʻpchilik dindosh birodarlarimiz eʼtiboridan chetda qolmoqda. Quyida shu haqda toʻxtalib oʻtsak.
Ramazon oyi nafaqat roʻza va ibodat oyi, balki ilm-maʼrifatni targʻib qilish, qalb va ongni maʼrifat nuri bilan yoritish uchun eng munosib paytdir. Bu oyda Qurʼoni karim nozil qilingani ham muqaddas dinimizning ilm va maʼrifat bilan uzviy bogʻliq ekanini koʻrsatadi. Ramazon va Qurʼon – ilm manbaidir. Bu oyda Qurʼoni karimning ilk nozil qilingan
﴿اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ﴾
“(Ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot boʻlmish Rabbingiz ismi bilan oʻqing!”[1] oyati ham aynan ilmga bogʻliqdir. Bu oyat har bir musulmonni bilimga, maʼrifatga, taʼlim olishga chaqiradi.
Nabiyimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning – Qurʼoni karimni qabul qilib olib, ummatga omonat bilan yetkazib yurgan va doimo Kalomi sharif tilovati bilan mashgʻul boʻlgan zotning Qurʼonga boʻlgan ehtimomlari Ramazon kirib kelganda yana ham ziyoda boʻlar edi. U zot alayhissalom har yili Qurʼoni karimni boshidan oxirigacha Jabroil alayhissalomga toʻliq tilovat qilib, oʻtkazib olar edilar. Chunki har bir zamon va davrda jamiyatning ijtimoiy mustahkamligi va uning qudrati oʻsha jamiyatning ilmga munosabati bilan oʻlchangan. Qurʼoni karim barcha ilmlarni oʻzida mujassam qilgan kitobdir. Shu sababli ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qurʼoni karimni xatm qilishga, uni mustahkam tarzda yod olishga va ummatiga yod oldirishga alohida ahamiyat berganlar.
عن عبدالله بن عباس رضي الله عنهما قال: كانَ رسولُ اللَّهِ ﷺ أجودَ النَّاسِ وَكانَ أجودَ ما يَكونُ في رمضانَ حينَ يلقاهُ جبريلُ وَكانَ جبريلُ يلقاهُ في كلِّ ليلةٍ من شَهرِ رمضانَ فيدارسُهُ القرآنَ
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshilik qilishda odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiy paytlari esa Ramazonda huzurlariga Jabroil kelganda boʻlar edi. Jabroil alayhissalom Ramazon tamom boʻlgunicha har kecha u zotning huzurlariga kelar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga Qurʼonni arz qilar (oʻqib berar) edilar”[2].
Saxovatni faqat moddiy maʼnoda tushunmaslik kerak. Saxovatning eng afzali ilm tarqatish va ilm olishga azmu qaror qilishdir. U zot Ramazon oyi kelganida ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan saxiylik qilar edilar. U zotdagi saxovatning eng oliysi Qurʼoni karimni Jabroil alayhissalomdan mukammal tarzda oʻrganish va boshqalarga ham oʻrgatish boʻlganiga ushbu hadis ham dalolat qiladi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ كَانَ يَعْرِضُ عَلَى النَّبِيِّ ﷺ الْقُرْآنَ كُلَّ عَامٍ مَرَّةً فَعَرَضَ عَلَيْهِ مَرَّتَيْنِ فِي الْعَامِ الَّذِي قُبِضَ فِيهِ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U (Jabroil alayhissalom) har yili Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qurʼoni karimni (boshidan oxirigacha) bir marta eshittirib oʻqib berar edilar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) oʻzlari vafot etadigan yili Qurʼoni karimni boshdan oxirigacha ikki marta oʻqib berdilar[3].
Shuningdek, “Sahihul Buxoriy”da Fotima onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda u zot vafot etadigan yillarida Jabroil alayhissalomga Qurʼoni karimni ikki marta xatm qilib oʻtkazganlari aytilgan[4].
U zotning ilmga bunchalik haris boʻlishlari va ummatni ham targʻib qilishlarining sababi shuki, inson ilm orqali yaxshi va yomonni, foyda va zararni, halol va haromni ajratib oladi. Inson oʻzida maʼrifatni ilm orqali hosil qiladi.