Home / MAQOLALAR / TAOMLANISH SIRLARI (6-qism)

TAOMLANISH SIRLARI (6-qism)

TAOMLANISH SIRLARI (7 qismdan iborat)ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: 

DASTURXON  ATROFIDA

  1. Oliyjanob tarbiya koʻrgan, oʻzining hurmatini va oʻz qadr-qimmatini bilgan aqlli yoshlar ulugʻlar (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odam)ga mehr bilan, ziyraklik bilan, iltifot ila xizmat qiladilar;
  2. Oliyjanob tarbiya koʻrgan, oʻzining hurmatini va oʻz qadr-qimmatini bilgan aqlli farzandlar ham ota-onalariga alohida mehr bilan, ziyraklik bilan, iltifot ila xizmat qiladilar;
  3. Ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlardan oldin dasturxondagi taomga, ovqatga qoʻl uzatilmaydi;
  4. Ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar dasturxondagi taomga qoʻl uzatmaguncha, boshqalar kutib turishadi;
  5. Koʻpchilik boʻlib ovqatlanganda taomga kattalardan oldin qoʻl uzatmaslik;
  6. Ular ham oʻz navbatida boshqalarni mahtal qilib qoʻymasliklari zarur;
  7. Yeb-ichishni “Bismillohir rahmonir rahim” bilan boshlash;
  8. Boshqalarning ham esiga tushishi uchun sal balandroq ovoz bilan aytiladi;
  9. Bosh kiyim bilan ovqatlanish;
  10. Dasturxonga keltirilgan taomning aybi izlanmaydi;
  11. Ovqatni turib, yotib, biror narsaga suyanib yoki yurib yeyilmaydi;
  12. Yonidagi ovqatlanayotgan kishilarga nazar solmaslik;
  13. Yon-atrofdagilarning ovqatlanishlarini kuzatmaslik;
  14. Dasturxonga uzoq ham, yaqin ham oʻtirmaslik;
  15. Umumiy sochiqcha bilan oʻz oldini toʻsmaslik;
  16. Obi-taomlarni isrof qilmaslik;
  17. Nonni eʼzozlash lozim;
  18. Non uvol qilinmaydi;
  19. Zarurat boʻlmasa, non sindirilavermaydi;
  20. Nonni xizmatga qoʻymaslik (masalan, ustida goʻsht maydalash, idish-tovoqlarni artish va hokazo);
  21. Odobli odam dasturxonga tortilgan taomning aybini topib, kamsitmaydi;
  22. Dasturxon atrofida jim, xomush oʻtirish chiroyli emas;
  23. Ogʻizda taom bilan soʻzlash mumkin emas;
  24. Luqma yeb turgan odamga savol berish joiz emas;
  25. Mabodo dasturxon atrofida turli xil bemor odamlar sherik boʻlib qolsa, ulardan hazar qilinmaydi;
  26. Taomning yaxshi, sarxil, lazzatli joyini yoshi ulugʻlarga yoki yondagi sheriklarga tutilsa, inʼom-ehson qilingan boʻladi;
  27. Dasturxon atrofida ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlarga taomning yaxshi, sarxil, lazzatli joylarini inʼom-ehson qilish lozim;
  28. Dasturxon atrofida ehsonni oldin ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar, yoshi ulugʻlarga, keyin oʻng tomon, undan keyin chap tomondagi odamga iltifot etiladi;
  29. Agar mabodo ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar oʻz taomlarini yo boshqa biror obi-taom ilinsalar, darhol minnatdorchilik izhor etib, ularning qoʻllarini qaytarmay, soʻzlarini ikki qilmay, gaplarini yerda qoldirmasdan, oʻz xursandchiligini ifoda etiladi;
  30. Soʻngra ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar oʻz taomlarini yo ilingan boshqa biror obi-taomlarini mamnuniyat bilan, boshqa hech kimga bermasdan “Katta rahmat!”, “Uyalib, soʻrolmay turgan edim…”, “Sizniki – tabarruk!”, “Biz ham Sizga oʻxshab yuraylik!”, “Sizning yoʻlingizni bersin bizga ham!”, “Biz ham Sizning yoshingizga yetaylik!” degan yoqimli gaplar bilan hurmat bilan qabul qilib, tanovul qilishi chiroyli odob va katta ehtirom sanaladi. Bordi-yu uchinchi odam oʻzi iltimos qilib soʻrasa, iltimosi rad etilmaydi;
  31. Qorin ochgandagina ovqat yemoq;
  32. Agar luqma tushib ketsa, tozalanib keyin yeyiladi;
  33. Dasturxonning hamma tomoniga uzanavermasdan, taomni oldidan, luqmani kichik olish odobdandir;
  34. Ogʻizda luqma boʻlsa, gapirmagan yaxshi;
  35. Boshqalarning luqmalariga qaramaslik;
  36. Koʻngilni qoldiradigan harakatlar qilmaslik;
  37. Qahqaha otib kulmaslik;
  38. Ovqatlanish paytida ogʻizni chapillatmaslik;
  39. Ogʻizni toʻldirib ovqatlanmaslik;
  40. Dasturxon atrofida burun qoqmaslik kerak;
  41. Ovqatni xotirjam holda oʻtirib isteʼmol qilish lozim;
  42. Ovqatni yaxshilab chaynab, soʻngra yutish;
  43. Ogʻizga solingan bir boʻlak taomni yutmasdan turib, ikkinchi boʻlakni ogʻizga solmaslik;
  44. Nonni tishlab emas, balki qoʻlda mayda boʻlaklarga boʻlib isteʼmol qilish;
  45. Ovqatlanish vaqtida atrofdagilarning idishiga nazar tashlamaslik;
  46. Tortilgan taomni imkon qadar oxirigacha isteʼmol qilish;
  47. Kim bilandir soʻzlashmoqchi boʻlsa ham, yonidagi odamga orqa oʻgirmaslik. Mabodo shunday qilish oʻta zarur boʻlib qolsa, u odamdan kechirim soʻrash lozim;
  48. Aksirgisi kelganida yo yoʻtal tutganida, tezlik bilan orqasiga oʻgirilmogʻi;
  49. Odamga, dasturxonga, undagi non va ovqatga qarab zinhor aksirmaslik, yoʻtalmaslik;
  50. Agar biror narsani ogʻizdan chiqarish zaruriyati boʻlsa, dasturxondan teskari oʻgirilib, chap qoʻlda uni olib tashlash;
  51. Aksa urish, yoʻtalish yoki ogʻizdan biror narsani olish uchun oʻgirilganda chap tomondan orqaga oʻgiriladi. Agar chap tomonida ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar, yoshi ulugʻ insonlar boʻlishsa, oʻng tomondan oʻgirilish mumkin;
  52. Dasturxon atrofida oʻzgalarning nafratini va ijirgʻanishini qoʻzgʻovchi qiliqlarni qilishdan tiyilish kerak;
  53. Taomni oz-ozdan olish ham odobdan sanaladi;
  54. Koʻngilni aynitadigan taomlar va ishlar haqida gapirmaslik;
  55. Nonni ikki qoʻli bilan boʻlishlik, ushatishlik. Bir qoʻl bilan boʻlish, ushatishdan saqlanish lozim, chunki bu kibrlilik alomati hisoblanadi;
  56. Non isteʼmol qilishda sindirilgan nonni olib, katta-kichikligiga qarab, undan oʻziga yarmini yo kamrogʻini sindirib oladi. Soʻng oʻzining boʻlagidan ham sindirib olib isteʼmol qilinadi;
  57. Non ustiga tuzdon, kosa, tovoq, qoshiq, pichoq kabi narsalarni qoʻymaslik;
  58. Nonning hech bir boʻlagini otmaslik;
  59. Shoshmasdan ovqatlanishlik;
  60. Dasturxon atrofida baland ovoz bilan gaplashmaslik;
  61. Agar kishi keltirilgan taomda oʻz sogʻligiga zarar qiladigan yo oʻzi uncha yoqtirmaydigan bir narsa bor boʻlsa, gapni koʻpaytirmasdan, shirin til va ochiq chehra bilan “meni ozgina uzurim bor edi-da… Parhez qilmay ilojim yoʻq. Uzr soʻrayman! Sizlarga osh boʻlsin! Tortinmasdan bemalol olinglar! Osh boʻlsin!” demogʻi lozim;
  62. Ovqatlanayotganda sukut qilmasdan, ovqat mahali solih va olim zotlarning purmaʼno, ibratli soʻzlaridan gaplashish lozim;
  63. Dasturxon atrofida oʻz xastalarini soʻzlamaslik;
  64. Dasturxon atrofida yastanib, yalpayib oʻtirmaslik;
  65. Kirib kelgan odamni birga taom yemoqlikka chorlashlik kerak;
  66. Taom yeyayotganda oʻz oldidan olib yemoqlik;
  67. Bordi-yu, meva, tuz, suv boʻlsa, unda ixtiyorlidir;
  68. Taomni har doim bir chetidan oʻz oldidan olib yeyish, zinhor oʻrtasidan boshlab yemaslik;
  69. Agar poʻstli yoki danakli mevalar isteʼmol qilinsa, ularning poʻstlogʻi va danagi dasturxonning bir chetiga qoʻyiladi yoki maxsus idishga tashlanadi. Agar davra tang boʻlib, mevaning poʻstloq yoki danaklarini tashlash imkoni boʻlmasa, salfetka yoki lattaga oʻrab, kishilar koʻziga tushmaydigan joyga, bir chetga qoʻyiladi. Agar oʻrashga narsa topolmasa, chap qoʻlida saqlaydi;
  70. Ovqat yeyayotganda barcha taomlanayotgan doʻstu yorlarning yuzlariga hadeb qarayvermaslik;
  71. Mabodo tez toʻyib qolgudek boʻlsa, boshqalar uyalib qolib yemay qoʻymasliklari uchun kam-kam yeb turish va yo yeyayotganday boʻlib oʻtirishlik;
  72. Hamma ovqatlanib boʻlmasidan oʻrnidan turib ketmaslik;
  73. Doʻst, birodarlarga, mehmonlarga uch marta “Qani, marhamat!.. Marhamat!.. Olsinlar!.. Dasturxonga marhamat!..” deyilgandan keyin ham yeyishmasa, ularni majburlamaslik.

(6 – qism tugadi. Davomi bor…)

Ibrohimjon domla Inomov
Manba: muslim.uz

Check Also

Ramazon – ilm-maʼrifat oyidir (1-qism)

Ramazon oyi barcha yaxshiliklarni oʻzida mujassam qilgan xayru baraka oyidir. Bu oyning ulugʻligidan Alloh subhanahu …