Maʼlumki, “bidʼat” soʻzi “oʻxshashi boʻlmagan yangi narsani paydo qilish”, “diniy aqidalarga kiritilgan oʻrinsiz tuzatish” maʼnolarini ifodalaydi. Shariat istilohida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida boʻlmagan ishni joriy qilish va amalga oshirishdir. Dinga yangilik kiritish “Alloh va Uning Rasuli bilmagan narsani men topdim”, deb daʼvo qilishga oʻxshaydi. Vaholanki, islom Alloh taolo tarafidan yuborilgan mukammal dindir.
Ahli sunna ulamolari bidʼatni ikkiga – “hasana” va “sayyia”ga, yaʼni yaxshi va yomonga taqsimlagan. Bidʼatning yaxshisi – shariatda asosi boʻlgan amallarni shakllantirish uchun joriy qilingan qoʻshimcha amallar. Bidʼatning yomoni – hech qanday sharʼiy asosga ega boʻlmagan biror amal yo eʼtiqodni joriy qilish. Bidʼatning bu turi zalolatning oʻzginasidir. Diniy manbalarda juda koʻp qoralangan va qaytarilgan bidʼat ham ana shudir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Eng yaxshi soʻz Allohning Kitobidir. Eng yaxshi yoʻl Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yoʻlidir. Ishlarning yomoni yangi paydo qilinganlaridir. Har bir bidʼat zalolatdir”, deganlar. Bu – mazkur hadisning Imom Muslim rivoyat qilgan lafzi. Imom Nasoiy mazkur hadisning davomida Paygʻambar alayhissalomning “…va har bir zalolat doʻzaxdadir” degan soʻzlarini ham keltirgan. Abu Dovud rivoyat qilgan sahih hadisda u zot alayhissalom: “Yangi paydo qilingan ishlardan ehtiyot boʻlinglar. Chunki har bir yangi paydo qilingan ish bidʼat va har bir bidʼat zalolatdir”, deganlar. Bu maʼnodagi hadislarni deyarli barcha ulamolarning asarlarida – qadimgilarida ham, yangilarida ham – uchratish mumkin.
Ibodatga taalluqli masalalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan biror soʻz, amal yo tasdiqlash maʼnosidagi holat rivoyat qilinmagan har qanday ish bidʼat ekanini yaxshi bilamiz. Tilovatdan keyin “sodaqollohul aziym” deb aytish, tarovih namozini sakkiz emas, yigirma rakat qilib oʻqish, har toʻrt rakatidan soʻng tasbeh aytish bunga misoldir. Baʼzilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida qilinmagan bunday ishlar aniq bidʼat ekanini taʼkidlab, “ortiqcha hech qanday gap-soʻzga oʻrin qolmaydi”, degan qatʼiy fikrni ilgari suradi. Bunga qarshi oʻlaroq, “yoʻq, bidʼatning yaxshisi va yomoni bor” deb, ular bilan bahslashsangiz, sizni darhol bidʼatchiga, diningizga toʻliq amal qilmayotgan kishiga chiqaradi.
Aslida ham shundaymi? Bidʼatning yaxshisi boʻlishi mumkin emasmi? Yoki boyagi qatʼiy fikr negizida hadisda zikr qilingan bidʼatning haqiqatini anglab yetmaslik mujassammi? Ulamolarning fikricha, hadisda dinning birlamchi amallariga qoʻshimcha kiritish yoki ularni buyurilganidan kamaytirish, masalan, Ramazon roʻzasini oʻttiz kun emas, qirq kun tutish, yo toʻrt rakatli farz namozini uch rakat qilib oʻqish kabi ishlar nazarda tutilgan. Demak, har qanday yangilikni bidʼatga chiqaradigan, shunday “bidʼat”larga amal qilayotgan moʻminlarni zalolatga ketishda ayblaydigan, hatto doʻzaxiy deb hukm qiladigan kimsalar bidʼat bilan bidʼatning farqiga bormaydi. Vaholanki, Imom Muslim Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim islomda goʻzal bir odatni boshlab bersa, unga oʻsha odatning savobi va undan keyin oʻsha odatga amal qilganlarga beriladigan savobning misli(cha savob) yozilur. Ularning savobidan biror narsa kamaytirilmas. Kim islomda yomon bir odatni boshlab bersa, unga oʻsha odatning gunohi va undan keyin oʻsha odatga amal qilganlarga yoziladigan gunohning misli(cha gunoh) yozilur. Ularning gunohidan biror narsa kamaytirilmas”, deganlar.
Mazkur hadisda bidʼatning yaxshisi va yomoni, yaʼni shariatga toʻgʻri keladigani yo muvofiq kelmaydigani boʻlishiga ishora qilingan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Umar roziyallohu anhu tarovih namozini jomeʼ masjidida jamoat boʻlib oʻqishni boshlab bergani va: “Bu qanday ham yaxshi bidʼat boʻldi!” degani bayon qilinadi. Uning bu ishi yangi paydo boʻlgan ishlar sirasidan boʻlsa-da, oʻsha davrda hayot boʻlgan sahobalarning birortasi bunga qarshi chiqmagan. Demak, islomda bidʼatni yaxshi yo yomonga ajratishga hech qanday monelik yoʻq. Imom Tabaroniy Hakam ibn Aʼraj roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, u: “Ibn Umar roziyallohu anhumodan zuho namozi haqida soʻraganimda, u: “U bidʼatdir va u qanday ham yaxshi bidʼat!” deb aytdi”, degan.
Ahli sunna ulamolari bidʼatni yaxshi yo yomonga ajratar ekan, bu borada odamlarning hoyu havasi yo maʼqullashiga qarab emas, balki shariat asoslariga tayanib ish tutgan. Masalan, Ibn Abu Shaybat “Musannaf” asarida Abdurahmon ibn Abu Layloning: “Odamlar namozdagi “tasvib”dan koʻra menga yoqimliroq boʻlgan biror bidʼatni joriy qilgan emas”, deganini rivoyat qilgan. “Tasvib” – bu bomdod namozining azoniga “As-Solatu xoyrun minan navm” jumlasini qoʻshishdir. Demak, salafi solihlar dinda yangi paydo boʻlgan amallardan shariatda asosi mavjud boʻlganlarini yaxshi bidʼatga chiqargan va ijobiy fikr bildirgan. Bu holat ularning soʻzi, amali va maxsus holatlarida ham uchraydi. Masalan, Abu Bakr roziyallohu anhuni odamlar maqtab gapirganda, u: “Ey Alloh, meni ular oʻylayotganidan yaxshiroq qilgin…”, deb duo qilgan boʻlsa, Ibn Masʼud roziyallohu anhu yoʻqotib qoʻygan biror narsasini izlab topmoqchi boʻlsa: “Ey Alloh, yoʻqotgan narsamni oʻzimga qaytar…”, deb duo qilgan. Ibn Masʼud va Ibn Abbos roziyallohu anhumo biror kishining yomonlik qilishidan xavotir olgan vaqtda: “Ey Alloh, falonchining yomonligidan mening himoyachim boʻl”, deb duo qilgani ham rivoyat qilingan. Shuni taʼkidlash joizki, bu xabarlarning barchasi ishonchli manbalarda kelgan boʻlib, sahihdir.
Bidʼatning hammasi ham zalolat emasligini inkor etuvchi kimsalarga qolsa, ibodat qilgan kishiga “Alloh dargohida qabul qilsin!” deyish ham, salafi solihlarning ismlari tilga olinganda “roziyallohu anhu” deb aytish ham, tarovih namozlarida Qurʼonni boshidan oxiriga qadar oʻqish ham, xatmdan keyin jamoa boʻlib duo qilish ham – qoʻyingki, juda koʻp amallar kishining doʻzaxga tushishiga sabab boʻladigan yomon bidʼatdir! Ularning nazdida masjidlardagi mehrob va minoralar, hilol (yangi chiqqan oy) va yulduz tasvirini islomning ramzi qilib olish, masjidlarga ziynat berish, Qurʼonni yagona musʼhafga keltirish va shu kabi koʻpgina ishlar ham moʻminlarni doʻzaxga yetaklovchi yomon bidʼatlar hisoblanadi!
Alhissa shuki, bidʼatni yaxshi va yomonga ajratishni salafi solihlarning oʻzi boshlab bergan. Binobarin, bidʼatning yaxshisi yoki yomoni boʻladi, degan fikrni ilgari suradigan ahli sunna ulamolari aynan salafi solihlarning yoʻlini tutmoqda. Shunday ekan, har qanday bidʼat ham zalolat boʻlavermasligi shubhasizdir.