Dunyoda ijtimoiy tinchlikni qaror toptirish qonun ustuvorligini anglashni talab qiladi.
Sir emaski, taʼlimning vazifasi odamlarning savodini chiqarish va hayotning kurash maydoniga ijobiy xislatlar bilan kira oladigan avlodni tarbiyalashdir. Zero har qanday jamiyatda maʼnaviy mezon moddiylikdan ustun qoʻyilgan. Voqelikka taʼsir oʻtkazish va uning hukmronligini mutlaq qoʻlga olish uchun tinchlik tushunchasini umumlashtirish kerak. Yaʼni, tinchlikni hammaning maqsadi, insoniyatning birinchi talabi, jamiyatning turli vakillari va barcha dinlar uchun mushtarak boʻlgan narsa deb eʼtiborga olish zarur. Jamiyat orasida oʻzaro mehr-muhabbat va odob-axloqni yoyish kerak. Chunki, fiqh hukmlarini din maqsadlaridan ajratish natijasida yuzaga kelgan salbiy tushuncha qarama-qarshi fikrlar tarqalishiga olib keladi.
Qoidalarga asoslangan holda umumiy maqsadlardan kelib chiqib, “tinchlik fiqhi” masalasini shariat dalillari asosida koʻrib chiqsak.
Birinchi qism. Tinchlik maqsadini tushunish sabablari va sharʼiy hukmni tushunishda uning taʼsiri.
Hozirgi vaqtda ijtimoiy tinchlik masalasi haqida gapirish oʻzini tiyish kabi oson ish hisoblanadi. Chunki butun dunyo tinchlikka intiladi, uning fazilatlari haqida gapiradi, unga daʼvat qiladi. Lekin haqiqat tinchlikdan uzoqroq va urushga yaqinroq koʻrinadi. Mana shu achinarli haqiqat tinchlik muammosini hal qilishga va uning ayniqsa, jamiyatda yoʻqligining sabablarini izlashga undaydi. Tinchlikka erishishga odamlar oʻrtasidagi tafovut ham, manfaatlari va his-tuygʻularining turlicha boʻlishi ham, xohishlarining farqlanishi ham toʻsqinlik qilmaydi. Chunki bu tafovut va farqlanishlar tabiiy va fitriydir. Tinch-totuv yashash dinning talabidir. Din mutlaqo fitriy majburiyatlarga zid emas va hech qachon tabiatan berilgan narsalarga muxolif boʻlmaydi.
Shunday ekan, musulmonlarning holati va sharoitini hisobga olgan holda, unga haqiqiy diniy muolaja koʻrsatilishi kerak. Bu esa faqat dinning asoslarini chuqur, puxta tushunish bilangina davolanadi. Ehtimol, tinchlik fiqhiga olib boruvchi birinchi yoʻl atamalarni tushunish va u bilan bogʻliq tushunchalarni idrok qilishdir.
Yakkaxudolik dinlarining fazilatlarni qaror toptirish borasidagi birligi muqaddas matnlar bilan tasdiqlangan haqiqatdir. Yahudiylik va nasroniylik aniq va ravshan matnlarida Allohga shirk keltirmaslik, ota-onaga yaxshilik qilish, oʻlchov va tarozida halollik va ahdlarni hurmat qilishga chaqirgan. Oʻzga jonni nohaq oʻldirish, zino, yetimning molini yeyish, isrofgarchilik, takabburlik, magʻrurlanish va yolgʻon guvohlik berishdan qaytargan. Muqobilida islom fazilatli amallar bilan bezanish va yomonliklardan saqlanishni talab qilgan. Milliy va umumijtimoiy xavfsizlikka intilgan. Islomdan oldin yahudiy va nasroniy dinlari ham xuddi shu maqsadni koʻzlagan. Ularning muqaddas matnlarida ijtimoiy xavfsizlikni targʻib qilishga qaratilgan bir xil buyruq va taqiqlar belgilangan.
Yahudiylarning “Chiqish va Qonunlar” kitobida bunday kelgan: “Otang va onangni hurmat qil, toki Egang Xudo senga bergan yurtda umring uzoq boʻlsin. Qotillik, zino, oʻgʻrilik qilma. Qarindoshingga yolgʻon guvohlik berma. Qarindoshingning uyi va ayoliga koʻz olaytirma. Uning qulini, choʻrisini, hoʻkizini, eshagini, unga tegishli biron narsani koʻzlama”.
Nasroniylarning Injili (“Matto va Mark xushxabari”)da bunday deyilgan: “Abadiy hayotni qoʻlga kiritish uchun nima qilish kerak, deb bir yigit Iso alayhissalomdan soʻradi? U zot: “Abadiy hayotga kirishni istasang, vasiyatlarga amal qil!” dedilar. U: “Qanday vasiyatlar?” deb soʻradi. U zot: “Jonni oʻldirma, zino, oʻgʻrilik qilma, yolgʻon guvohlik berma, ota-onangni hurmat qil va qarindoshingni oʻzingdek yaxshi koʻr”, dedilar”.
﴿ قُلْ تَعَالَوْا أَتْلُ مَا حَرَّمَ رَبُّكُمْ عَلَيْكُمْ أَلَّا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَلَا تَقْتُلُوا أَوْلَادَكُمْ مِنْ إِمْلَاقٍ نَحْنُ نَرْزُقُكُمْ وَإِيَّاهُمْ وَلَا تَقْرَبُوا الْفَوَاحِشَ مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَمَا بَطَنَ وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ ذَلِكُمْ وَصَّيكُمْ بِهِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ ﴾
Qurʼoni karimda: “Ayting: Keling, Pabbingiz cizlapga hapom qilgan napcalapni tilovat qilib bepaman: «Unga hech napcani sherik qilmang! Ota-onangizga yaxshiliĸ qiling! Ochliĸdan qoʻpqib, bolalapingizni oʻldipmang. Biz cizlapni ham, ylapni ham pizqlantipypmiz. Fahsh-byzyq ishlapning oshĸopaciga ham, maxfiyciga ham yaqinlashmang. Alloh hapom qilgan jonni oʻldipmang. Magap haq ila boʻlca, mayli. Ushbylapni cizga amp qildiĸĸi, shoyad aql yupitcangiz”[1], deb aytilgan.
Imom Bagʻaviy aytadi: “Alloh taolo nabiylarning barchasini din, doʻstlik, birlikni barpo qilishga chaqirib, boʻlinish va ixtilofni tark etishni buyurdi”.
Shunday qilib, yakkaxudolik dinlari oʻrtasidagi pirovard maqsad nuqtai nazaridan umumiylik insoniyat jamiyatini tashkil etish va jamoat xavfsizligiga erishish ekanligi tasdiqlanadi. Maqsad odamlarning osoyishta, tinch va xotirjam yashashidir. Bu maqsad yoʻlida zino, yolgʻon guvohlik berish va boshqa shu kabi jamiyatda fitna qoʻzgʻatishga olib keladigan ishlardan yiroq boʻlish zarurdir.
Diniy nuqtai nazardan qaraganda eʼtiqodda ham, xatti-harakatlarda ham tinchlikni joriy qilish uchun ijtimoiy xavfsizlik choralarini soddalashtirish kerak.
﴿ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ ﴾
Alloh taolo: “Ey iymon keltirganlar! Islomga toʻligʻicha kiring va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir”[2], dedi.
Tinchlik neʼmati insonning dunyoviy manfaatlari uning ustiga barpo qilinadigan poydevorlardan hisoblanib, ulardan biri qoʻzgʻalsa, manfaatlar ketib, oʻrnini buzgʻunchilik egallaydi. Natijada insonlar dunyo saodati va lazzatidan mahrum boʻladi. Bu saodat esa ijtimoiy va ozuqaviy xavfsizlik va jismoniy sogʻlik hisoblanadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki oʻz uyida tinch-omon, tanasi sogʻ, kuniga yetarlik ozuqasi bor holida tong ottirsa, goʻyo unga dunyo yaxshiliklari berilgandek”[3], dedilar.
Barcha yakkaxudolik dinlarida tinchlikning ahamiyati ochiq-oydin taʼkidlangani va umuminsoniy qadriyat hisoblanishini inobatga olib, tinchlik masalalari va uning muammolari bilan shugʻullanish tashvishi olimlar va nazariyotchilarni ham oʻylantirsa kerak. Hatto hukmdor va amaldorlarning ham katta eʼtiborini tortgan. Shunga koʻra, musulmon jamiyatida tinchlik muammosi hal qilinuvchi masaladir. Shuning uchun yuqori saviyada ilmiy izlanishlar olib borish va uning tadqiqotiga professional universitet olimlari tomonidan mustahkam ilmiy usullar va mantiqiy qoidalar bilan murojaat qilish maqsadga muvofiqdir. Bu ishlar, unga aloqador boʻlganlarni toyilishdan va tadqiqot natijalarini mafkuraviy kirib borishdan himoya qiladi.
Tinchlik muammosi birinchi navbatda diniy masala boʻlgani uchun uni fiqhiy tomonlama hal qilish kerak. Zero dinlar uchun fiqhning zarurligi, xuddi badanlarga tibbiyotning zaruratidek.
Fazilatli Shayx Abdulloh ibn Bayya faqihlarning tinchlik toʻgʻrisida kelgan oyat, hadislardan chiqarib olgan hukmlariga ergashib: “Tinchlik – tortishuv va urushdan saqlanish, doʻstlik va muhabbatga intilish”, degan xulosaga kelgan. Bu fiqhiy taʼrif boʻlib ikkita bir-birini toʻldiruvchi jihatga ega: birinchisi, tortishuv va urushni taqiqlovchi buyruq, ikkinchisi, doʻstlik va muhabbatga hamda ularni xalq orasida tarqatishdan iborat gʻoyaviy maqsad.
Olimlar ijtimoiy xavfsizlikka tahdid soladigan unsurlardan bir qanchasini sanab, bu ishning mutlaqo notoʻgʻri yoʻl ekanini oyat, hadislar bilan ham isbotlab bergan. Jumladan, moddiy, maʼnaviy va fikriy zoʻravonlikka dalillar keltirgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi uchun boshqa musulmonni qoʻrqitish halol boʻlmaydi”[4], deb aytganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim moʻmin birodariga qurol oʻqtalsa, farishtalar uni laʼnatlaydi”[5], deganlar.
“Qisqa soʻz bilan boʻlsa ham moʻminning oʻldirilishiga yordam bergan kishi peshonasiga “Allohning rahmatidan mahrum boʻlgan” deb yozilgan holida Rabbiga yoʻliqadi”[6].
Yuqorida zikr etilgan har bir dalilni mulohaza qilganda, zoʻravonlik baʼzan moddiy boʻlib, qotillik, urush va janjalni oʻz ichiga oladi. Baʼzan zoʻravonlikka fikr va rejani taqdim qilish orqali erishiladi. Bu fitnaga sabab boʻladi. Fitna esa ijtimoiy tartibsizliklar va xavfsizlik muvozanatining buzilishiga olib keladi. Muhammad Tohir ibn Oshur aytadi: “Fitnaning maʼnosi fikrlarning buzilishi, harakatlarning notoʻgʻri yoʻnaltirilishi, odamlar qalbida ehtiyotkorlik va hadik paydo boʻlishidir”.
Odamlar orasida doʻstlik rishtalarini bogʻlash, mehr-muhabbatni yoyish ijtimoiy xavfsizlikni barqarorlashtirish va uni mustahkamlashga sabab boʻladigan unsurlar hisoblanadi. Umuman olganda, bu yakkaxudolikka eʼtiqod qiluvchi barcha dinlar uchun umumiydir. Lekin hayot shuni koʻrsatadiki, islom dini doʻstlik va birodarlikni musulmonlarning oʻzaro va boshqalar oʻrtasidagi eng zarur burchlaridan biri qilib qoʻydi. Bundan dalolat beruvchi oyatlar juda koʻp. Jumladan,
﴿ إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ ﴾
Alloh taolo: “Albatta, moʻminlar dinda oʻzaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz oʻrtasini tuzatib qoʻyingiz va Allohdan qoʻrqingiz, shoyad rahm qilinsangiz”[7], dedi.
Islom qonunchiligi zoʻravonlikni harom qilib, uning yuqorida zikr etilgan har bir turi uchun xavfsizlik va tinchlikka taʼsir qilish darajasiga koʻra tegishli jazoni tayinladi. Biroq, bu intizomiy jazo oʻshanday qabohatlarni man qilish, qotillik va bezorilikka chora qoʻllash, Allohning rahmatidan noumid boʻlish va Uning laʼnatiga duchor boʻlishdan tushirib yuborgani yoʻq.
Islom shariatining umumiy va oliy maqsadi jamiyatni tartibga solishdir, xavfsizlik va tinchlik esa bu maqsadga erishish, uning davomiyligi va uzluksizligi uchun asosdir.
Islom xalq, davlat va jamiyatga qarshi chiqishni mutlaqo qoralaydi. Bu chiqish hokimiyatga intilish yoki zoʻravonlik yoʻli bilan hukmdorni agʻdarish boʻladimi yoki jamoat xavfsizligini buzish, imomga boʻysunmaslik va qonunga hurmatsizlik qilish orqalimi boʻladimi farqi yoʻq. Islom uni fiqhiy istilohda “isyon” jinoyati, sharʼiy istilohda “bezorilik” jinoyati deb nomladi. Islom jamoat xavfsizligini buzish jinoyatlarini oʻziga xos tarzda muolaja qildi. Ijtimoiy intizomni oʻrnatdi va odamlarni birlashtirib, birdamlikka chaqirdi hamda firqalanishdan qaytarib:
﴿وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا﴾
“Hammangiz Allohning “arqoni”ni (dinni) mahkam tuting va firqalarga boʻlinmang”[8], deb buyurdi.
Alloh taolo samoviy dinlarning mazmuni bir ekanini bayon qilganidan soʻng, insoniyat jamiyatida dinni barpo qilishni shart qildi.
﴿شَرَعَ لَكُمْ مِنَ الدِّينِ مَا وَصَّى بِهِ نُوحًا وَالَّذِي أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ وَمَا وَصَّيْنَا بِهِ إِبْرَاهِيمَ وَمُوسَى وَعِيسَى أَنْ أَقِيمُوا الدِّينَ وَلَا تَتَفَرَّقُوا فِيهِ كَبُرَ عَلَى الْمُشْرِكِينَ مَا تَدْعُوهُمْ إِلَيْهِ اللَّهُ يَجْتَبِي إِلَيْهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَهْدِي إِلَيْهِ مَنْ يُنِيبُ ﴾
“(Alloh) sizlar uchun din boʻyicha Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani – shariat qildi: “Dinni barpo qilingiz va unda firqa-firqaga boʻlinmangiz!” (Ey Muhammad!) Mushriklarga Siz daʼvat qilayotgan narsa (tavhid) ogʻirlik qildi. Alloh unga (dinga) Oʻzi xohlagan kishilarni tanlar va Unga inobat qiladigan kishilarni hidoyat sari yoʻllar”[9]. Alloh taolo bandalari orasidan musulmon boʻlganini “Rahmonning bandalari”, deb vasf qilib:
﴿وَعِبَادُ الرَّحْمَنِ الَّذِينَ يَمْشُونَ عَلَى الْأَرْضِ هَوْنًا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ الْجَاهِلُونَ قَالُوا سَلَامًا﴾
“Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bemaʼni) soʻz qotganda “Salomatlik boʻlsin!” deb javob qiladigan kishilardir”[10].
Odamlar oʻrtasida tinchlik va himoya vositalarini yoʻlga qoʻyish jamiyatni boʻlinish, nizo va tarqoqlikdan saqlaydi. Shuning uchun Islom fitna va uning sabablaridan qaytarib, yarashuv, afv va oqlash hukmlarini qoʻllashni yoqlaydi.
﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا﴾
Alloh taolo: “Agar moʻminlardan ikki toifa oʻzaro urushib qolsalar, darhol ular oʻrtasini isloh etingiz!”[11] dedi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga roʻza, namoz va sadaqaning savobidan yaxshiroq narsa aytaymi?” dedilar. Ular: “Ha”, dedi. U zot: “Orani isloh qilish. Zero, oraning buzilishi qiruvchidir. Men, sochni qiradi demayapman, balki dinni qiradi”[12], dedilar.
Islom doim tinchlikka buyuradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo hech qachon bundan oldin harom qilgan fitnani halol qilmadi. Sizlardan biringiz birodarining oldiga kelib salom beradi. Soʻngra yana uning oldiga kelib, uni oʻldiradi, bu qanday ish?”[13] dedilar.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, islom dini buyruq va koʻrsatmalarida ijtimoiy hayot va insonlarning xavfsizligi uchun eng manfaatli qarorlarni chiqargan. Yuksak qadriyatlar hurmat qilish, odob-axloq tamoyillariga rioya etish hamda aholi orasida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlashni himoya qilib, mustahkamlaydi. Bu masalalar samoviy dinlarning barchasida bir xil aks ettirilgan. Zero, Alloh taolo hamma paygʻambarlarga insonlarni tinch-totuv, doʻstlik, birodarlik, mehr oqibat bilan yashashga buyurib, oʻzaro adovat, nafrat, zoʻravonlik, urush kabi razilliklardan qaytargan. Aqlli inson ijtimoiy xavfsizlikka tahdid soladigan omillardan uzoq boʻlib, har xil adashgan toifalarning yolgʻonlariga uchmaydi. Aksincha, moʻtabar olimlarning soʻzlariga quloq solib jamiyatga foyda keltirish harakatida boʻladi.
Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi