Home / MAQOLA / TINCHLIK SHARʼIY MAQSAD, DINIY VA DUNYOVIY ZARURATDIR

TINCHLIK SHARʼIY MAQSAD, DINIY VA DUNYOVIY ZARURATDIR

Insoniyat umr davomida ezgu maqsadlarga erishish uchun doimo saʼy-harakatda boʻladi. Orzu-umidi roʻyobi, farzandlari kamolotini koʻrishi uchun eng zarur omil bu shubhasiz tinchlik va osoyishtalikdir.

Bugungi globallashuv jarayoni har birimizdan yurt taraqqiyoti, avlodlar kelajagi va jamiyatning ertangi kuni uchun qaygʻurish, tinch va osoyishta hayotga raxna solayotgan turli tahdidlarga birgalikda kurashishni taqozo qilmoqda.

Keling, tinchlikni targʻib qilishni uch qismga boʻlib koʻrib chiqsak:

birinchi – tinchlik, diniy va dunyoviy manfaatlar;

ikkinchi – tinchlik va uning islom fiqhidagi oʻrni;

uchinchi – xavfsizlik va tinchlik oʻrtasidagi bogʻliqlik.

Birinchi qism: tinchlik, diniy va dunyoviy manfaatlar

Islom dini oʻz mohiyatiga koʻra, haqiqat, tavhid, ezgulik, adolat, xayrixohlik va bagʻrikenglikka chaqiradi. Chin maʼnoda uning dunyoda yoyilishi insoniyatga adolat, xavfsizlik va osoyishtalikni inʼom qilib, uni jaholat, adolatsizlik, tartibsizlik va urushlar zulmatidan saqlaydi. Islom faqat insoniyatni baxtli qilishga xizmat qiladi. Bu oliy maqsadni amalga oshirish uchun islom targʻibot, tushuntirish, dalilni asoslash yoʻllariga tayanadi. Dinda hech qanday majburlash va boʻysundirish yoʻq. Alloh taolo bir necha oyatlarda bu haqda marhamat qilgan: “Dinda zoʻrlash yoʻq”[1], dinsiz yoki boshqa dindagi odamni oʻz diniga majburlab kiritish mumkin emas. “Biz Sizni (qiyomatda barcha ummatlarga) guvoh boʻluvchi, (jannat xaqida) xushxabar beruvchi va (doʻzax azobidan) ogohlantiruvchi etib yubordik”[2], Alloh taolo Paygʻambar alayhissalomga uni dinga zoʻrlab kirgizish emas, balki dinni tushuntirib berish uchun yuborganini aytmoqda. “Bas, (ey Muhammad! Ummatingizga) eslating! Zotan, Siz (hozircha) faqat eslatuvchidirsiz. Ularning ustidan zoʻravonlik bilan hukm yurgizuvchi emassiz”[3], Paygʻambar alayhissalom ham, ummatlar ham odamlarni faqat toʻgʻri yoʻlga chaqirishi mumkin. Ularni dinga majburlash va ustidan zoʻravonlik bilan hukm yuritish Alloh taoloning amru hukmlariga mutlaqo ziddir.

Odamlarni ezgulikka chaqirish faqat tinchlik va farovonlik muhiti boʻlgandagina muvaffaqiyatga erishiladi. Chunki islom daʼvati faqat xavfsizlik va barqarorlik sharoitidagina tarqalib, kutilgan samarani bera oladi. Dinni niqob qilib, din va jamiyat tinchligini buzish aslida islom dinni yomonotliq qilishga qaratilgani oydek ravshan. Binobarin, tinchlik shariat maqsadlari va manfaatlarining eng yuqori pogʻonasida turadi.

Insoniyatning tinchlikka ehtiyoji suv va havoga ehtiyoji kabidir. Shuning uchun Qurʼoni karimda tinchlikning hayotiy zarurligi haqida bir necha oyatlar kelgan. Tinchlik Alloh taoloning bandalariga neʼmati va marhamatidir. Noshukrlik esa Parvardigorning laʼnati va jazosiga olib boradi. Haq taolo aytadi:

“Alloh bir shaharni (Makkani) misol keltirur: u tinch, sokin (shahar) edi, har tomondan rizqi kengu moʻl kelib turar edi. Bas, u (aholisi) Allohning neʼmatiga noshukrlik qilgach, Alloh uni (aholisiga) bu “hunarlari” sababli ochlik va xavf libosi (balosi)ni “totish”ga majbur etdi”[4]. “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yoʻli bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)!”[5].

Quraysh haqida bunday degan: “Quraysh (ahli)ga qulay qilib qoʻygani uchun, (yaʼni) ularga qishda (Yamanga) va yozda (Shomga) safar qilishni qulay qilib qoʻygani uchun mana shu Uy (Kaʼba)ning Parvardigoriga ibodat qilsinlar! Zero, (U) ularni ochlikdan (qutqarib) toʻydirdi va xavf (va xatar)dan omon saqladi”[6].

“Eslang, ey Ibrohim: “Ey Rabbim, buni (Makkani) tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilariga (turli) mevalardan rizq qilib bergin!” deganida, Alloh: “(Ulardan) kofir boʻlganlarini esa, biroz rizqlantirib, soʻngra doʻzax azobiga mubtalo eturman. Bu oʻta yomon oqibatdir”, dedi”[7].

(Ey Muhammad!) eslang, Ibrohim aytgan edi: “Ey Rabbim! Bu shaharni (yaʼni, Makkani) tinch qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sigʻinishdan yiroq qilgin!”[8].

Baqara surasidagi oyatda Ibrohim alayhissalomning tinchlik duosi dunyo (rizq) duosi bilan qoʻshilgan. Ibrohim surasidagi oyatda esa tinchlik duosi din borasidagi duo bilan davom etadi. Bu din manfaatlari ham, dunyo manfaatlari ham tinchlikka bogʻliqligidan dalolat beradi.

Shuning uchun U zot alayhissalom Makka moʻminlari uchun tinchlik va keng rizq soʻrab duo qilgan. Chunki u yerda na daraxt, na ekin oʻsadi. Tinchlik boʻlmasa, oziq-ovqat kirib kelmaydi. Oziq-ovqatsiz esa hayot boʻlmaydi.

Bu – dunyo nuqtai nazaridan edi. Ammo din nuqtai nazaridan oladigan boʻlsak, agar yurt tinch boʻlsa, moʻl-koʻlchilik boʻladi. Shunda odamlar Alloh taologa koʻproq itoat va ibodat qiladi. Agar tinchlik boʻlmasa, odamlar ibodatdan chalgʻiydi va faqat tinchlikka daʼvat bilan ovora boʻlib qoladi.

Boshqa tomondan olganda, Alloh taolo oʻsha Uy (Kaʼba)ni odamlar uchun ziyorat qilib toʻymaydigan makon qilib qoʻygan. Kaʼba va uning tevaragi tinch boʻlsagina odamlar u yerga bora oladi. Bemalol haj amallarini bajaradi. Shu buyuk ibodatni bajarish uchun, albatta, tinchlik boʻlishi zarur. Demak, osuda hayot va ibodatlarni toʻliq ado etish faqat tinchlik va osoyishtalik bilandir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, (U Zot) bu ishni oxiriga yetkazadi, hatto otliq Allohdan oʻzgadan yoki suruvi uchun boʻridan qoʻrqmagan holda Sanʼodan Hazramavtga boradigan boʻladi”,[9] deganlar.

Ey moʻmin-musulmon birodarlar, tinchlikni pirovard maqsadga aylantiraylik! Tinchlik – har tomon yoyilishi va dunyoni yaxlit qoplashi bilan komildir. Tinchliksiz biror narsaga erishib boʻlmaydi.

Ikkinchi qism: tinchlik va uning islom fiqhidagi oʻrni

Musulmon faqihlari xavfsizlikning ahamiyatini barcha diniy va dunyoviy manfaatlar tinchlikka bogʻliqligi nuqtai nazaridan soʻz yuritadilar. Buni davlatning eng muhim vazifalaridan biri deb bilganlar. Kim xalqning tinchlik borasidagi haq-huquqlarini eslatsa, hayotiy zarurat boʻlgan oziq-ovqat taʼminotidek oʻta muhim masaladan ham oliyroq amalni bajargan boʻladi. Tinchlik taʼminlansa, odamlar rizq topish, oʻz yumushlarini risoladagidek bajarish imkoniga ega boʻladilar. Tinchlik boʻlmagan joyda esa bularning barchasi imkonsiz boʻlib qoladi va kundalik hayot tarzi ham ostin-ustun boʻlib ketadi. Odamlarda tanglik paydo boʻlib, mehr-oqibat yoʻqoladi. Davlat tuzilishiga putur yetadi, jamiyat parokanda boʻladi. Tartibsizlik, boshboshdoqlik avj oladi. Diniy va dunyoviy manfaatlar poymol boʻladi. Bunining oldini olish, tinchlikni taʼminlash davlatning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Imom Movardiy ushbu masalani rahbarning xalq oldidagi vazifasi ekanini taʼkidlab: “Odamlar oʻz hayotini oʻzi boshqarishi, joni va mol-mulkini xavf-xatardan xoli qoldirgan holda sayohatlarga bemalol borishi uchun davlat va rahbar insonlarni himoya qilishi, zarur shart-sharoitni yaratib berishi”[10] lozimligini zikr qilgan. Ikki Harami sharif imomi Abdulmalik Juvayniy “Gʻiyosul umam” asarida shunga oʻxshash fikrni aytgan. Imom Movardiy mashhur “Adabud dunyo vad din” asarida bunday degan: “Tinchlikka erishish bu shunday holatki, unda qalblar xotirjam boʻladi, tashvishlar yoʻqoladi. Unda begunohlar yashaydi va zaiflar taskin topadi. Qoʻrqib yashagan kishida orom, xavfsiragan kishida esa xotirjamlik boʻlmaydi”.

Baʼzi donishmandlar tinchlik eng samarali, farovon hayot, adolat esa eng kuchli qoʻshin ekanini aytgan. Chunki qoʻrquv odamlarni manfaatlardan toʻsadi. Maʼqul va maqbul turmush tarziga toʻsqinlik qiladi. Jismu jonini xotirjam qiladigan va jamiyatlarini tartibga soladigan moddiy sabablardan toʻxtatadi”[11].

Ibn Rizvon Molikiy “Ash-Shahbul lomia fis siyosatin nofia” asarida: “Mamlakatlarning eng yomoni tinch boʻlmaganidir”, degan.

Movardiy esa bunday deb taʼkidlagan: “Bilingki, dunyoning toʻgʻriligi uning tartib va tizimga solingan ishlari bilandir. Uning olti qoidasi bor, bular: ergashiladigan din, kuchli va odil rahbar, keng qamrovli adolat, tinchlik, doimiy unumdorlik va katta umid”.

Uchinchi qism: tinchlik va xavfsizlik oʻrtasidagi bogʻliqlik

Xavfsizlik va tinchlik yaxlit bir hodisa sanaladi. Sulh ham tinchlik omilidir. Xavfsizlik bor ekan, tinchlik boʻladi. Xavfsizlik qoʻrquvning ziddini, tinchlik manfaatni bildiradi. Xavfsizlikning hammaga foydasi tegadigan natijasi boʻlmasa, bu haqiqiy xavfsizlik emas.

Islom tinchlikka chaqiradi, tinchlikni targʻib qiladi. Tinchlikni insonlararo, jamiyatlar va davlatlararo munosabatlar uchun asos, zamin deb hisoblaydi. Har doim tom maʼnodagi tinchlikka intilishga chorlaydi.

Alloh taolo bunday degan: (Ey Muhammad!) agar ular tinchlikka moyil boʻlsalar, siz ham moyil boʻling. Allohga tavakkul qiling, albatta, U eshitguvchi va bilguvchi zotdir”[12].

Alloh taolo nabiyiga dushmanlar tinchlik-sulhni taklif qilsa, qabul qilishni buyurgan. Qarama-qarshi tomon astoyidil tinchlik bitimini soʻrasa, oradagi adovatga qaramay, tinch hayotga qaytishga toʻsqinlik qilmaydi. Ana shu haqiqiy tinchlikdir.

Garchi mufassirlarning bu oyat haqidagi fikrlari turlicha boʻlsa-da, asosiy xulosa shuki, tinchlik bitimi musulmonlar manfaatlari doirasida boʻladi. Oyatning zohiriy maʼnosi shunday. Baʼzi mufassirlar uning nasx boʻlganini, ayrimlari nasx boʻlmaganini aytgan. Saddiy va Abu Zayd aytganki, “Oyatning maʼnosi bunday: “Sizni sulhga chaqirsa, ijobat qiling”. U nasx boʻlmagan”. Ibn Arabiy bunday degan: “Agar musulmonlar uchun sulhda foyda keltiradigan yoki zararni ketkazadigan manfaat boʻlsa, ular sulhni birinchi boʻlib boshlashida zarar yoʻq. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xaybarliklar bilan sulh tuzganlar. Ular shartlarni buzgandan soʻng sulh bekor boʻlgan. Shuningdek, Zamriy, Akaydir Duma va Najron ahllari bilan ham sulh tuzilgan”[13]. Qurtubiy bunday fikr bildirgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Umar ibn Xattob roziyallohu anhu va undan keyingi koʻp rahbarlar davrida ajam oʻlkalari bilan ulardan biror narsa olmaslik va oʻzidagi narsalarni oʻzida qoldirishni nazarda tutuvchi sulh tuzganlar. Garchi, ularni yoʻq qilib yuborishga qodir boʻlgan esa-da”[14].

Alloh taolo moʻmin bandalarini islomga, yaʼni tinchlikka toʻliq kirishga chaqirgan va shaytonga ergashishdan ogohlantirib: “Ey imon keltirganlar! Islomga toʻligʻicha kiringiz va shaytonning izidan ergashmangiz!”[15] degan. Shu bilan birga, Alloh taolo moʻmin bandalariga, agar dinda ularga qarshi boʻlganlar jang qilishdan toʻxtab, sulh tuzsa, ular bilan urush qilishga yoʻl yoʻqligini bayon etib, bunday marhamat qilgan: “Agar sizdan chetlansalar va siz bilan urushmasdan tinchlikni taklif qilsalar, Alloh sizlarga buning ziddiga (ular bilan urush qilishga) yoʻl bermas”[16]. Soʻng Alloh taolo agar ular tinchlik degan asosiy tamoyilga rioya qilmay, dushmanlik va urush yoʻlini tutsa, bunga qanday munosabatda boʻlish mumkinligini bunday bayon qilgan: “Agar sizdan chetlanmasalar (xoli qoʻymasalar), sizga tinchlikni taklif qilmasalar va qoʻllarini tiymasalar (tortmasalar), bas, ularni tuting va qayerda topsangiz ham qatl eting. Ana oʻshandaylar ustidan (hukm qilishingiz uchun) sizga ochiq haq (izn) berdik”[17]. Ibn Jarir Mujohiddan rivoyat qilishicha, bu oyati karima makkalik bir qavm haqida nozil boʻlgan. Ular Paygʻambar alayhissalomning huzurlariga kelib, riyo uchun “musulmon” boʻlar edi. Soʻng qurayshliklar oldiga borib, ular bilan birga butlarga ibodat qilardi. Shu tariqa ikki tomondan ham omon qolmoqchi boʻlar edi.

Bu oʻrinda Alloh taoloning: “Ana oʻshandaylar ustidan (hukm qilishingiz uchun) sizga ochiq haq (izn) berdik” degan soʻzlariga toʻxtalib oʻtish lozim boʻladi. Chunki, ushbu haq bizga jang qilish uchun ochiq-oydin hujjat va aniq dalil boʻladimi, degan savol paydo boʻladi. Ibn Odil Damashqiy bunday degan: “Bu oyat shundan dalolatki, agar ular jang qilishdan voz kechib, bizdan sulh soʻrasa va aziyat berishdan tiyilsa, ularga qarshi urush qilishimiz joiz emas”.

Quyidagi oyatlarda ham shunga oʻxshash hukmlar bor: “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas”[18].

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan birga umra qilish uchun Makka tomon yoʻlga chiqdilar va Makka yaqinidagi Hudaybiya degan joyga toʻxtadilar. Bu oʻsha yerdagi bir quduqning nomidan olingan. Mushriklar u zot alayhissalomni Baytullohga kirishdan toʻsgani uchun Hudaybiyada bir oy qolib ketdilar. Soʻng mushriklar bilan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu gal qaytib ketib, kelasi yili kelsalar, Makkani u zot alayhissalom uchun uch kun boʻsh qoldirish toʻgʻrisida sulh tuzildi. Bundan tashqari, ular u zot alayhissalom bilan oʻn yil urush qilmaslik toʻgʻrisida ham bitim tuzdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga qaytib ketdilar. Keyingi yili (umraning) qazosini oʻtash uchun yana yoʻlga chiqdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari mushriklar ular bilan urush qilishidan xavotirlanib, urush harom qilingan oyda jang qilishni xushlamadilar.

Yuqoridagi barcha oyatlar adolatni taqozo etadi va tinchlikka xizmat qiladi. Ular negizida sulh (tinchlik) bilan xavfsizlik oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik, uzluksiz va muvozanatli aloqa namoyon boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, muqaddas Islom taʼlimotini sof holatda yetkazish va uni buzib koʻrsatishga harakat qilayotgan din dushmanlariga maʼrifiy uslullar bilan qarshi kurashishni yanada faollashtirish zarurdir. Shundagina yurtdagi tinch va osuda hayot baraqaror boʻladi. Zero, tinchlik hukmron yurt har tomonlama yuksalishga erishadi.

Qodirxon MAHMUDOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Baqara surasi, 256-oyat.
[2] Ahzob surasi, 45-oyat.
[3] Gʻoshiya surasi, 21-22-oyat.
[4] Nahl surasi, 112- oyat mazmuni.
[5] Baqara surasi, 155-oyat mazmuni.
[6] Quraysh surasi mazmuni.
[7] Baqara surasi, 126-oyat mazmuni.
[8] Ibrohim surasi, 35-oyat mazmuni.
[9] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy. J.4. 3612-hadis. –Toshkent: Hilol-Nashr, 2018. –B. 628.
[10] Abulhasan Movardiy. Al-Ahkous sultoniya. – Qohira. Dorul hadis, 2006. –B. 40.
[11] Abulhasan Movardiy. Adabud dunyo vad din. – Bayrut: Dorul minhoj, 2013. –B. 231.
[12] Anfol surasi, 61-oyat mazmuni.
[13] Qurtubiy. Al-Jomiʼul ahkomil Qurʼon. J.10. –Bayrut. Muassasatur risola, 2006. –B. 64.
[14] Qurtubiy. Al-Jomiʼul ahkomil Qurʼon. J.10. –Bayrut. Muassasatur risola, 2006. –B. 63.
[15] Baqara surasi, 208-oyat mazmuni.
[16] Niso surasi, 90-oyat mazmuni.
[17] Niso surasi, 91-oyat mazmuni.
[18] Mumtahana surasi, 8-oyat mazmuni.

Check Also

ISLOM MUTAASSIBLIKKA QARSHI

Islom dini inson hayotining har bir jabhasini oʻzida mujassam etgan, har zamonga mos ezgulikka asoslangan …