Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filialida “Radikalizm – jamiyat barqarorligiga tahdid” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazdi. Taʼlim muassasasi rahbariyati, pedagog-oʻqituvchilar va talaba-yoshlar qatnashgan uchrashuvda ilmiy xodimlar radikalizmning jamiyat taraqqiyoti va inson hayotiga tahdidi borasida maʼruza qildi.
Ichki va tashqi gʻanimlarimiz maʼnaviyatimizga hujum qilish, yoshlarimiz ongini turli yoʻllar bilan zaharlashga urinayotgan hozirgi murakkab sharoitda eʼtiqodi zaif, maʼnaviyati qashshoq kimsalar ularning qutqusiga uchrab, badnom boʻlishi mumkin. Shuning uchun ulkan islohotlar amalga oshirilayotgan Oʻzbekistonda oʻz mustahkam eʼtiqodiga suyangan, tanlagan yoʻlidan qaytmaydigan, Vatan shaʼnini har narsadan ustun biladigan yoshlarni tarbiyalash davr talabidir. Zero, sogʻlom eʼtiqod va mustaqil fikrga ega boʻlgan yoshlargina yurtimiz farovonligini yuksaklarga koʻtara oladi.
Maʼruzachilar maʼnaviyati yuksak va tafakkuri teran, yot gʻoyalarga koʻr-koʻrona ergashmaydigan, imon-eʼtiqodi butun avlodni voyaga yetkazish uchun eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlarga toʻxtaldi.
Tadbir yakunida oliy taʼlim muassasasi kutubxonasiga Markaz adabiyotlari taqdim etildi.