Home / YANGI NASHRLAR / Imom Buxoriy asarlari mukammal oʻrganilib, targʻib etilmoqda

Imom Buxoriy asarlari mukammal oʻrganilib, targʻib etilmoqda

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Imom Buxoriyning “Kitobuz zuafois sagʻir” (Zaif roviylar haqida kichik kitob) asari ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilinishi yuzasidan brifing oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmati rahbari Sherzod Mamatov ushbu mavzu yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan muhaddislar sultoni – Imom Buxoriyning “Kitobuz zuafois sagʻir” (Zaif roviylar haqida kichik kitob) asari xalqimiz tarixida birinchi bor oʻzbek tiliga oʻgirildi.

Kitob hadis ilmiga oid boʻlib, zaif darajali hadis roviylarini aniqlashga bagʻishlangan. Unda 418 nafar roviy haqida maʼlumot jamlangan. Asar alifbo tartibida yozilgan boʻlib, roviylar haqidagi maʼlumotlar qisqa va aniq tarzda keltirilgan. Oʻz davrida ulamolar ushbu kitobdan eng ishonchli va zaif roviylarni aniqlashda muhim manba sifatida foydalangan.

Hadislarni saralab, ishonchlisini toʻplash nihoyatda mashaqqatli ish boʻlib, muhaddisdan roviylar tarixi, shaxsi va sifatlarini chuqur bilish talab etilgan. Hadisning sahihligi, yaʼni ishonchlilik darajasi sanaddagi (silsiladagi) roviyning ishonchli va omonatdorligini aniqlash bilan maʼlum boʻladi. Lekin qaysidir roviy ishonchli deb eʼtirof etilsa, boshqasi zaif deb topilishi mumkin. Imom Buxoriyning bu kitobi darajasi zaif roviylarni aniqlash, ummatni ularning hadislaridan hukm olishdan asrash maqsadida yozilgan ilk asardir.

Tarjimani tayyorlashda kitobning dunyo fondlarida saqlanayotgan barcha nusxalari oʻrganildi, qiyosiy tahlil etildi. Jahonning yetakchi ulamolari bilan ilmiy maslahat va seminarlar oʻtkazildi.

Yangi kitobni ilmiy jamoatchilikka yetkazish maqsadida joylarda taqdimotlar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Kitob buyuk alloma ajdodlarimiz asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan nashr etiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan shu vaqtga qadar allomaning “Sahihul Buxoriy”, “At-Tarixus sagʻir“, “Birrul volidayn” va “Xalqu afʼolil ibod” kabi asarlari oʻzbek tiliga oʻgirildi. Muhaddislar sultonining qolgan asarlarini ham tarjima qilish boʻyicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mazkur ilmiy loyihalar davlatimiz rahbarining 2017-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqidagi taklif va tashabbuslari asosida amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Allomalar ilmiy merosini tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan islom maʼrifati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, xalqimizga yetkazish va xalqaro ilmiy doiralarda keng targʻib qilish boʻyicha ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

Manba: UzA

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …