Home / YANGILIKLAR / 500 dan ortiq olimlar Oʻzbekiston Prezidentiga bilim va tajribalarini bir maqsad yoʻlida safarbar etishga vaʼda berishdi

500 dan ortiq olimlar Oʻzbekiston Prezidentiga bilim va tajribalarini bir maqsad yoʻlida safarbar etishga vaʼda berishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” mavzusidagi respublika forumi ishtirokchilarining MUROJAATI qabul qilindi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur forum mamlakatimiz ijtimoiy va madaniy-maʼrifiy hayotida yorqin iz qoldirdi. 

Forumda yurtimizning barcha hududlaridan 500 dan ortiq yetuk olimlar, fan arboblari, ekspertlar, yosh tadqiqotchilar, shuningdek, diniy soha vakillari ishtirok etdi. Ular 10 ta shoʻbaga boʻlingan holda Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi hamda uning tarkibidagi muzey ekspozitsiyasini shakllantirishga bagʻishlangan 50 dan ortiq maʼruzalarni tinglab, 600 ga yaqin taklif va mulohazalarini bildirdilar. 

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” mavzusidagi respublika forumi ishtirokchilarining MUROJAATI qabul qilindi.

Murojaatda jumladan, shunday deyiladi: “Yurtimiz tarixida birinchi marta amalga oshirilayotgan noyob megaloyiha sifatida baholanayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish toʻgʻrisidagi tashabbusingiz muqaddas dinimizning tinchlik, insonparvarlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini ulugʻlash, xalqimizning buyuk tarixi, boy madaniy-maʼrifiy merosini tiklash va dunyoga targʻib etish borasidagi doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrligingizning yuksak amaliy namunasi sifatida ayniqsa tahsinga sazovordir”. 

Darhaqiqat, ushbu markaz oʻzbek xalqining ulugʻvor tarixi va madaniy merosi hamda diniy qadriyatlarining betakror timsoli sifatida bunyod etilayotgani qayd etilib, murojaatda shunday fikrlar bildirildi: “Bugungi tahlikali davrda, xususan, islom nomi bilan amalga oshirilayotgan xurujlar avj olgan bir sharoitda, ushbu markaz har qanday yot gʻoyalarga qarshi ilmiy raddiyalar orqali javob beradigan yetakchi ilmiy-maʼrifiy maskanlardan biriga aylanadi. Shuningdek, bu yerdagi barcha muzey ekspozitsiyalarida aks etadigan ilmiy-tadqiqot ishlanmalari yoshlarni yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek yuksak vazifaga yetaklab, buyuk ajdodlarimiz tarixi haqidagi toʻgʻri fikrni shakllantirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz”.

Murojaat yakunida: “Biz, Forum ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazini ilm va maʼrifat, yangi gʻoyalar ishlab chiqadigan chinakam aql markaziga aylantirish yoʻlida Sizga yordamchi va koʻmakchi boʻlib, chin dildan mehnat qilishga, oʻzimizning bor bilim va tajribamiz, isteʼdodimizni shunday ulugʻ ishga bagʻishlashga vaʼda beramiz,”- degan soʻzlar yurtimizdagi barcha olimlar, fan arboblari, yosh tadqiqotchilar, turli soha vakillarining dil izhori sifatida yangradi.

Anjuman yakunida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiya markazining ilmiy-maʼrifiy faoliyatini yanada takomillashtirish, uning tarkibidagi muzey ekspozisiyasi bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Ilmiy kengashni tashkil etish boʻyicha forum ishtirokchilari tomonidan qaror qabul qilindi. Mazkur Ilmiy kengashga forum doirasida bildirilgan 600 dan ortiq takliflarni tahlil qilgan holda amaliyotga joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish hamda hukumatga taqdim qilish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Imom Buxoriy va Sukarno”

Samarqandda Oʻzbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklning premyerasi boʻlib oʻtdi. 2023-yil yanvar …