Home / YANGILIKLAR / QURBONLIK — IBODAT

QURBONLIK — IBODAT

Alloh taolo barcha insonlarni Oʻzigagina ibodat qilishga buyuradi. Chunki ibodat — Unga qurbat (Yaratganga yaqinlik) hosil qilish, Uning roziligini topish uchun bir vosita. Bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi moliyaviy ibodatlardan biri qurbonlik boʻlib, u har yili bir vaqtda, yaʼni hijriy hisob bilan Zulhijja oyining oʻninchi kuni — Qurbon hayiti kunlari qilinadi. Qurbonlikning mohiyati Allohga bandalik qilgan holda, uning neʼmatlari uchun shukrona etmoq va fidokorlik qilmoqdir.

Qurbonlikning tarixi Hazrat Ibrohim alayhissalom va u zotning oʻgʻli Ismoil alayhissalomga borib taqaladi. Hazrati Ibrohim bir kuni tushida oʻgʻli Ismoilni qurbonlik qilayotganini koʻradi — bu ilohiy vahiy edi. Hazrati Ibrohim ahvolni, yaʼni koʻrgan tushini oʻgʻliga aytadi. Oʻgʻli Ismoil ham ahvolni toʻgʻri tushunib, bunga tayyor, rozi ekanligini bildiradi. Hazrati Ibrohim oʻgʻli Ismoilni qurbonlik qilishga tayyorlanayotganda Alloh taolo ularning bu samimiyati va itoati sababli Ismoilning oʻrniga jannatdan bir qoʻyni evaz qilib berdi. Hazrati Ibrohim Ismoilning oʻrniga shu qoʻyni qurbonlik qildi. Alloh taolo bu borada Qurʼoni karimning “As-Soffat” surasi 102-111-oyatlarida shunday marhamat qiladi:

“Bas, qachonki (bola) uning oʻzi bilan birga yuradigan boʻlganida: “Ey oʻgʻilcham, men tushimda seni soʻyayotganimni koʻrmoqdaman, boqib koʻr, nima deysan?” — dedi. U: “Ey otajon, senga amr etilganni bajar, insha Alloh, meni sabr qilguvchilardan topursan”.

“Ikkovlari taslim boʻlib, uni peshonasicha yotqizganida biz unga nido qildik: “Ey, Ibrohim! Batahqiq, sen tushni tasdiq qilding! Albatta, biz goʻzal ish qilguvchilarni mana shunday mukofotlaymiz”.

“Albatta, bu ochiq-oydin sinovning ayni oʻzidir”, “Biz uning oʻrniga katta qurbonlik fido qildik”. “Va keyingilar ichida uning uchun (olqishlar) qoldirdik”.

Qurbonlik lugʻatda “yaqinlashmoq”, “qurbat hosil qilish” maʼnosini anglatsa, istilohda esa Qurbon hayiti kunlarida Allohga maʼnaviy qurbat — yaqinlik hosil qilish maqsadida turi, yoshi va boshqa vasflari dinimiz belgilagan hayvon (jonliq)ni soʻyish va muhtojlarga tarqatishdir.

Islom dinida qurbonlik hijratning ikkinchi (milodiy 624) yili Madinada mashruʼ qilingan. Qurbonlik qilish boy — qarzi va yashayotgan uyi va zaruriy ehtiyojidan tashqari zakot nisobiga yetarli mablagʻ (20 misqol (80.18 gramm) oltin yoki shu qiymatdagi pul yoki mol)ga ega va muqim boʻlgan (oʻz elida doimiy yashayotgan) har bir musulmon erkak va ayolga vojib amal hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday marhamat qilganlar: “Mixnaf ibn Sulaym roziyallohu anhu “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men U zotning: Ey odamlar, har bir uy ahliga har yili qurbonlik lozimdir”, deganlarini eshitdim”, dedi (Imom Termiziy rivoyati).

Qurbonlikning fazilati haqida bir qancha hadislarni keltirish mumkin. Jumladan, bir hadisda qurbonlikning qoni yerga tushib ulgurmasdan qurbonlik qilayotgan kishining gunohlari magʻfirat qilinishi hamda qurbonlik qilinayotgan hayvonning junlari miqdoricha savoblanishi bashorat qilingan.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga: “Turing va borib qurbonligingizga guvoh boʻling. Uning qonining birinchi tomchisi tomishi bilan sizning oʻtgan gunohlaringiz magʻfirat qilinur”, dedilar. Shunda Fotima roziyallohu anho: “Ey Allohning Rasuli, bu (qurbonlikning qonining birinchi tomchisi tomishi bilan gunohlarning magʻfirat qilinishi) biz — ahli baytga xosmi yoki biz va musulmonlarga umumiymi?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yoʻq. Barcha musulmonlarga umumiydir”, dedilar.

Shu bois ulugʻlarimiz qurbonlik qilishning savobi ulugʻ va fazilati yuksakligidan vojib boʻlmasa ham, kishi bir qoʻyni soʻyishga qodir boʻlsa, qurbonlik qilsa yaxshi boʻladi, deb aytishgan.

Qurbonlik uchun soʻyishga besh yoshga toʻlgan tuya, ikki yoshga toʻlgan qoramol, olti oylikdan oshgan qoʻy va bir yoshli echki yaraydi. Xoʻroz, tovuq, kurka va gʻoz kabi uy parrandalari hamda goʻshti yeyiladigan yovvoyi hayvonlar qurbonlik uchun soʻyishga yaramaydi.

Qoʻy va echkini bir kishi, tuya va qoramolni esa bir kishidan yetti kishigacha birlashib, barchasi qurbonlik niyati bilan soʻysa boʻladi. Qurbonlik qilingan hayvon goʻshti, yogʻi, terisi va boshqa narsalari sotilmaydi. Lekin kishi ularni ixtiyoriy ravishda birovlarga berishi yoki oilasi uchun ishlatishi mumkin. Agar teri sotilsa, qiymati sadaqa qilinadi.

Qurbonlik uchun tanlangan jonliq oʻta ozgʻin, soʻyish joyigacha yurib bora olmaydigan holdagi

choʻloq, koʻzi koʻr, qulogʻi, shoxi yoki dumining uchdan bir qismidan koʻprogʻi kesib tashlangan boʻlsa qurbonlikka yaramaydi. Chunki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Toʻrt narsa qurbonlikka joiz emas — gʻilayligi, bemorligi, choʻloqligi ochiq-oydin boʻlgan hayvon va miyasi aylanib qolgan hayvon” deb marhamat qilganlar.

Qurbon hayiti kuni hayit namozining oʻqib boʻlinishi qurbonlik soʻyish vaqtining boshlanishidir. Bunga quyidagi oyat va hadislar dalil boʻladi:

Alloh taolo “Kavsar” surasining 1,2-oyatlarida shunday marhamat qiladi: “Albatta, Biz Senga Kavsarni berdik. Bas, Rabbing uchun namoz oʻqi va qurbonlik soʻy”.

Oyatda avval hayit namozini oʻqishga buyurilib, soʻng qurbonlik qilishga amr qilinmoqda.

Shuningdek, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xutba aytib: “Albatta, bugun (hayit kuni) birinchi boʻlib qiladigan ishimiz — namoz oʻqimoq, keyin ersa, borib qurbonlik qilmoqdir. Kimki shunday qilsa, bizning sunnatimizni bajo keltiribdi!” deganlar”.

Qurbonlikni Hayit namozi oʻqib boʻlingandan boshlab, hayitning uchinchi kuni quyosh botgunga qadar soʻyish mumkin. Biroq hayitning birinchi kuni soʻygan afzal.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼatining koʻrsatmasiga muvofiq, bomdod namozini ado qilgandan soʻng, to quyosh chiqqunga qadar zikru tasbehlar bilan mashgʻul boʻlib, quyosh chiqib, biroz koʻtarilgach (quyosh chiqqanidan 15-20 daqiqadan soʻng), zuho namozini ado qilgandan keyin qurbonliklarimizni soʻysak, bir nechta sunnat va mustahablarni ado qilgan boʻlamiz.

Agar qurbonlikni soʻyish qoʻlidan kelsa, qurbonlik qilayotgan kishining oʻzi soʻyadi. Qoʻlidan kelmasa, qoʻlidan keladigan kishiga soʻydiradi va oʻzi yonida qurbonlik qilinayotgan hayvonga qoʻlini tekkizib, qurbonligining qabul boʻlishini soʻrab duo qiladi. Soʻygan kishiga xizmat haqi sifatida qurbonlik goʻshtidan (terisi va boshqa narsalaridan) berish joiz emas. Unga pul berib, rozi qilinadi.

Qurbonlik goʻshtining uchdan birini sadaqa qilish, uchdan birini kelgan mehmonlarga pishirib berish va uchdan birini keyinchalik yeyishga olib qolish mustahab. Agar qurbonlik qiluvchi serfarzand boʻlsa, sadaqa qilish oʻrniga hammasini oilasi ehtiyoji uchun qoldirsa ham boʻladi.

Qurbonlikning axloqiy va iqtisodiy ahamiyati ham katta. Qurbonlik goʻshtining bir qismini moddiy imkoniyati cheklangan, nochor oilalarga, yetim-yesirlarga bersa, ularning ham qozoni qaynaydi va xonadoniga xursandchilik kiradi. Albatta, bu xayrli ish orqali qurbonlik qilgan kishi yana bir bor ulkan ajr-savobga ega boʻladi.

Muhimi, bu xayrli ish jamiyatdagi ijtimoiy yordam va birdamlikning goʻzal namunalaridan biri hisoblanadi.

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …