عَنْ أَنَس رَضي الله عَنْه عَنِ النَّبي صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَال: لَا يُؤْمِنُ أحَدُكُمْ حتَّى يُحِبَّ لأخِيهِ ما يُحِبُّ لِنَفْسِهِ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham ravo koʻrmagunicha moʻmin boʻla olmaydi”, dedilar”.
* * *
Ushbu hadisi sharifda Nabiy alayhissalom muhim bir qoidani bayon etmoqdalar. Agar musulmonlar bu qoidaga amal qilsa, ularning oʻrtasidagi barcha janjal va nizolar toʻliq bartaraf boʻlib ketadi. Chunki odatda janjal va nizolar paydo boʻlishining asosiy sababi, har bir inson oʻzi uchun bir oʻlchov, boshqalar uchun boʻlak bir oʻlchov qilishidir. Yaʼni oʻziga yaxshi koʻrgan narsani boshqalarga yaxshi koʻrmaydi va oʻziga yoqtirmaydigan narsani boshqaga ham yoqtirmaydigan holda boʻlmaydi. Insonlardan oʻzi uchun kutgan muomalani ularga nisbatan ishlatmaydi. Natijada insonlarga nisbatan qilayotgan muomalasida ham farq boʻladi.
Agar moʻmin mana shu qoidani doim eʼtiborga olgan holda: “Oʻzimga yoqmagan narsa boshqalarga ham yoqmaydi. Shuning uchun oʻzim yoqtirmagan narsani boshqalarga qilishdan ham saqlanishim kerak”, deb tursa, oʻz-oʻzidan jamiyat isloh boʻladi. Hadisi sharifning taqozosi shuki, inson biror kishi bilan muomala qilsa, muomala qilinmishning oʻrniga oʻzini qoʻyib koʻrsin. Oʻziga qanday muomala qilinishini yaxshi koʻrsa, unga ham shu muomalani qilsin!
Misol uchun biror joyga mehmonga borgan vaqtda nima yeyishni xohlasa, oʻz uyiga mehmonlar kelgan paytda ham shu narsani ularga tortiq qilsin. Moʻminning fikri shunday boʻlishi kerakki, moʻmin oʻzi uchun yoqtirgan narsani birodariga ham ravo koʻrsin. Zohiran qaraganda bu arzimagan narsadek tuyuladi, lekin bu taʼlimot jamiyatning ruhi hisoblanadi. Inson bu taʼlimotning rioyasini qilsa, hech bir kishining haqqi poymol boʻlmaydi.
Inson oʻziga tarozida xiyonat qilinishini istaydimi?! Albatta, istamaydi. Oʻzi ham birovga xiyonat qilmasin! Inson birov uning qalbiga aziyat berishini istamaydi, oʻzi ham birovga aziyat bermasin! Mana shu tarzda hadisga amal qilinadigan boʻlsa, insoniyat zalolat botqogʻidan chiqadi.
Hadisi sharifda eslatilayotgan amal oʻta ahamiyatli boʻlgani bois Nabiy alayhissalom buni imonga bogʻladilar. Zero u zot: “Oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham ravo koʻrmagunicha moʻmin boʻla olmaydi”, dedilar.
Bir narsaga boshqa bir narsa bogʻliq boʻlsa, shu narsa unga rukn boʻladi. Goʻyoki, bu amal imonning juzʼi boʻladi. Albatta, bizning eʼtiqodimizda amal imonning ziynatlaydigan juzʼi boʻladi. Shuning uchun “Bu amalni qilmaydigan boʻlsa, inson moʻmin boʻlmaydi”, demaymiz. Balki, hadisga “Bu amalni qilmaslik moʻminning shaʼni emas”, yaʼni: “Amal qilmagan inson komil moʻmin boʻlmaydi”, deb maʼno beramiz.
Xulosa shuki, moʻmindan mana bunday amallar sodir boʻlishi mumkin emas, moʻminning ishlarida bunday amallar boʻlmasligi kerak. Shuning uchun ham Nabiy alayhissalom “komil moʻmin boʻlmaydi”, demadilar, balki “moʻmin boʻlmaydi”, dedilar. Garchi uning nomi musulmonlarning roʻyxatida tursa ham, amal qilmagani uchun muftiy uni kufrga hukm qilmasada, u insonda Alloh taoloning huzurida talab qilinadigan haqiqiy imon noqis boʻladi.