Home / HADIS / IKKI AFZAL XISLAT (bir hadis sharhi)

IKKI AFZAL XISLAT (bir hadis sharhi)

«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: «Islomning qaysi (xislati) yaxshiroq?» deb soʻradi. U zot: «Taom yedirishing hamda tanigan va tanimaganingga salom berishing», dedilar».

* * *

Ushbu hadisda kishilarni taomlantirish va salom berishni keng yoyish yaxshi xislatlardan ekani aytilmoqda.

Hadisi sharifda Nabiy alayhissalom ikki xislatni islomning eng afzal amali deyaptilar. Biri taom yedirish, ikkinchisi tanigan va tanimagan kishiga salom berish. Rasululloh alayhissalom taom yedirishni qaydlamadilar va salom berishni «tanigan va tanimaganingga», deb qaydladilar. Bundan maʼlum boʻlyaptiki, u zot alayhissalom taom yedirishni faqat faqir va miskinlarga xoslamadilar. Demak, faqir va miskinlarga taom berish ham, boy-u kambagʻal mehmonlarga taom berish ham, qarindosh-urugʻ va ahl-u ayollarga taom berish ham ushbu hadisi sharif hukmi ostiga kiradi. Albatta, faqir va miskin boʻlgan och kishini yedirish toʻq kishinikiga nisbatan oʻziga xos ajr-u savobi va martabasi ziyoda boʻladi. Lekin toʻq odamni taomlantirishning ham oʻziga yarasha fazilat va savobi bor.

Ikkinchi xislat – Paygʻambar alayhissalom «tanigan-tanimaganingga salom berishing», dedilar. Eng afzal xislatlardan biri boʻlgan salom berish faqat tanigan kishilarga emas, tanimagan kishilarga ham, yaʼni har bir yoʻliqqan musulmonga salom berish nihoyatda xayrli amallardan ekanini bayon etdilar.

Muhtojlarga taom ulashish, holidan xabar olish va tanigan-tanimagan odamga salom berib, jamiyat orasida mehr-oqibatni paydo boʻlishiga sababchi boʻlish, albatta, xayrli ishdir.

«Sahihi Buxoriy» sharhi (2-jild) kitobi asosida tayyorlandi
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

KAM SONLI HADIS RIVOYAT QILGAN (MUQILLUN) SAHOBALAR

Abdulloh ibn Masʼud (r.a.) Abdulloh ilk musulmonlardan[1]. Otasi kabi oʻzi ham Bani Zuhraning xalifasi boʻlgan[2]. …