Inson bor ekan, mudom poklik, maʼnaviy yetuklik sari intilaveradi. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorini xalqimiz shod-xurramlik va shukronalik bilan kutib oldi.
Xalqimiz hayotida bilim va maʼrifat, maʼnaviy poklik, mehr-oqibat, xayru saxovat fazilatlari ulugʻlanadigan muborak Ramazon oyining ahamiyati katta boʻlmoqda. Mamlakatimiz moʻmin-musulmonlari ushbu muqaddas oyni doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib oladi. Oila va mahallalarda oʻzaro mehr-oqibatni mustahkamlash, yosh avlodni bilim-maʼrifat va goʻzal xulq sohiblari etib kamol toptirish, ehtiyojmand insonlarga koʻmak va yordam koʻrsatish kabi ezgu amallarni sidqidildan, ixlos bilan ado etishga intiladi.
Davlatimiz rahbarining bu oyda ezgu ishlar koʻlamini koʻpaytirish borasidagi tashabbuslari yangilanish jarayonlarida kechayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Darhaqiqat, Ramazon – tabarruk oy. Mohi muazzam – barchamiz orzu qilib, intiqib kutgan oy. Ramazon – mehru muruvvat, saxovat oyi. Ezgulik, mehr-muruvvat, oqibat va saxovat, oʻzgalarga koʻmak qoʻlini uzatish, yiqilganni suyash fazilatlarimizning ajralmas qismidir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida kuchli ijtimoiy himoya, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini soʻzda emas, amalda himoyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Fuqarolarning eʼtiqod erkinliklarini taʼminlash, qadimiy anʼana va qadriyatlarimizning bardavomligini saqlash, bu boradagi ibratli ishlar qamrovini kengaytirish olib borilayotgan yangilanish islohotlarida ustuvor oʻrin egallaydi.
Hamyurtlarimizning diniy amallarni, ayniqsa muborak Haj va Umra amallarini emin-erkin, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, toʻsiqlarsiz ado etishlari uchun dunyoning boshqa davlatlari havas qilsa arzigulik sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro markazi, Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi maʼrifat maskanlari samarali faoliyat koʻrsatmoqda.
“Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq oylarning sultoni sanalmish Ramazon oyida ezgu amallar hajmi yanada kengayadi. Keksalar, bemorlar, boquvchisini yoʻqotgan insonlar, ota-ona mehridan bebahra qolganlar holidan xabar olish borasidagi ishlar qamrovi yanada ortadi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bu yilgi Ramazonni mehru muruvvat va saxovat oyiga aylantirish tashabbusi bilan chiqdi. Hali muborak oy boshlanmasidanoq, unga alohida tayyorgarlik koʻrila boshlandi. Bu oyda yetim-yesir, beva-bechoralarning holidan xabar olishdek savobli ishlar tobora bardavom boʻladi.
Musulmonlar idorasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda Ramazon oyida yurtimizdagi 2000 dan ortiq masjidlarda taroveh namozi, shulardan 1 ming 600 dan ziyodida 27 kun davomida Qurʼoni karim xatm qilinadi. Buning uchun mazkur masjidlarga 3 ming nafardan ortiq xushovoz qorilar jalb etiladi.
Ziyoratgohlar, moʻtabar maskanlarda obodonlashtirish, hashar ishlari olib boriladi. Bu yil Navroʻz ayyomini ham oʻzida mujassam etgan qutlugʻ mohi Ramazonda koʻcha-koʻylar, hovli joylar, koʻp qavatli uylarning atroflari tartibga keltiriladi.
Muqaddas Qurʼon nozil boʻlgan bu fazilatli oyda insonlar roʻza tutib, nainki, yeb-ichardan, balki nomaqbul soʻzlardan, gʻiybat, ichiqoralik, baxillik, oʻzgalarni mazaxlash, taʼmagirlik va boshqa koʻplab illatlardan saqlanishlari, yomonliklardan tiyilishlari dinimizda buyurilgan.
Mamlakatimizning barcha masjidlarida Ramazon oyi boshlanganining ilk debochasi – taroveh namozlari oʻqildi. Yurtga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik, xonadonlarga qut-baraka, sihat-salomatlik, omonlik tilab, duolar qilindi. Muborak mohi Ramazon oyi barchamizga muborak boʻlsin! Xush kelding, oylarning sultoni, sardori, gʻanimati, mohi Ramazon!
Nazokat Usmonova, OʻzA muxbiri