Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari rahbar xodimlaridan iborat targʻibot guruhi 4 mart kuni Toshkent shahrida ish boshladi.
Olmazor tumanida ijtimoiy soha xodimlari uchun oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimi oʻrinbosarlari, davlat tashkilotlarining tumandagi boʻlimlari mutasaddilari, oilaviy poliklinikalar rahbarlari, mahalla raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mahalla yettiligi va xotin-qizlar faollari, diniy soha vakillari, umumtaʼlim maktablari direktorlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Toshkent shahridagi “Maʼrifiy targʻibot markazi” direktorining oʻrinbosari Mirzohid Xidirov tadbirning mohiyati haqida gapirar ekan, bugungi kunda yurtimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalar bilan bir qatorda maʼnaviy-maʼrifiy jabhada ham sifat jihatidan tub va keng koʻlamli oʻzgarishlar qilish davri kelganini, turli gʻoyaviy kurashlar keskinlashayotgan hozirgi sharoitda jaholatga qarshi ilm va maʼrifat bilan kurashish zaruratini alohida taʼkidladi.
Uchrashuvda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi, alloma ajdodlarimizning ibratmonand hayoti va boy ilmiy-maʼnaviy merosi, ilm olishning fazilati, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik hamda vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirish mavzularida suhbat oʻtkazildi.
Ishtirokchilar uchun “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli film namoyish qilinib, markazlar tomonidan nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti tashkil etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati