XX asrning 90-yillari boshida dunyoda sodir boʻlgan geosiyosiy oʻzgarishlar natijasida Markaziy Osiyo mintaqasida bir qator mustaqil davlatlar tashkil topdi. Mustaqil davlatlar oʻrtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalardagi oʻzaro hamkorlik hamda xalqaro maydonda Oʻzbekiston Respublikasi oʻz milliy manfaatlarini himoya qilishida, eng avvalo, Yevropa va Osiyo mintaqasidagi rivojlangan davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar oʻrnatishni taqozo etdi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonning tashkiliy va huquqiy asoslari yaratildi hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar, dunyoning turli mamlakatlari bilan barcha sohalarda oʻzaro manfaatli aloqalar yoʻlga qoʻyilib, qator ijobiy natijalarni qoʻlga kiritildi. Xususan, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalari ham ikki mamlakat manfaatiga xizmat qildi. Taʼkidlash kerakki, Turkiya oʻz taraqqiyot yoʻliga ega boʻlgan, Osiyo va Yevropa qitʼalari tutashgan, iqtisodiy va geostrategik qulay joyda joylashgan davlat hisoblanadi. Shuningdek, “biz uchun yaqin doʻst va iqtisodiy sherik boʻlgan Turkiya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgani”ni[1:390] ham eʼtirof etish oʻrinlidir.
Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, xalqaro munosabatlar tizimida munosib oʻrin egallashi, oʻz manfaatlarini siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy sohalarda samarali amalga oshirishi bilan belgilanadi. Shunga asosan, Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligida yangi bosqich yuzaga keldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻzaro munosabatlardagi ratsional yondashuvlar ikki mamlakat tashqi siyosatida yangi sahifa ochilishiga zamin yaratdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-oktyabrdagi Anqaraga rasmiy tashrifi Turkiyaning Oʻzbekiston bilan munosabatlarida yangi pogʻona ochdi. Oʻzbekiston bilan Turkiya hukumati oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari va maqsadlari toʻgʻrisida shartnoma, konsullik vakolatxonalari toʻgʻrisida protokol, savdo-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida bitim, madaniyat, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va turizm sohalarida oʻzaro hamkorlik haqida protokollar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar imzolandi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni ilmiy tadqiq etish bugungi kunda dolzarb masalalardan biridir.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda xalqaro munosabatlar tarixi boʻyicha koʻplab tadqiqotlar olib borildi. Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari tarixchilar, siyosatchilar diqqat markazida turgan dolzarb mavzulardan biri boʻldi. Qisqa muddat ichida Oʻzbekistonda xalqaro munosabatlarga oid bir nechta yirik asarlar yaratildi. A.Alimov, E.Nuriddinov, A.Qirgʻizboyev, Ch.Koʻcharov, M.Rahimov, Q.Rajabov, X.Bekmuratov va boshqa olimlarning asarlari[2] shular jumlasidandir. Mazkur asarlar orasida Q.Rajabov va X.Bekmuratovning hammualliflikda yaratgan monografiyasi mavzu doirasida diqqatga sazovordir. Unda Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligining uzoq yillik tarixi, mustaqillikning dastlabki yillarida bu ikki davlat munosabatlarining yoʻlga qoʻyilishi hamda iqtisodiy va madaniy sohadagi aloqalari tahlil etilishi bilan eʼtiborlidir.
Turkiya ham dunyo hamjamiyatida oʻz taraqqiyot yoʻliga ega boʻlgan, XX asr soʻnggi choragida demokratiya, ijtimoiy adolat kabi tamoyillar asosida oʻzining tashqi siyosiy faoliyatini yoʻlga qoʻygan davlatdir. Turkiya oʻzining “Turk modeli”ni bozor iqtisodiyoti sharoitida mohirona qoʻllab, oʻziga xos taraqqiyot yoʻlini ishlab chiqdi[5:14]. Natijada iqtisodiy islohotlar samara berib, dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoridan joy oldi.
1991-yilda Turkiya prezidenti Turgut Oʻzalning SSSRga diplomatik tashrifi nafaqat Moskvani, balki Ozarbayjon, Qozogʻiston va boshqa ittifoq respublikalarning diqqat markazida boʻldi[9:134]. Ushbu tashriflar sobiq Sovet Ittifoqi janubida yangi paydo boʻlgan respublikalarga nisbatan Turkiyaning qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatdi. 1991-yil 8-dekabrda MDH (Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi) tuzildi va Turkiya yangi mustaqil respublikalarni tan olgan birinchi davlat boʻldi[3:45]. Bu esa oʻz navbatida Markaziy Osiyo davlatlarining Turkiya orqali Yevropa mamlakatlari bilan aloqa oʻrnatishi uchun keng imkoniyat ochdi.
Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarning rivojlanishini uch bosqichga boʻlib tahlil qilish mumkin: 1-bosqich: 1991–1999-yillar, 2-bosqich: 2000-2016-yillar, 3-bosqich: 2016-yildan boshlanadi.
Birinchi bosqich. 1991–1999-yillarda ikki mamlakat oʻrtasida turli sohalarda hamkorlik yoʻlga qoʻyildi va ikki tomonlama oʻzaro manfaatli shartnoma va bitimlar imzolandi. Ammo Turkiyaning baʼzi tijorat shirkatlari shartnoma shartlarini bajarmaganliklari hamda Oʻzbekistonda faoliyat yuritgan oʻzbek-turk litseylarining diniy-siyosiy terrorchilik tashkilotlarga aloqadorligi kabi sabablar tufayli ikki davlat munosabatlari sustlashdi.
Ikkinchi bosqich. 2000–2016-yillarda Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlari turli koʻrinishlarda namoyon boʻldi. Masalan, ushbu yillarda Turkiya hukumat rahbarlari tomonidan rasmiy tashriflar amalga oshirilgan boʻlsa-da, asosan xalqaro doiradagi anjumanlarda uchrashdilar. Bu davrda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi diplomatik va siyosiy munosabatlarda chekinish koʻzga tashlanadi. Savdo, tranzit va boshqa iqtisodiy munosabatlar saqlangan boʻlsa-da, boshqa sohalardagi aloqalar pasaygani hamda tizimli boʻlmaganini koʻrsatdi.
Uchinchi bosqich. 2016 va undan keyingi yillarda ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi muntazam uchrashuvlar va amalga oshirilgan davlat tashriflari natijasida barcha sohalarda yangi “strategik hamkorlik” yuqori darajaga koʻtarildi. Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining davlatlararo rasmiy uchrashuvlari va davlat tashriflari 1991-yilning oxirlaridan boshlandi. Mazkur yilning 16–19-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimovning Turkiyaga rasmiy tashrifi davomida “Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi aloqalarning asoslari va maqsadlari toʻgʻrisida shartnoma”, “Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi oʻrtasida iqtisodiy va savdo hamkorligi toʻgʻrisida bitim”, “ahdlashuv protokoli” kabi hujjatlarni[4] imzolanishi bu boradagi ilk qadam boʻldi.
1992-yil 28-aprelda Turkiya Bosh vaziri S.Demirelning Oʻzbekistonga tashrif buyurishi ikki davlat oʻrtasida munosabatlarning rivojlanishida katta voqea boʻldi. 1992-yil 28-aprelda Toshkent shahrida Turkiya Respublikasining elchixonasi ochildi[11]. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Anqaradagi elchixonasi 1993-yil yanvardan oʻz faoliyatini boshladi[8]. Ikki davlat elchixonalarining ochilishi oʻzaro siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalarni jadallashtirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
1992-yil 29-iyun – 1-iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov Turkiyaga tashrif buyurdi[12]. Shuningdek, I.Karimov 1994-yil iyun va 1997- yil noyabr oylarida ham Turkiyaga rasmiy tashrif buyurdi va 1998-yil oktyabrda Turkiya Respublikasining 75 yilligiga bagʻishlangan tantanalarda ishtirok etdi[16] . Shu tariqa ikki davlat oʻrtasida katta tantanalar, festival va ilmiy anjumanlarni hamkorlikda oʻtkazish anʼanaga aylandi.
Oʻz navbatida Turkiya Prezidenti S.Demirel esa 1996-yili 7-mayda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif buyurdi[6] . Mazkur yilning oktyabr oyida Prezident S.Demirel Oʻzbekistonda oʻtkazilgan turkiy tilli davlatlar rahbarlarining oliy darajadagi IV uchrashuvida va Amir Temurning 660 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etdi[21].
Umuman, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini ikki davlat oʻrtasida 1996-yilda tuzilgan “Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida”gi shartnoma hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, terrorizmga va giyohvand moddalar bilan noqonuniy savdo qilishga qarshi kurash, sogʻliqni saqlash, transport, turizm, madaniyat va boshqa sohalarda imzolangan 70 dan ortiq hujjatlar tashkil etdi[17].
Turkiya davlat rahbarlari Oʻzbekistonga tez-tez tashrif buyurib, davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirib bordi. Turkiya Prezidenti S.Demirel 1999-yil 15-martda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi[20]. Tashrif davomida Samarqand shahridagi buyuk hadisshunos Imom al-Buxoriy majmuasini ziyorat qilar ekan, oʻtgan yili allomaning 1225 yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, Imom al-Buxoriy va Bahouddin Naqshbandiy majmualariga 5 ming AQSh dollaridan mablagʻ taqdim qildi. Shuningdek, Turkiya Prezidenti S.Demirel va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov Samarqanddagi “SamKochavto” qoʻshma korxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi[19]. Ushbu zavodni ishga tushirilishi Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati oshishiga hamda avtobus va yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoridan oʻrin olishiga xizmat qildi.
Oʻzbekiston va Turkiya Respublikalari hamkorlik aloqalari rivojlanishining ikkinchi bosqichida (2000-2016 y.) Turkiya hukumati rahbarlari tomonidan rasmiy tashriflar amalga oshirilgan boʻlsa-da, asosan ikki mamlakat rahbarlari xalqaro doiradagi anjumanlarda uchrashib turdi.
Ammo turli omillar tufayli Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi siyosiy hamkorlikda chekinish koʻzga tashlandi. Ikki davlat oʻrtasidagi sust aloqalar 2008-2013-yillarga toʻgʻri keladi. Savdo, tranzit va boshqa iqtisodiy munosabatlar barqaror saqlangan boʻlsa-da, diplomatik va siyosiy aloqalar toʻxtab qolgan edi. Bunga sabab qilib quyidagi omillarni keltirishimiz mumkin:
1). Oʻzbekistonda valyuta konvertatsiyasida muammolarning mavjudligi. Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonalar ishchilari hamda oʻzbek-turk litseylari oʻqituvchilari oylik maoshlarini toʻlashdagi muammolar, viza olish, aviachiptalar, tibbiy xizmat koʻrsatish kabi muammolar.
2). Baʼzi Turk shirkatlarining xalqaro diniy-siyosiy terrorchilik tashkilotlarga aloqadorligi, xususan, “Nurchilar” (Turkiyada XX asr birinchi yarmida paydo boʻlgan va asosan Turkiya va boshqa davlatlar ichki boshqaruv tizimiga joylashib olib, davlatni qayta tuzishni maqsad qilib qoʻygan, maxfiylik va tovlamachilik ustiga qurilgan yangi avlod terrorchi tashkilot hisoblangan. Yetakchisi Fathullah Gulen boʻlib, 1970-yildan xususiy maktablar ochib, yoshlarning ongiga oʻzining salbiy gʻoyalari bilan taʼsir oʻtkazishga harakat qilgan. Bugungi kunda faoliyati toʻxtatilgan) bilan aloqadorlikda gumon qilinishi, ularning Oʻzbekistonga taqiqlangan adabiyotlarni olib kirishga boʻlgan urinishlari ikki davlat munosabatlariga salbiy taʼsirini koʻrsatdi.
3) Oʻzbekistonda bunyod etilgan qator oʻzbek-turk qoʻshma korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyishda turkiyalik ishbilarmonlar tuzilgan shartnoma shartlariga amal qilmagan. Masalan, 2008-yilda Toshkentdagi “Turkuaz”[15] savdo markazlari yopilishiga hamda qoʻshma korxonaga Turkiyadan keltirilgan texnik jihozlarning eskirganligi va sifatsizligi kabi omillar sabab boʻldi.
Ikki davlat rahbarlarining xalqaro anjumanlar doirasidagi uchrashuvlari ikki davlat munosabatlarining qayta tiklanishiga asos boʻldi. 2014-yil 7-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov Sochi (Rossiya) shahrida XXII qishki Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimiga tashrifi doirasida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi[18]. Shuningdek, Islom Karimov va Rejep Tayyip Erdogʻan bir yilda bir marta tashqi ishlar vazirligi darajasida hamda davlat rahbarlari darajasida uchrashuvlar oʻtkazib turishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston va Turkiya Respublikalari hamkorlik aloqalarining uchinchi bosqichi 2016 va undan keyingi yillarga toʻgʻri kelib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan oʻrtasidagi muntazam uchrashuvlar ikki davlat munosabatlarini yangi darajaga olib chiqdi. “Oʻrtamizda ishonchsizlik va sovuqchilik davrlari boʻlgan edi, lekin biz birlashib, ushbu muzlarni eritdik va bu sovuqchilik endi hech qachon qaytmaydi”[7], deb taʼkidladi Sh.Mirziyoyev.
Xususan, ikki davlat rahbarlari 2016-yil noyabr oyida Rejep Tayyip Erdogʻanning Samarqandga tashrifi chogʻida va 2017-yil may oyida Pekinda boʻlib oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” anjumani, shuningdek, sentyabr oyida Qozogʻistonda oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammiti doirasida ham uchrashdi[10].
Turkiya Respublikasi Prezidenti R.Erdogʻan 2016-yil 17-18 noyabr kunlari Samarqand shahriga tashrif buyurib, Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov qabrini ziyorat qildi. Samarqand shahridagi forumlar majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti R.Erdogʻan oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi [14:4]. Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari haqida kelishib olindi. 2015-yil yakunida oʻzaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
Jahon ommaviy axborot vositalarida ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar doimiy ravishda yuqori baholanib kelindi. Masalan, Turkiyadagi nufuzli “Turcomoney” nashrining yillik reytingida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev “Yilning xorijiy davlat arbobi” deya eʼtirof etildi. Bu haqda Istanbul shahrida Turkiya Buyuk millat Majlisi raisi Binali Yildirim, Istanbul shahri hokimi Mevlyut Uysal, mamlakat hukumati parlamenti, jamoatchilik va ishbilarmon doira vakillari ishtirokida oʻtkazilgan tantanali marosimda eʼlon qilindi [13].
Umuman olganda, Oʻzbekistonning Turkiya tomonidan tan olinishi davlatlar hamkorligini yangi pogʻonaga koʻtardi. Turli davrlarda Oʻzbekiston va Turkiya davlat rahbarlarining uchrashuvlarida davlat va jamiyat hayotining eng dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha masalalar muhokama etilib, aniq strategik maqsadlar asosida bitim va shartnomalar imzolanib, amaliyotga joriy etildi. Ayniqsa, Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligi Markaziy Osiyoda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Xulosalar:
Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro diplomatik aloqalarni oʻrganish asosida quyidagi xulosalarni bildirish mumkin:
– Turkiya dunyoda rivojlangan davlatlardan biri sifatida Oʻzbekiston mustaqilligini tan olgan ilk davlatlardan biri sifatida amaliy va konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻydi;
– Oʻzbekiston va Turkiya aloqalarini oʻrnatishda avvalo hamkorlikning huquqiy asoslarini shakllantirishga ahamiyat qaratildi. Ikki davlat Prezidentlarining davlatlararo rasmiy uchrashuvlari, davlat tashriflari va yuqori darajadagi siyosiy muloqotlarida barcha sohalarda bitimlar imzolandi va ushbu hujjatlar asosida uning huquqiy asoslari shakllantirildi.
-
Мирзиёев Ш. Миллий тараққиёт йўлимизни қатъият билан давом эттириб, янги босқичга кўтарамиз. – Т.: Ўзбекистон, 2017.
-
Алимов А. Внешне экономическая деятельность Республики Узбекистан: взгляд в будущее. – Т.: Ўзбекистон, 1992. – Б. 72.; Нуриддинов Э. Международное сотрудничество Республики Узбекистан со странами Европы. – Т.: Чўлпон, 2002. – Б. 213.; Қирғизбоев А. Ўзбекистон Республикасининг Осиё мамлакатлари билан халқаро ҳамкорлиги. – Т.: Фан, 2004. – Б. 280.; Кўчаров Ч. Марказий Осиёнинг минтақавий интеграцион жараён муаммолари (геосиёсий таҳлил тажрибаси). – Т.: Фан, 2007. – Б. 200.; Рахимов М.А. Современная история взаимоотношений Узбекистана и стран Центральной Азии с ведущими государствами мира. – Т.: Адабиёт учқунлари, 2016. – Б. 224.; Ражабов Қ., Бекмуратов Х. Ўзбекистон билан Туркия ўртасидаги иқтисодий ва маданий ҳамкорлик тарихидан. – Т.: Tafakkur, 2017. – Б. 168.
-
Bülent Aras. Turkeyʼs policy in the former Soviet South: assets and options. Turkish studies. Vol. 1, No. 1, (Spring 2000).
-
Документы, подписанные в Турции // Народное слово. 21 декабря 1991 г.
-
Жалолов Ж. Бозор иқтисодиёти: Туркия моделини сири. – Т.: Адолат, 1994.
-
Крепнут вековые узы братства // Народное слово. 8 мая 1996 г.
-
Қуронов М. Қардошлик ва ҳамкорлик тантанаси // Ўзбекистон овози. 2018 йил 3 май.
-
Муҳаммадиев Н. Ҳамкорликнинг янги босқичи // Халқ сўзи. 2000 йил 14 октябрь.
-
Muhittin Ataman. Leadership Change: Ozal Leadership and Restructuring in Turkish Foreign Policy. Alternatives Journal, Vol. 1, No. 1 (Spring 2002). – P. 134.
-
Ортиқов Ш. Ўзбекистон – Туркия: буюк тарих бунёд этган икки улуғ халқ // Халқ сўзи. 2018 йил 27 апрель.
-
Открытие посольства Турецкой Республики // Правда Востока. 30 апреля 1992 г.
-
Президент Республики Узбекистан в Турции // Народное слово. 1 июля 1992 г.
-
Президент Шавкат Мирзиёев Туркияда “Йилнинг хорижий давлат арбоби” деб топилди // Халқ сўзи. 2018 йил 28 декабрь.
-
Ражабов Қ., Бекмуратов Х. Ўзбекистон ва Туркия ўртасидаги иқтисодий ва маданий ҳамкорлик тарихидан. – Т.: Тафаккур, 2017.
-
Туркия—Ўзбекистон иқтисодий ва сиёсий алоқаларида “эримаётган музлар”. https://www.bbc.com/uzbek/ uzbekistan /2011/04/110401_cy_turkey_uzbekistan 1.04 2011.
-
Туркия заминидаги тантаналар // Халқ сўзи. 1998 йил 30 октябрь.
-
Узбекистан—Турция: открываются новые горизонты сотрудничества // Народное слово. 11 мая 1996 г.
-
Ўзбекистон – Туркия: Қуёш яна шарқдан чиқди http://vatandosh.uz/2017/03//ўзбекистон-32туркия-қуёш-яна-шарқдан/ 2.05. 2017.
-
Ўзбекистоннинг яна бир автомобиль заводи иш бошлади // Халқ сўзи. 1999 йил 17 март.
-
Ўзбекистон–Туркия: абадий дўст ва ишончли ҳамкор// Халқ сўзи. 1999 йил 16 март.
-
ЎзМА, М-7-фонд, 1-рўйхат, 331-иш, 36-варақ.