Ayni kunlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Germaniyada amaliyot oʻtayotgan ilmiy xodimi Barot Amonov Gamburg universiteti huzuridagi qoʻlyozma madaniyatini oʻrganish markazi direktori, professor Konrad Xirshler bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida markazlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki ilmiy muassasa ekspert va xodimlari ishtirokida qoʻshma ilmiy va texnologik tadqiqotlar olib borish, qoʻlyozmalar sohasi boʻyicha hamkorlikda ilmiy konferensiyalar va seminarlar, davra suhbatlari, lektor maʼruzalar, shuningdek, ilmiy xodimlar uchun oʻquv kurslari va mahorat darslarini tashkil etish, tajriba va maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari oʻrganildi.
Muloqot yakunida Qoʻlyozma madaniyatini oʻrganish markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari bilan birga “Sahihul Buxoriy” asari va uning sharhlari hamda boshqa qoʻlyozma asarlardagi mavjud muhrlar katalogini yaratishga kelishib olindi.