Maʼlumki, qozi lavozimi islom huquqshunosligidagi oʻziga xos mansablardan biri sanalgan. Qozi soʻzi arab tilidagi “qazo”dan olingan boʻlib, lugʻaviy maʼnosi “kesish”, “ajratish” va “hukm qilish” maʼnolarini anglatadi. Hanafiy ulamolarining taʼrifiga koʻra oʻziga xos yoʻl bilan xusumatlarni ajratish va nizolarni kesish “qazo” deb yuritilgan. Zamonaviy tadqiqotlarda “qozilik” deganda mahkama, yaʼni “sud” muassasasi tushuniladi.
Ayniqsa, islom dinining kirib kelishi jamiyat hayotining barcha sohalarining shariat qoidalari asosida tartibga solinishi Oʻrta Osiyo hududida ham qozilik mahkamalarining paydo boʻlishiga olib keldi. Ular jamiyatda adolatni qaror toptirishning huquqiy kafolatiga aylandi. Oʻtgan oʻn ikki asr davomida qozilar faoliyat yuritadigan maskan – “qozixona”lar “dor-ul quzzot”, yaʼni adolat dargohi sifatida nom qozondi.
Oʻrta Osiyo xonliklarida, odatda, qozilar oʻz faoliyatini olib borish uchun qulay deb bilgan joyni oʻzi tanlagan. Ular aksariyat hollarda masjid, madrasa yoki oʻz uyida ish olib borgan. Keyinchalik mahkama uchun alohida bino qurilib, maxsus qozixonalar tashkil etilgan. Buxoro amirligida qozixonalar faoliyati Amir Shohmurod (1785-1800) davrida kengaydi. Hukmdor yurtda adolatni taʼminlash maqsadida Minorai kalon yaqinidagi hovlisida fuqarolar arzini eshitish va ularni hal qilishni yoʻlga qoʻydi [7]. Mamlakatda qozilik ishlarini amir Shohmurodning shaxsan oʻzi boshqargan. Sudlov ishlarini olib borish uchun maxsus sudlov qonunlari majmuasi ishlab chiqilgan boʻlib, mamlakatdagi barcha qozilar mana shu qonunlar majmuasi asosida ish olib borgan [6].
Bu davrda asosiy sud idorasi qozilik mahkamalari hisoblanib, qozikalon butun mamlakatning bosh qozisi edi. Sud ishlarini koʻrib chiqish oddiy koʻrinishda boʻlgan. Qoziga ogʻzaki yoki yozma ravishda murojaat qilish mumkin edi. Qozilar olib boradigan sud jarayonida gumondorni ayblash yoki aybini isbotlash uchun shariat qoidalariga rioya qiladigan rostgoʻy va halol kishilarning guvohligi yetarli asosga ega boʻlgan. Guvohlar esa oʻz navbatida kamida ikki kishi boʻlishi kerak edi. Qozilar sud jarayonida aybdorning moddiy ahvoli, aybining darajasi, qilmishi uchun chin koʻngildan pushaymon boʻlishi, zararni ixtiyoriy qoplashi, jabrlangan shaxsdan uzr soʻrashi kabi holatlarni inobatga olgan holda jazo tayinlagan [3].
Qoʻqon xonligida ham asosiy sud organi qozi hisoblanib, ularni xonning oʻzi tayinlar edi. Qozilar ham diniy, ham fuqarolik ishlarini koʻrgan. Ular hatto oʻlim hukmini chiqarishga ham huquqli boʻlgan. Xonlikning bosh qozisi “Qozi ul-kuzzot” (qozilar qozisi, yaʼni adliya vaziri) deb nomlangan. Bundan tashqari, “Qozi kalon” (poytaxtda va viloyat markazlaridagi qozilarning va qozixona ishlarining ustidan nazorat qilgan), “Qozi mutlaq” (bosh qozi), “Qozi askar” (qoʻshin qozisi), “Qozi rais” (qoʻshinlarda askariya muftisi bergan fatvolarning ijro etilishi ustidan nazorat qilgan) va boshqalar faoliyat yuritgan.
Qoʻqon xonligida qozi kalon xizmati uchun yiliga 800 botmon gʻalla va 1200 tanga pul olgan. Diniy va sud tizimiga aloqador lavozimlarda boʻlganlar davlat tomonidan belgilangan maosh va turli xayr-ehsonlar hisobidan kun koʻrgan. Bunday daromadlarga nikohona, tarakona (taraka qilingan mulkdan), meros haqi va boshqa xil toʻlovlar kirardi [5].
Qoʻqon xonligi mahalliy boshqaruv tizimida va boshqa xonliklardagi kabi qozilar muhim rol oʻynagan. Qozilar zimmasiga fuqarolar arz va shikoyati va talablari asosida shariat qonunlariga asoslangan holda sudlov ishlarini tashkil etish yuklatilgan. Qoʻqon xonligida viloyat va shahar qozilari, Buxoro va Xiva xonliklaridan farqli ravishda ― xon yorligʻiga binoan shahar hokimlari tomonidan tayinlangan. Koʻp hollarda qozilarni tayinlashda ularning qozilar avlodidan ekaniga ham eʼtibor berilgan. Mahalliy boshqaruv tizimida faoliyat yuritgan qozilar bu boshqaruv tizimining tepasida turgan hokimlar, beklar oldida javobgar edi. Qozilar hukmidan norozi fuqaro oliy hukmdor xonga va hokimga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan.
Xiva xonligida ham davlatni boshqarishda islom dini mafkuraviy asos sifatida xizmat qilgan. Qonunlar shariat qoidalari asosida ishlab chiqilgan va amalga tatbiq etilgan. Shayx ul-islom – xonlikdagi eng yuqori martabali kishi edi. U diniy marosimlarning aniq bajarilishi ustidan nazorat qilgan. Musulmon huquqi va qonunlar bajarilishini shariat asosida nazorat qilgan amaldor “Qozi ul-quzot (qozi kalon)” deb nomlangan. Qozi kalon poytaxtda oʻz devoni va mahkamasiga ega boʻlgan. Har bir viloyat markazida esa oʻsha hudud qozisi faoliyat yuritgan. Bunday mahkamalar Dorul qazo deb atalgan. Qoʻshindagi qonun-qoidalarni qozi askar (askar qozisi) nazorat qilgan va sharʼiy masalalarni hal qilgan.
Shuningdek, Xiva xonligida Mufti – qozilarning huquqshunosi edi. Ular biror ish koʻrilayotganda ishtirok etishi, hukmona tuzishi va hukmlarning toʻgʻriligini tasdiqlash uchun hujjatlarga muhrini bosishi lozim edi. Xivada bosh mufti yettita boʻlib, barcha muftilarning xon yonida oʻrni boʻlgan. Lashkarda oʻzining mufti lashkari xizmat qilgan.
Bu davrda aʼlam muftilarning boshligʻi hisoblangan. Uning vazifasi fatvoda keltiriladigan shariat rivoyatlarini tekshirishdan iborat boʻlib, ayrim rivoyatlarning asl nusxasiga mosligini aniqlagach, unga oʻz muhrini bosgan. Raislar esa shariat tartib-qoidalari, diniy marosimlar – roʻza, besh vaqt namoz, tahorat, xayri-ehson ishlarining aniq bajarilishi ustidan nazorat qilgan. Har bir shahar va katta qishloqning oʻz raisi boʻlib, qozi kalon taqdimiga muvofiq xon tomonidan tayinlangan [4].
Oʻrta Osiyo Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingunga qadar bu yerda, yuqorida aytilganidek, anʼanaviy sud tizimi ish olib bordi. Muqaddas Qurʼoni karim oyatlari, ulamo va din peshvolari asarlari, shuningdek, hadislarda adolatli sudlov masalalari oʻz aksini topgan. Bu borada Burhoniddin Margʻinoniyning Hidoya asarini [1] misol sifatida koʻrsatish mumkin. Xususan, asarning 16-bobi oldi-sotdi ishlarini yuritish, 18-kitobi esa shartnomalar tuzishdagi kafolat berish qoidalariga bagʻishlangan. Yuqorida nomlari keltirilgan manbalar Turkiston oʻlkasida XIX asrda amal qilgan qozilik va biylik sudlari uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qilgan.
Imperiya harbiylari Turkistonda diniy va etnik omilning murakkabligini hisobga olib, turli xalqlar istiqomat qiladigan mintaqalarni maʼmuriy-hududiy birlashtirishga qarshi boʻlgan. Ayrim sharqshunos olimlar fikricha, bu davrda nafaqat bosib olingan oʻlkalarda, balki Rossiyaning oʻzida ham islom diniga eʼtiqod qiluvchilarning koʻpligi imperiya uchun xavf manbai boʻlgan. Shuning uchun XIX asr ikkinchi yarmida imperiya hukumatining diniy siyosati islom dini tarqalishini chegaralash va taʼsirini kamaytirishdan iborat boʻlgan.
Markaziy Osiyo xalqlari sud tizimini qayta tashkil etish orqali Rossiya imperiyasi aholi orasida islom dini taʼsirini susaytirishga harakat qildi. Imperiya hukmron doiralarida ham shariat sudlari va qozilar faoliyatiga munosabat bir xil boʻlmagan. Turkiston viloyati harbiy gubernatori M.G.Chernyayev Oʻrta Osiyo hukmdorlari vakolatiga kirgan barcha huquqqa ega boʻlgan, ammo shu bilan bir vaqtda shariat sudlari ishiga aralashmagan. Ammo imperiya rasmiylari Chernyayevning bunday siyosatidan noroziligini bildirib turgan va bu holat uning ishdan chetlashtirilishiga olib kelgan [2:377].
Chernyayev oʻrnini egallagan D.I.Romanovskiy Toshkentda mahkama joriy etish toʻgʻrisida buyruq bergan. Mazkur mahkama raisligiga rus amaldori tayinlangan. Mahkamaning majlislarida mahalliy aholi muammolariga oid masalalarga oydinlik kiritish maqsadida qozining ishtiroki taʼminlangan. Mahkamaning boshqa yana 3 aʼzosi fuqarolar tomonidan Toshkentning eʼtiborli kishilari orasidan tanlab olingan.
Toshkentdagi mahkamada koʻchmanchi va oʻtroq aholi uchun ikki boʻlim faoliyat olib borgan. Barcha masalalar shariat asosida koʻrib chiqilardi. Eʼtirozli holatlar yuzaga kelgan taqdirda mahkama aʼzolarining qaroriga koʻra ishni harbiy gubernator ixtiyoriga joʻnatish tartibi amal qilardi.
Tarixchilar fikricha, Toshkentdagi mahkama faoliyati tugatilishining asosiy sababi shariat peshvolari orasidagi kelishmovchilik va aholining ushbu muassasaga ishonchsiz munosabatda boʻlishi bilan bogʻliq edi. Xususan, dastlabki vaqtlarda mahalliy aholining rus sudlariga murojaat qilishi boʻyicha taxmini ham yoʻqqa chiqdi. Mahalliy aholi avvalgidek, shariat qoidalari asosida oʻz muammolarini hal qilishni maʼqul koʻrdi.
Xulosa qilganda, Turkiston hududida sud tizimi va u bilan bogʻliq qozixonalar faoliyati oʻziga xos tarzda kechdi. Oʻrta Osiyo xonliklari davrida Qurʼon, hadislar, ushbu soha mutaxassislari asarlari va boshqalar sud tizimida asosiy manba hisoblangan. Qozixonalar masjid qoshida boʻlishi kerak boʻlsa-da, koʻpgina sudlov ishlari qozilarning uylarida, bozor kunlari esa bozorlarda koʻrilgan. Oʻrta Osiyo Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan soʻng, bu sohada ham ruslashtirish olib borildi. Bu esa, oʻz navbatida, qozixonalar faoliyatiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatdi.
-
Burxanuddin Marginani. Xidoya. Kommentarii musulmanskogo prava. V dvux chastyax. Chetryox tomax. Chast 1. https://www.worldislamlaw.ru/?p=1343).
-
Vasilyev D.V. russkiy Turkestan: sudba i vlast (Turkestanskiye general-gubernatorы v 1865-1886gg.) //Aziatskaya Rossiya: lyudi i strukturы imperii: sbornik nauchnыx statey. K 50-letiyu so dnya rojdeniya professora A.V. Remneva / Pod red.N.G. Suvorovoy. -Omsk: Izd-vo OmGU, 2005.– 377.
-
Toshev S. Buxoro amirligida amir Shohmurod islohotlari// Academic research in educational sciences. Volume I. Issue 3. 2020.
-
http://xorazmiy.uz/uz/pages/view/576
-
https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/shodmon-vohid-qoqon-xonligidagi-unvon-va-mansablar.html
-
https://shosh.uz/buhoro-amirligi-avvali-va-ohiri/
-
https://yuz.uz/news/buxoroning-qadimiy-qozixonalari-qayta-tiklanmoqda