Home / MAQOLALAR / DUNYOVIY VA DINIY QADRIYATLARNING MAʼNAVIY TARBIYADAGI UYGʻUNLIGI

DUNYOVIY VA DINIY QADRIYATLARNING MAʼNAVIY TARBIYADAGI UYGʻUNLIGI

Diniy va dunyoviy qadriyatlarda bagʻrikenglik gʻoyasiga tayangan Oʻzbekistonda  xilma-xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan turli millat vakillari hamjihat boʻlib, bir zaminda yashab, mehnat qilib kelayotgan bir vaqtda “dunyoviylik” tamoyilini toʻgʻri anglash, jamiyat, davlat va din orasidagi munosabatlarda muvozanatni saqlash masalasi nihoyatda dolzarb.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi  Prezident Farmoniga muvofiq  koʻp asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimizning bebaho merosini oʻrganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash maqsadida:

– “jaholatga qarshi maʼrifat” ulugʻvor gʻoya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish;

– islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qoʻshgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur oʻrganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish;

– jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot boʻlgan gʻoyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish;

– diniy va dunyoviy bilimlar uygʻunligini rivojlantirish asosida taʼlim sifatini oshirish kabilar sohaning ustuvor yoʻnalishlari sifatida  belgilandi.[1]

Bundan tashqari, 2019-yil 4-sentyabrdagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi  Prezident Qaroriga muvofiq yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida, ilm-maʼrifatli, intellektual barkamol avlod etib tarbiyalash, uning diniy va dunyoviy qarashlarini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida qoʻyilgan.[2]

Oʻzbekiston aholisining 94 foizdan koʻprogʻi eʼtiqod qiladigan Islom dinida ham dunyoviylik va diniylik chegaralari belgilanmagan. Islom taʼlimotiga koʻra, insonlarning dini, joni, nasabi, aqli va moliga foyda keltiradigan har qanday amal diniy jihatdan ham maʼqullangan, savobli ish hisoblanadi. Islomda dunyoviylikka dinga yot tushuncha sifatida qaralmay, balki, dinining muqaddas manbalari – Qurʼoni Karim va Hadislarda ham inson bu dunyosi uchun ham harakat qilishi kerakligi uqtiriladi. Dunyoviy   va diniy qadriyatlar insonlar ruhiyatining ajralmas qismi hisoblanib, mushtarak tarzida insonning hayotga, jamiyatga, jamiyat aʼzolariga munosabatini namoyon qiladi. Dunyoviy qadriyatlar ijtimoiy-ruhiy hodisa boʻlib, u millatning madaniyati, tarixi, tili, dini, urf-odati, anʼanalarini, jamiyatning moddiy va maʼnaviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha tomonlarini qamrab olsa, diniy qadriyatlar diqqat markazida inson va insoniylik masalasi asosiy oʻrin tutadi. Diniy-dunyoviy qadriyatlar uygʻunligida tarbiya topgan shaxs jamiyat, davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi yangi-yangi innovatsion gʻoya va texnologiyalarni kashf etishsa, eng soʻnggi ilm-fan yutuqlarini  qoʻlga kiritishsa, eng muhimi “portlash effekti” sifatida dunyoga oʻz millati intellektini tarannum etishsa nur ustiga aʼlo nurdir. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda:”Xalqimizni rozi qilsak, ularning ogʻirini yengil qilsak, ularning dardu tashvishi bilan yashasak, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi”.[3]

Maʼnaviy tarbiya jarayonida dunyoviy va diniy qadriyatlarni uygʻunlashtirish ishlarini tashkil etish bevosita tarbiyaning usul va vositalari orqali amalga oshiriladi. Tarbiyaning barcha yoʻnalishlarining birligi:

  • birinchidan, tarbiyaning pirovard maqsadi har tomonlama rivojlangan, barkamol shaxsni shakllantirish;
  • ikkinchidan, barcha ijtimoiy munosabatlarning majmui boʻlgan, yaxlit va alohida tarkibiy qismlarga ajratib boʻlmaydigan insonning yagona ijtimoiy mohiyati;
  • uchinchidan, tarbiyaning butun tizimi uchun umumiy boʻlgan prinsiplarning birligi bilan bogʻliq.

Ayni vaqtda, tarbiyaning har bir yoʻnalishi nisbiy mustaqillikka ega, oʻziga xos jihatlari bor va murakkab tizimni tashkil qiladi. Maʼnaviy tarbiya amaliy faoliyatning “odamlarga odamlar tomonidan ishlov berish”ga qaratilgan nisbatan mustaqil oʻziga xos turi. Unga tarbiyaviy faoliyatning har qanday yoʻnalishida boʻlganidek, bir qator umumiy tarkibiy unsurlar – tarbiya obyekti; tarbiya subyekti; tarbiyaning mazmuni (maqsadi, gʻoyalari, vazifalari); tarbiya vositalari (maʼnaviy va diniy qadriyatlar); tarbiyaning prinsiplari, usul va shakllari; maʼnaviy tarbiyani boshqarish subyektlari – xosdir. Shu bilan birga ushbu faoliyat hayotning turli sohalarida, har xil ijtimoiy institutlar yordamida amalga oshiriladi. Ularning majmui maʼnaviy tarbiya tizimining tashkiliy tarafini, jihatini tashkil etadi.

Barcha unsurlar oʻrtasidagi tartibga solingan qonuniy aloqalar tarbiya maqsadi asosida maʼnaviy tarbiyaning tuzilishini tashkil qiladi. Aynan tuzilish tufayli har bir unsur boshqa barcha unsurlar bilan bogʻliq boʻladi, bu esa tizimni tashkil etadi.

Umuman olganda, maʼnaviy tarbiya tizimini tarbiya jarayonining uch qirrasi – uning mazmuni, metodik va tashkiliy tomonining uzviy birligi sifatida tasavvur qilish mumkin. Mazmuniy tomoni tarbiyaviy jarayon obyektida qanday xususiyat va xossalarni shakllantirish kerakligini koʻrsatadi. Metodik taraf ushbu vazifalar amalda qanday bajarilishini koʻrsatadi va tarbiya jarayonida, tabaqalashgan holda, muayyan sharoitlar, tarbiya obyektining xususiyatlaridan kelib chiqib qoʻllaniladigan vositalar, usullar va shakllarni ifodalaydi. Nihoyat tashkiliy taraf kim tarbiyalayotganligini koʻrsatadi, har biri hayotning muayyan sohasida maʼnaviy tarbiyani amalga oshiradigan va oʻziga yuklatilgan maxsus funksiyalarni bajargan tegishli tashkilotlar mavjud boʻlishini taqozo etadi. Maʼnaviy tarbiya uning barcha jihatlari oʻzaro bogʻliq va muvofiq boʻlgan taqdirdagina samarali boʻladi. Shunday qilib, maʼnaviy tarbiya tizimi – har xil ijtimoiy institutlarning tashkiliy va maqsadga qaratilgan faoliyati hamda ular ongli ravishda belgilaydigan, shaxsda dunyoviy va diniy qadriyatlarga ijobiy munosabatni shakllanishini taʼminlaydigan insonga taʼsir koʻrsatish prinsiplari, vositalari, shakl va usullarining majmuidir.

Dunyoviy va diniy qadriyatlarning obyektiv mezoni bir. Zero, voqelikning qandaydir ajralgan “aksiologik xossalari” ham, shuningdek, umumiy obyektiv shart-sharoitlarning mavjudligi diniy qadriyatlar va dunyoviy qadriyatlar oʻzaro aloqasiga ichki, uzviy xususiyat bagʻishlaydi. Masalan, aksiologik baho inson maʼnaviy va jismoniy imkoniyatlari, ijodiy qobiliyatlarining bahosidir. Shu bois bunday baho ijtimoiy hayotning har qanday sohada, jumladan tarbiya sohasida ham qoʻllanilishi mumkin. Aksiologik baho narsa va hodisani yaxlit qamrab olgan holda oʻzining zaruriy sharti sifatida ularning dunyoviy ahamiyatini aniqlashni taqozo etadi. Oʻz navbatida, axloqiylik diniy qadriyatlar sifatida namoyon boʻlish uchun shart-sharoitga ega. Bu inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarini oʻz taʼsiri bilan qamrab oluvchi dunyoviy qadriyatlar barcha joyda voqeligi, shuningdek shaxsning dunyoviy qoidalari va koʻrsatmalarini oʻz hayotiy amaliyotida roʻyobga chiqarishining bevosita xususiyati bilan bogʻliq. Ushbu ikki sohaning ichki yaqinligi ulugʻvorlik, tubanlik, qahramonlik kabi narsa yoki hodisa ayni vaqtda diniy qadriyatlar va dunyoviy qadriyatlar nuqtayi nazaridan baholanadigan tushunchalarning maʼno jihatidan birligida oʻz aksini topadi. Biroq ijtimoiy hayot va diniy qadriyatlarda diniy qadriyatlar va dunyoviy qadriyatlar munosabati koʻp hollarda ancha murakkab va ziddiyatli tarzda ifodalanadi. Bunga, xususan, insonlar oʻrtasidagi munosabatlarda mohiyat va hodisa, mazmun va shaklning mos kelmasligi bilan bogʻliq hollar kiradi. Biz u yoki bu harakatning tarbiyaviy ahamiyatini ijobiy baholab baʼzan uning tashqi namoyon boʻlish shakliga eʼtibor bermaymiz. Yoki, insonning xulqini odob qoidalariga rioya etilishi nuqtayi nazaridan baholab, bunda shaxs rivojlanishining umumiy darajasiga eʼtibor qilmaymiz.

Diniy va dunyoviy qadriyatlar goʻzallik va yaxshilik uygʻunligi qadrlash nuqtayi nazaridan abstrakt-mavhum, cheksiz hissiy jarayon emas. Balki qadrlash meʼyorlariga ega boʻlgan aniq ijtimoiy tarixiy hodisadir. Diniy va dunyoviy qadriyatlar hayot uygʻunligini qadrlashning oʻziga xos qadrlash meʼyorlari mavjuddir.

Dunyoviy va diniy qadriyatlar uygʻunligi haqidagi fikrlarni professor Tilab Mahmudning: “Inson maʼnaviy olamining yaxlitligi va butunligiga erishmoq ayni saodatdir. Parchalanish, boʻlinish-nurash alomatidir. Qayerda uygʻunlik va mutanosiblik boʻlsa, shu yerda ishonchli taraqqiyot va goʻzal xulq chechaklari gullaydi. Inson dilidagi esankirash, shubha va gumon maʼnaviy parokandalikka olib keladi”,[4] degan purmaʼno soʻzlari bilan xulosalaymiz. Diniy va dunyoviy qadriyatlar uygʻunligidagi meʼyorlarning buzilishi diniy va dunyoviy qadriyatlarning qadrsizlanishiga, yaʼni odamlarning axloqiy va aksiologik jihatdan tanazzulga uchrashga olib keladi.

[1] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2018-yil 16-aprel.
[2] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4436 Qarori, 2019-yil 4-sentyabr.
[3] Mirziyoyev Sh.M. Tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik-har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi boʻlishi kerak.Toshkent, Oʻzbekiston, 2017, – B 53.
[4] Mahmud Tilab. Komillik asrorlari: Hayotiy hikmatlar. – Toshkent. “Adolat”. 2006. – B 18.
Bahramaddin RAZOV,
Qoraqalpogʻiston musulmonlari qoziyoti qozisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …