Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Dinlararo totuvlik qoʻmitasi aʼzosi, Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) raisi, professor Muhammad Nur Manuti rahbarligidagi ilmiy delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlar Markaz muzeyi va kutubxonasi faoliyati, jamoa erishgan ilmiy muvaffaqiyatlar bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya aʼzolari xodimlarning yuqori ilmiy salohiyati, nashr etilayotgan adabiyotlarning yuksak maʼrifiy qiymatini alohida eʼtirof etdi.
Tashrif doirasida Markaz, Institut va Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyat vakilligi hamkorligida “Islom sivilizatsiya tashabbuslarining tiklanishi” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.
Dastlab Markaz direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov oʻtgan davr mobaynida ilmiy muassasalar tomonidan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar, oʻtkazilgan tadbirlar xususida maʼlumot berdi.
Muhammad Nur Manuti samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar koʻlami va yorqin samarasini alohida eʼtirof etdi. Notiq, shuningdek, tadbir mavzusining ahamiyatli jihatlariga eʼtibor qaratib, bugungi globallashuv sharoitida islom sivilizatsiyasining tarkib topishiga munosib hissa qoʻshgan movarounnahrlik allomalar maʼnaviy merosini oʻrganish yanada dolzarblashayotganiga urgʻu berdi.
Davra suhbatida Markaziy Osiyo ulamolarining islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi va globallashuv sharoitida islom sivilizatsiyasining tashabbuslari yoʻnalishlarida turkum maʼruzalar tinglandi. Ishtirokchilar Movarounnahrda hadis ilmining rivojlanishida bu ulugʻ zamindan yetishib chiqqan muhaddis olimlarning oʻrni, Alouddin Usmandiyning moturidiylik kalom maktabi rivojiga qoʻshgan hissasi bilan birga, Malayziya Federal konstitutsiyasida islomning mavqei, islomda ilmning yuksak maqomi, ekstremizm va radikalizmning oldini olish boʻyicha Malayziya tajribasini keng muhokama qildi.
Dinning asl mohiyatini toʻliq anglash, dinlararo tolerantlikni yanada kuchaytirish, islomning insonparvarlik va tinchlik kabi qadriyatlarini keng targʻib qilishda Movarounnahrda yashab ijod etgan mutafakkirlar ilmiy merosiga tayanib ish koʻrish, shuningdek, millatlararo totuvlikni taʼminlash ishi umumbashariy miqyos kasb etishi lozimligi qatnashchilar tomonidan yakdil tarzda qayd qilindi.
Qizgʻin munozaralar davomida diniy bagʻrikenglik tamoyillarini hayotga kengroq tatbiq etish, allomalar asarlaridagi ezgu gʻoyalar targʻibotini jadallashtirish, eʼtiqod va vijdon erkinligini taʼminlash yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Tashrif yakunida Muhammad Nur Manuti Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.