Poytaxtimizda 14 noyabr kuni “Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 80 yoshda” mavzusida anjuman boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizning yetakchi ilmiy va madaniy muassasalari rahbarlari, qator xorijiy tashkilotlar vakillari, yetuk olimlar, fan va madaniyat arboblari ishtirok etgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov ham qatnashib, institut bilan Markaz oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari toʻgʻrisida maʼruza qildi.
Markaz ancha vaqtdan buyon Sharqshunoslik instituti bilan qator qoʻshma loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Hamkorlikda tashkil etilayotgan seminar va konferensiyalar, maʼruzalar hamda olib borilayotgan tadqiqotlar shular jumlasidandir.
Maʼruzachi istiqbolda ham muassasalararo hamkorlik takomillashib borib, qadimiy manbalarni oʻrganishda hamjihatlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Sh.Ziyodov, shuningdek, yigʻilganlarga Markazda qoʻlga kiritilgan ilmiy muvaffaqiyatlar haqida maʼlumot berdi va institut rahbariyatiga yangi nashr etilgan adabiyotlar toʻplamini taqdim etdi.