Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyatidagi imom-xatiblar malaka oshirish oʻquvining soʻnggi bosqichi asosan tinglovchilar ishtirokidagi interaktiv mashgʻulotlar asosida oʻtdi.
Markaz trenerlari tomonidan ishtirokchilarni ikki shoʻbaga, katta va kichik guruhlarga boʻlgan holda, soha vakillari faoliyatida uchrash ehtimoli yuqori boʻlgan hayotiy vaziyatlar hamda muammoli holatlar chuqur tahlil qilindi. Qatnashchilar oʻrtaga tashlangan dolzarb mavzu va masalalar yuzasidan oʻz fikrlarini erkin tarzda bildirish va munozaraga kirishish imkoniyatiga ega boʻldi. Shoʻbalarning har biridagi mashgʻulotlar yakunida faoliyatga oid muhim yoʻnalishlar boʻyicha umumiy va maqsadli xulosalar ishlab chiqildi.
Shundan soʻng viloyatdagi iqtidorli imom-xatiblar bir haftalik malaka oshirish oʻquvining yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Markaz direktori Shovosil Ziyodov, viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosari Bahodir Qodirov hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyatidagi vakili v.v.b Yoqubjon Mansurov malaka oshirish dasturining bugungi kundagi dolzarb ahamiyati, mashgʻulotlarda olingan bilim va koʻnikmalarni amaliyotda qoʻllashning hayotiy zarurati haqida soʻzladi va tinglovchilarni oʻquvlarning muvaffaqiyatli yakuni bilan qizgʻin tabrikladi.
Ishtirokchilarning barchasiga tashkilotchilar tomonidan maxsus sertifikatlar topshirildi.