Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Musulmonlar idorasi va Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan qirqqa yaqin masjid imom-xatiblari uchun islomning asl taʼlimotini yetkazish orqali aholining diniy savodxonligini yuksaltirish va yoshlarni turli yot gʻoyalardan asrash borasida kasb mahoratini takomillashtirishga qaratilgan malaka oshirish oʻquvlari boshlandi.
Oʻquvlar davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga 2023 yil 24 avgustdagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan yigʻilish bayoniga asosan tashkil etilgan boʻlib, jami 36 soatga moʻljallangan.
Imom-xatiblar uchun oʻquvlarning dastlabki kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov bu tadbirdan koʻzlangan maqsad, malaka oshirishning amaliy faoliyatdagi ahamiyati, shuningdek, xalqimiz diniy maʼrifatini yanada oshirishda soha vakillari oldida turgan muhim vazifalarga toʻxtaldi.
Markaz ilmiy xodimlari “Diniy mutaassiblikning oldini olishda hadislarni toʻgʻri anglashning ahamiyati”, “Radikal oqimlarning aqidaviy daʼvolari va ahli sunna val jamoaning ularga ilmiy raddiyalari”, “Zamonaviy musulmon olamida gʻoyaviy ixtiloflar, oqimlar va firqalar” mavzularida maʼruzalar qildi.
Mashgʻulotlarni rejaga asosan maʼruza, seminar-trening, davra suhbati, munozara, katta va kichik guruhlarda ishlash hamda boshqa interfaol metodlardan foydalangan holda olib borish nazarda tutilgan. Oʻquvlar soʻngida tinglovchilarni yakuniy nazorat asosida malakaviy attestatsiyadan oʻtkazish rejalashtirilgan.
Malaka oshirish oʻquvlari bir hafta davom etadi.
Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati