Inson hayoti qavm-qarindosh, qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy bilan chambarchas bogʻliqdir. Tabiiyki, odamlar orasida bordi-keldi, xabarlashish, maslahat soʻrab borish kabi oʻzaro munosabatlar yuzaga keladi.
Inson biror xonadonga borganda, kirishga izn soʻrashi islomdagi goʻzal odob-axloq sanaladi. Alloh taolo aytadi:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَدْخُلُوا بُيُوتًا غَيْرَ بُيُوتِكُمْ حَتَّى تَسْتَأْنِسُوا وَتُسَلِّمُوا عَلَى أَهْلِهَا ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ﴾
“Ey imon keltirganlar! Oʻz uylaringizdan oʻzga uylarga to izn soʻramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangiz”[1].
Oyatda Alloh taolo iznni salomdan ham oldin qoʻyishida katta hikmat bor. Ushby oyatga amal qilinca, bipovning xonadoniga izn coʻpab, calom bepib ĸipilcagina, typli noqylay holatlapning oldi olinadi. Izn coʻpamay ĸipgan odam yy egalapini noqylay holda typganlapini ĸoʻpib qolca, gynoh boʻladi. Iĸĸi tomon ham hijolatga tyshadi. Balĸi xycymat, ypysh-janjal chiqishi ham mymĸin. Baʼzi hollapda yyda ayol ĸishi yolgʻiz boʻlishi, yctiga begona epĸaĸ ĸipib, opada igʻvo, boʻhton, fitna chiqishi mymĸin.
Ribʼiy ibn Hiroshdan bunday rivoyat qilinadi: “Bizga Banu Omirdan bir kishi quyidagilarni aytib berdi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyda ekanlarida: “Kirsam maylimi?” deb izn soʻradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam xodimga: “Chiqib anavi kishiga izn soʻrashni oʻrgat. “Assalomu alaykum, kiraveraymi?” degin, deb ayt”, dedilar. Haligi odam bu gaplarni eshitdi va: “Assalomu alaykum, kirsam maylimi?” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam izn berdilar va u kirdi”[2].
Ruxsat soʻrash madaniyatli kishining odatidir. Bunga amal qilish bilan insonlar oʻrtasidagi turli fitna, xijolatpazlik, tushunmovchiliklarning oldi olinadi. Ruxsat soʻrash oʻzaro hurmat-ehtirom, bir-biriga mehr-muhabbatni, yuksak insoniy fazilatlarni mustahkamlaydi.
Dinimizda birovning uyiga ruxsatsiz kirib, xonadon egasini xijolatga qoʻyish mumkin emas. Buning zamirida xonadonning sirini, or-nomusini himoya qilish bor. Bexosdan kirish inson obroʻsini poymol qiladi va turli fitna, mojarolarga sabab boʻladi. Hatto oilalarning buzilib ketishiga olib keladi. Shu bilan birga, izn soʻrash va salom berish shubha-gumonni ketkazadi. Izn soʻrash bilan ziyoratchi hurmat va izzatga sabab boʻladi. Shu sababli Alloh taolo kirishga ruxsat boʻlmasa, qaytib ketishni buyurdi:
﴿فَإِنْ لَمْ تَجِدُوا فِيهَا أَحَدًا فَلَا تَدْخُلُوهَا حَتَّى يُؤْذَنَ لَكُمْ وَإِنْ قِيلَ لَكُمُ ارْجِعُوا فَارْجِعُوا هُوَ أَزْكَى لَكُمْ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ﴾
“Bas, agar u (uy)larda hech kimni topmasangiz, unda to sizlarga izn berilmaguncha ularga kirmangiz! Agar sizlarga “qaytingiz!” deyilsa, qaytib ketaveringiz! Shu sizlar uchun eng pokroq (amaldir). Alloh qilayotgan ishlaringizni biluvchidir”[3].
Oyati karimada izn soʻrashning adadi ochiq aytilmagan. Ammo hadisi shariflarda uch marta izn soʻrash bayon qilingan. Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Izn soʻrash uch martadir. Birinchisida uy egasi eshitadi, ikkinchisida oʻzini rostlab oladi, uchinchisida kirishga izn beradi yoki rad qiladi”, dedilar”[4].
Odob boʻyicha uy egasining: “Kim u?” degan savoliga izn soʻrovchi ismini aniq aytishi kerak. Jobir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “U otasining qarzi xususida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borgani haqida bunday deydi: “Eshikni qoqdim. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Bu kim?!” dedilar. “Menman!” dedim. U zot norozi ohangda: “Men, men…” dedilar”[5].
Demak, oʻzgalar xonadoniga borgan kishi “menman”, “qarindoshingizman”, “qoʻshningizman”, “oʻrtogʻingizman”, “eshikni oching”! deb mujmal gapirmasdan, birinchi boʻlib salom berishi, keyin oʻz ismini aniq qilib aytishi, soʻngra kirishga ruxsat soʻrashi lozim ekan.
Birovning uyiga borish uchun munosib vaqt tanlash ham odobdir. Yarim tunda, erta tongda yoki tush mahali borib, uy egalarini bezovta qilmaslik kerak. Borganda eshikni qattiq urmasdan, barmoq bilan sekin taqillatish kerak. Hozir baʼzilar betoqat boʻlib qoʻngʻiroq tugmasini qayta-qayta bosishni odat qilgan. Keluvchi kim boʻlishidan qatʼiy nazar, bu holat xonadon egasini ranjitadi.
Eshikni taqillatgandan soʻng bir yonga oʻtib turish lozim. Chunki kishining hovli yo xonadoniga beixtiyor qarash yaxshi emas. Bu haqda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim birovning hovlisiga (yo xonadoniga) ruxsatsiz qaragani sababli koʻzi oʻyib olinsa, buning uchun xun toʻlanmaydi” dedilar”[6]. Yana Said ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning eshiklariga qarab turib, izn soʻray boshladi. U zot unga: “Sen undoq yoki bundoq tur, izn soʻrash nazardan saqlanish (yaʼni, nazar-nigohni pokiza saqlash) uchun joriy qilingandir”, dedilar”[7].
Farzandlar ota-onaning xonasiga kirish uchun izn soʻrashi ham odobdandir. Alloh taolo balogʻatga yetgan farzandlar u yoqda tursin, hatto yosh bolalarga ham uch holatda izn soʻrab kirishni buyuradi:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لِيَسْتَأْذِنْكُمُ الَّذِينَ مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ وَالَّذِينَ لَمْ يَبْلُغُوا الْحُلُمَ مِنْكُمْ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ مِنْ قَبْلِ صَلَاةِ الْفَجْرِ وَحِينَ تَضَعُونَ ثِيَابَكُمْ مِنَ الظَّهِيرَةِ وَمِنْ بَعْدِ صَلَاةِ الْعِشَاءِ ثَلَاثُ عَوْرَاتٍ لَكُمْ لَيْسَ عَلَيْكُمْ وَلَا عَلَيْهِمْ جُنَاحٌ بَعْدَهُنَّ طَوَّافُونَ عَلَيْكُمْ بَعْضُكُمْ عَلَى بَعْضٍ كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمُ الْآيَاتِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ﴾
“Ey moʻminlar, qoʻl ostingizdagilaringiz hamda balogʻatga yetmagan (farzand)laringiz uch vaqtda (huzuringizga kirish uchun) sizlardan izn soʻrasin. Bomdod namozidan avval, tush payti (issiqdan) kiyimlaringizni yechgan paytingizda va xufton namozidan keyin. (Bu) uch (vaqt) avratlaringiz (ochiq boʻlishi mumkin boʻlgan vaqtlar)dir. Ular oʻsha (vaqtlar)dan tashqarida (izn soʻramay kirsalar) sizlarga ham, ularga ham gunoh yoʻqdir. (Chunki) ular sizlarga, biringiz biringizga kelib-ketib turuvchidirsiz. Alloh oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir”[8].
Demak, yosh bolalardan ham ehtiyot boʻlib yurish lozim ekan. Bu ularning tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Alqama roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Paygʻambar alayhissalom huzurlariga bir odam kelib, “Men onamning huzuriga kirish uchun ham izn soʻraymanmi?” dedi. U zot: “Ha”, dedilar. “Onamning mendan boshqa xizmatkori yoʻq, har kirganimda izn soʻraymanmi?” dedi. U zot: “Nima, onangni kiyimsiz koʻrmoqchimisan?” dedilar. Shunda haligi kishi: “Yoʻq”, dedi. “Boʻlmasa izn soʻragin-da”, dedilar”[9].
Farzand oilada bu muhim qoidaga amal qilishga oʻrgatilsa, goʻzal odob bilan tarbiya topadi.
Yuqoridagi odoblardan maʼlum boʻladiki, izn soʻrash butun jamiyat uchun muhim qoida ekan. Hozirgi muammolarning ayrimlari ana shu odoblarni bilmaslik yoki ularga amal qilmaslikdan kelib chiqayotgani ham ayni haqiqatdir. Neʼmatlarning eng ulugʻi halovat ekan, demak, uni istagan kishi shu qoidalarga rioya qilishni ham oʻzi uchun qatʼiy majburiyat deb bilsin. Bu osoyishni, oʻzaro hurmat va ishonchni, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlaydi.