Home / XALQARO YANGILIKLAR / Oʻzbekiston va Oʻmon boy madaniy merosni asrab-avaylash va oʻrganish sohasidagi hamkorlikni yanada jadallashtiradi

Oʻzbekiston va Oʻmon boy madaniy merosni asrab-avaylash va oʻrganish sohasidagi hamkorlikni yanada jadallashtiradi

Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida 26-29 avgust kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillaridan iborat delegatsiyaning Oʻmonga amaliy safari tashkil qilindi, deb  xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif  davomida  mamlakatimiz vakillari Oʻmonning Arxiv va hujjatlarni saqlash milliy departamenti raisi Hamad al-Davyani bilan uchrashdi.

Unda  ikki tomonlama ilmiy  hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari  muhokama qilindi. Oʻmon tomoni uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi  va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati  toʻgʻrisida batafsil taqdimot oʻtkazildi.

Departament raisi Hamad al-Davyani soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatimiz boy madaniy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, maʼrifat va diniy bagʻrikenglik taʼlimotini keng yoyish boʻyicha amalga oshirilayotgan ulkan saʼy-harakatlarni Oʻmon tomoni yuqori baholashini taʼkidladi.

Muloqot natijasida tomonlar Hamkorlik memorandumini ishlab  chiqish va  imzolashga kelishib oldilar.

Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari, Oʻmon Arxiv va hujjatlarni saqlash milliy departamentida nodir qoʻlyozma va hujjatlarni saqlash, zararlangan sahifalarni restavratsiya qilish, shuningdek, qoʻlyozma va toshbosma asarlarning fotomodellarini yaratish, sultonlikda kechgan tarixiy jarayonlar shohidlari hikoyalarini videotasmalarga tushirish jarayonlari bilan tanishdilar.

Safar davomida, Oʻzbekiston delegatsiyasi Oʻmon milliy muzeyiga bordi. Muzeyda Oʻmon tarixi, jumladan, islomiy meros haqida hikoya qiluvchi kolleksiyalar hamda ularni namoyish etish uslublari bilan tanishdilar. Muzeyshunoslik sohasida oʻzaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.  

Bundan  tashqari mamlakatimiz ilmiy  jamoatchiligi Oʻmon sultoni devoni huzuridagi Sulton Qobus madaniyat va fan markazi raisi Habib al-Riyami bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Habib al-Riyami 2018 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yangi binosining ochilish marosimida mamlakat delegatsiyasi tarkibida ishtirok etganini bildirib, sultonlik rahbariyati Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratishini taʼkidladi.

Tomonlar, shuningdek, oʻzaro tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy anjumanlar oʻtkazish va oʻquv grantlarini ajratish masalalari xususida  ham fikr almashdilar.

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …