Oʻn ikkinchi dars. Rostgoʻylikning fazilati.
Ey oʻgʻlim! Musulmon kishi ixlosmand va taqvodor boʻlishi bilan bir qatorda rostgoʻy boʻlishi ham lozim. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday deydi:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ﴾
“Ey iymon keltirganlar! Allohdan qoʻrqingiz va (iymonda) sodiq kishilar bilan birga boʻlingiz!”[1]
Alloh taoloning bu amrida ikki narsani roʻyobga chiqarish talab qilinadi. Birinchisi, inson oʻz soʻzida rost soʻzlovchi, ikkinchisi, inson rostgoʻylar bilan bir safda boʻlishligidir.
Ey oʻgʻlim! Rostgoʻylik – ezgu xulqlarning posboni boʻlib, oʻzini haqiqiy moʻmin-musulmon hisoblagan inson hech qachon yolgʻon soʻzlamaydi va hech kimni aldamaydi ham. Negaki Islom dinining muqaddas manbai hisoblangan Qurʼoni karimning aksariyat oyatlari va Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning juda koʻplab hadisi shariflarida rostgoʻylikka targʻib qilinadi, yolgʻondan qaytariladi. Haqiqiy moʻminlar rostgoʻylikni mahkam tutadi va Alloh taolo Qurʼoni karimda ishora qilgan ulugʻ savoblarni eslaydi. Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿قَالَ اللَّهُ هَذَا يَوْمُ يَنْفَعُ الصَّادِقِينَ صِدْقُهُمْ لَهُمْ جَنَّاتٌ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا أَبَدًا رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمْ وَرَضُوا عَنْهُ ذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ﴾
“Bu kun sodiq (moʻmin)larga toʻgʻri soʻzligi foyda beradigan kundir”. Ular uchun ostidan anhorlar oqib turadigan jannat bogʻlari bordir. (Ular) u yerda abadiy boʻlurlar”. Ulardan Alloh rozi va ular Allohdan rozi boʻlurlar. Bu buyuk yutuqdir”[2].
Ey oʻgʻlim! Oʻzing va molingga fidoyi boʻlganingdek boshqaga aytadigan gapingda ham rostgoʻy boʻlishga harakat qil. Chunki yolgʻon soʻzlash nuqsonli va aybli ishlarning eng yomonidir. Doʻstlaring va ustozlaring orasida yolgʻonchilik bilan tanilishdan ehtiyot boʻl. Agar aldashda davom etaversang, biror kishi senga ishonmaydi va rostgoʻyligingni tasdiq etmaydi.
Ey oʻgʻlim! Ustozing jazosiga loyiq ishni qilgan boʻlsang ham soʻraganda hargiz yolgʻon soʻzlama. Aybni doʻstlaringdan biriga toʻnkashga urinma. Hujjat sening ziyoningga guvohlik berib, jazoying bir necha barobar koʻpayishi mumkin. Birinchisi ayb ish qilganing, ikkinchisi yolgʻon soʻzlaganing uchun. Qaniydi, bu jazo qalbingdagi narsalarni biluvchi Rabbingning jazosidan ham seni qutqara olsa?!
Ey oʻgʻlim! Alloh taolo Oʻzining kitobida yolgʻonchilarni laʼnatladi. Rabbing huzurida laʼnatlanishga rozimisan, holbuki sen foydali ilm olayotgan boʻlsang-a?!
Ey oʻgʻlim! Bir marotaba yolgʻon soʻzlaganingda sening zararingga guvohlik beruvchi topilmasa-yu, qutulsang, keyingi safar koʻrgan kishining guvohligi bilan yolgʻoning fosh boʻlganda nima qilasan?
Ey oʻgʻlim! Yolgʻon gapirishda odamlardan qoʻrqmas ekansan, Xojangdan ham qoʻrqmaysanmi? Axir U koʻzlarning xiyonatkorini ham, qalblarda maxfiy boʻlayotganini ham bilur!
Ey oʻgʻlim! Kishi bir marta yolgʻon gapirsa, tili yana yolgʻonni takrorlaydi, bora-bora rost soʻzlay olmaydigan boʻladi. Tilingdan chiqadigan soʻzning rostligiga sinchkovlik bilan ahamiyat qarat. Yolgʻon ishga aralashib qolishdan ehtiyot boʻl, garchi obroʻyingga putur yetsa ham.
Ey oʻgʻlim! Senga nasihatim shudir. Rostgoʻylardan boʻlsang, hecham yolgʻon ishlatmaslikka vaʼda ber. Alloh nomi bilan vaʼda beramanki, hayotim davomida biror kishiga yolgʻon gapirmayman, degin. Ustozing va doʻstlaring oldida Allohga bergan ahdingga qanchalik vafo qilishingni vaqt koʻrsatadi.
Ey oʻgʻlim! Yaxshilikdan nasibasi uzilgan baʼzi insonlar yolgʻonni hazil bilan adashtiradi. Jiddiy ishda ham, hazilda ham yolgʻon ishlatma. Tilingni nohaq va notoʻgʻri soʻzga oʻrgatma. Shuni bilginki, qavmu qarindoshlari va doʻstlari orasida rostgoʻylik bilan tanilgan kishining soʻzi dalilsiz hujjat sifatida qabul qilinadi. Uning soʻzi omma oldida ham, xoslar oldida ham ishonchli boʻladi. Ishonarli kishi boʻlishni istasang, doimo rost soʻzla. Allohning oʻzi seni toʻgʻri yoʻlga yoʻllasin!