Home / HADIS / MOʻMINLAR BAYʼATI

MOʻMINLAR BAYʼATI

Musulmon kishi har doim oʻzini Alloh taolo qaytargan ishlardan tiyib, buyurgan ishlarni bajarishga harakat qilib yashashi lozim. Bunday amallarga ahd qilmogʻi uni islom dini chegarasida tutib turuvchi omil hisoblanadi. Quyida Imom Buxoriy tomonidan “Sahihul Buxoriy”da keltirilgan ana shunday omillardan biri – moʻminlar bayʼati haqida soʻz yuritamiz:

6705 – 7055 –

حَدَّثَنَاإِسْمَاعِيلُ حَدَّثَنِيابْنُوَهْبٍعَنْعَمْرٍوعَنْبُكَيْرٍعَنْبُسْرِبْنِسَعِيدٍعَنْجُنَادَةَبْنِأَبِيأُمَيَّةَقَالَ:دَخَلْنَاعَلَىعُبَّادَةِبْنِالصَّامِتِوَهُوَمَرِيضٌ.قُلْنَا:أَصْلَحَكَاللَّهُ،حَدِّثْبِحَدِيثٍيَنْفَعُكَاللَّهُبِهِسَمِعْتَهُمِنْالنَّبِيِّصَلَّىاللَّهُعَلَيْهِوَسَلَّمَ.قَالَ:دَعَانَاالنَّبِيُّصَلَّىاللَّهُعَلَيْهِوَسَلَّمَفَبَايَعْنَاهُ.فَقَالَ:فِيمَاأَخَذَعَلَيْنَاأَنْبَايَعَنَاعَلَىالسَّمْعِوَالطَّاعَةِفِيمَنْشَطِنَاوَمَكْرَهِنَاوَعُسْرِنَاوَيُسْرِنَاوَأَثَرَةًعَلَيْنَاوَأَنْلَانُنَازِعَالْأَمْرَأَهْلَهُإِلَّاأَنْتَرَوْاكُفْرًابَوَاحًاعِنْدَكُمْمِنْاللَّهِفِيهِبُرْهَانٌ

7055-hadis. Junoda ibn ibn Abu Umayya rivoyat qiladilar: Uboda ibn Somit betob edi, biz uni koʻrgani kirib: Alloh taolo sizga shifo ato etsin! Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan hadislardan Alloh sizga manfaatlantirganini aytib bering, dedik. Uboda ibn Somit: Janob Rasululloh bizni huzurlariga chaqirdilar, biz bayʼat[1] qildik. U zot biz amirimizni yoqtiramizmi, yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, ogʻir va yengil damlarda ham uning farmoyishlariga qarshilik qilmaslikka bayʼat qildirdilar. “Lekin – dedilar Janob Rasululloh, – uning ochiqdan-ochiq kufr yoʻliga oʻtganligini koʻrsangiz, qoʻlingizda Alloh taoloning nozil qilgan hujjati Qurʼoni karim mavjud, shunga binoan ish koʻringlar!””

Hadisning umumiy maʼnosi:

Uboda ibn Somit betob edi, biz uni koʻrgani kirib: Alloh taolo sizga shifo ato etsin! Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan hadislardan Alloh sizga manfaatlantirganini aytib bering, dedik.

Islom dinida bemorni ziyorat qilishning alohida fazli va savobi mavjuddir.Jamoat boʻlib bemor koʻrgani borish hamda uning haqqiga duolar qilish ham nihoyatda fazilatli va savobli amallardan hisoblanadi. Shuning uchun  Junoda ibn ibn Abu Umayya yetakchiligida bir guruh musulmonlar ummatning olimi Uboda ibn Somit betob  boʻlganda uni ziyoratiga boradi va uni haqqiga duolar qilib, oʻzi va jamiyat uchun eng manfaatli hadislardan birini aytib berishni soʻraydilar.

Uboda ibn Somit: Janob Rasululloh bizni huzurlariga chaqirdilar va biz u zotga bayʼat qildik.

Sahobiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga islom arkonlarini qoim qilishga, oʻgʻrilik va zino qilmaslikka, yolgʻon guvoh bermaslikka, jang vaqtida dushmanga orqa oʻgirib qochmaslikka, ota-onaga oq boʻlmaslikka va yana bir qancha solih amallarni bajarishga bayʼat qilar edi. Ana shunday bayʼatlarning Islom tarixidagi mashhuri Hudaybiya yili – hijratning oltinchi yili sodir boʻlgan edi va u haqda Qurʼoni karimda oyat nozil boʻlgan.

“Batahqiq, Alloh moʻminlardan daraxt ostida senga bayʼat qilayotganlarida rozi boʻldi. Bas, ularning qalblaridagini bildi, ularga sokinlikni tushirdi va yaqin fath ila mukofotladi.”[2] Alloh taoloning Oʻzi muborak kalomi Qurʼoni karimda Hudaybiyada Paygʻambar alayhissalomga bayʼat qilgan bir ming toʻrt yuz (baʼzi manbalarda bir ming besh yuz yigirma besh) sohabai kiromlardan rozi ekanini eʼlon qildi. Bu eʼlon qiyomat kunigacha ibodat va tilovat boʻlib turishi taʼminlangan. Shuning uchun ham mazkur bayʼatning bir nomi “Bayʼatur-Rizvon –Rozilik bayʼati”dir.

Mazkur hadisda Uboda ibn Somit roziyallohu anhu ham Rasulullohga qilgan bayʼatini soʻzlab bermoqda. Uboda roziyallohu anhu sahobalar bilan birga, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam huzurlariga u zotning chaqiriqlariga binoan borib, shariatda buyurilganlarni bajarishga, man qilinganlardan qaytishga vaʼdalashadilar.

U zot biz amirimizni yoqtiramizmi, yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, ogʻir va yengil damlarda ham uning farmoyishlariga qarshilik qilmaslikka bayʼat qildirdilar.

Shuningdek, Rasululloh oʻzlariga bayʼat qilayotgan sahobalardan oʻzlaridan keyin musulmonlar jamoasi sultonga xoh u yaxshi boʻlsin, xoh yomon boʻlsin, har doim unga itoat qilishga vaʼda berishlarini talab qildilar. 

Bu hadis goʻyoki bizning zamonamizda boʻlayotgan turli fitnalardan saqlanmoq uchun aytilgandek. Darhaqiqat, diniy ekstremizm va islomofobiya hamda “ommaviy madaniyat” va “demokratiya” niqobi ostidagi turli fitnalar avj olgan bir davrda har bir moʻmin uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari va koʻrsatmalariga amal qilish najot yoʻlidir.

 “Lekin –dedilar Janob Rasululloh, – uning ochiqdan-ochiq kufr yoʻliga oʻtganligini koʻrsangiz, qoʻlingizda Alloh taoloning nozil qilgan hujjati Qurʼoni karim mavjud, shunga binoan ish koʻringlar!””

Mamlakat sultoni oʻz xatti-harakatlarida kufrni namoyon etsa-da, islom dini arkonlarini amaldagi ijrosiga qarshi turmasa, musulmonlar tinchlik hukmron boʻlishi uchun harakat qilishlari, fitna va urush olovini chiqishidan ehtiyot boʻlishlari lozim. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Fitna oʻldirishdan-da kattaroq gunohdir.”[3]

“Ey moʻminlar, Allohga itoat qilingiz, va paygʻambarga hamda oʻzlaringizdan boʻlgan (yaʼni musulmon)rahbarlarga boʻysuningiz! Bordi-yu biron narsa haqida talashib qolsangiz, – agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz – u narsani Allohga va paygʻambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir.”[4]

Zero, jamiyatda tinchlikning hukmron boʻlishi, nafaqat taraqqiyot kafolati, balki ibodatlarni mukammal ado etilishi uchun eng muhim omil sanaladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu haqdagi koʻrsatmalari esa yuqorida batafsil aytib oʻtildi.

Ushbu hadis orqali islom dinining yuksak maʼnaviyatiga guvohi boʻlamiz. Yaʼni bemor ziyoratiga borganlar uning haqqiga duo qilishi lozim. Agar bemor olim boʻlsa duodan soʻng uning ilmidan foydalanishga harakat qilishi kerakligini tushunamiz. Shuningdek, bu hadisda yoshi ulugʻlar bilan muomala odobi, rahbarga itoat qilish shariat talabi ekanini anglab yetamiz.

[1] Bayʼat ֪– vaʼdalashmoq, soʻz bermoq.
[2]  Fath, 18-oyat mazmuni.
[3] Baqara, 217.
[4] Niso, 59.
Nodir QOBILOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …