Home / MAQOLA / FAHSH ISHNI TARK QILGAN KISHINING FAZILATI

FAHSH ISHNI TARK QILGAN KISHINING FAZILATI

Hozirgi kunda dunyodagi koʻplab mamlakatlar qatori, musulmon oʻlkalarida ham fahsh ishlar kuchayib, keng yoyilib bormoqda. Uning oldini olish esa dolzarb muammo boʻlib qolmoqda.

Islom dini bunday shaytoniy illatlardan qattiq qaytaradi. Alloh taolo Qurʼoni karimda:

﴿ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ وَمَنْ يَتَّبِعْ خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ فَإِنَّهُ يَأْمُرُ بِالْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ

“Ey imon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmangiz! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, (shayton) buzuqlik va yovuzlikka buyurur”[1]deydi.

Qosim ibn Valid Hamadoniydan rivoyat qilinadi: “Qatodadan Alloh taoloning وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ﴿ “Shaytonning izidan ergashmangiz!”[2] oyati haqida soʻradim. U: “Allohga boʻlgan har qanday maʼsiyat shaytonning izlaridan biridir”, dedi”.

Ibn Kasir “Shaytonning izlari” oyati tafsirida bunday deydi: “Yaʼni u uning yoʻl, maslak va buyurgan ishlaridir. Kim shaytonning izidan ergashsa, albatta, u buzuqlik va munkarga buyurur. Bu (oyat) eng fasohatli, yetuk, ojiz qoldiruvchi va eng chiroyli soʻzlar bilan qoʻrqitish va ogohlantirishdir. Ali ibn Abu Tolha Abuddloh ibn Abbosdan rivoyat qiladiki, shaytonning izlari – uning amalidir. Ikrima: “Uning fitnasidir”, degan. Qatoda: “Har qanday maʼsiyat shaytonning izlaridandir”, degan”.

Demak, fahsh, buzuqlik va boshqa shu kabi munkarga olib keladigan barcha ishlar shaytonning izlaridir.

Odatda fahsh ishlar begona ayolga qarash va uni sinchiklab kuzatishdan boshlanadi. Bu taqiqlangan. Soʻng unga shilqimlik qilishni qoʻshadi, behayo soʻzlar gapiradi. Bu ham taqiqlangandir. Keyin tegishadi, bu ham taqiqlangan va hokazo. Bu taqiqlarning har biri shaytonning izlari boʻlib, zino, xusumat va yomon yoʻlga olib boradigan fahsh ishlardir.

Islom esa bu kabi illatlardan qattiq qaytaradi. Musulmon inson fahsh ishlarni tark qiluvchi kishi Allohning huzurida qanday darajada boʻlishini bilishi zarur Shunga qarab oʻzining holiga baho berishi va oʻzini isloh qilishga harakat qilishi lozim.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni Allohning huzuridagi eng yomon darajadagi odam uning fahshidan oʻzlarini saqlash uchun odamlar uni qoldirgan – yoki tark qilgan – kishidir”, dedilar”.

Yaʼni, fahsh ishlari sababli odamlar uni oʻzlaridan yiroqlashtirgan odam Alloh taoloning huzurida ham eng yomon darajadagi inson sanaladi. Aksincha, oʻzini saqlovchi va pok tutuvchi inson Allohning huzurida ham eng martabali insonlar qatorida boʻladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytiladi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Yetti kishi borki, Alloh qiyomat kunida, Oʻz soyasidan boshqa soya boʻlmaydigan kunda ularni Oʻz soyasiga oladi: odil rahbar, Allohning ibodatida ulgʻaygan yigit, xilvatda Allohni zikr qilib, koʻzidan yosh toʻkkan kishi, qalbi masjidga bogʻliq kishi, Alloh yoʻlida bir-birini yaxshi koʻrgan ikki kishi, obroʻli va goʻzal ayol oʻziga chorlaganda “Men Allohdan qoʻrqaman”, degan kishi, oʻng qoʻli qilganini chap qoʻli bilmaydigan darajada maxfiy sadaqa qilgan kishi”, dedilar (Sahihul Buxoriy, 6806-hadis).

Hadisdan maʼlum boʻladiki, agar fahsh ish taklif qilinib, ogʻir holatga tushib qolgan kishi Allohdan qoʻrqib, sabr va iroda bilan u gunohni qilmasa, Alloh qiyomat kunida, Oʻz soyasidan boshqa soya boʻlmaydigan kunda uni Oʻz soyasiga oladi.

“Allohning soyasi” degan jumlaning maʼnosi haqida U Zot qiyomat kuni mazkur bandalari uchun maxsus yaratadigan soya, U Zotning himoyasida boʻlish, Arshning soyasi va jannatning soyasi degan fikrlar aytilgan.

Har bir inson oʻz holidan boxabar boʻlishi lozim. Agar nafsi uni fahsh ishlarga chorlasa, Alloh taoloning fazlini istab sabr qilishi va oʻzini pok tutishi kerak.

Sahl ibn Saʼd Soʼidiydan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim menga ikki jagʻi orasidagiga va ikki oyogʻi orasidagiga kafil boʻlsa, men uning uchun jannatga kafil boʻlaman”, dedilar (Sahihul Buxoriy, 6807-hadis).

Yaʼni, kim tili va farjini gʻiybat, boʻhton va fahsh ishlardan saqlasa, Paygʻambarimizning shafoatlariga, jannatga kirishi uchun u zotning kafilliklariga ega boʻlarkan.

[1] Nur surasi, 21-oyat.
[2] Baqara surasi, 168-oyat. Shaytonning izlaridan ergashish deganda, uning inson qalbiga yoʻnaltirgan vasvasalariga amal qilish, deb tushunish lozim.
Ushbu maqola Navvor ibn Shalliyning “Jamiyatdagi illatlar va ularning yechimlari” kitobi asosida tayyorlandi.

Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Maqola PDF formatda

Maqola Word formatda

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …