Islom dini taʼlimotlari va qonunlari insonlarning dunyo va oxirat saodatiga erishishi uchun Parvardigori bilan aloqasini toʻgʻrilashga qaratilgan. Shu bilan birga, islom odamlarning bir-biri bilan munosabatlarini tartibga soluvchi hukmlarni joriy qilgan, toki jamiyatda birodarlik va mehr-oqibat ustuvor boʻlsin. Bunga uning har bir aʼzosi oʻzining shaxsiy foydasi kabi boshqalarning ham manfaatini koʻzlasagina erishish mumkin.
Jamiyat mustahkam rishtalar va oʻzaro hamkorlik bilan barpo etiladi. Shu maqsadda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻz ummatlarini hamjihatlik va fidoyilik tamoyillariga amal qilishga chaqirgan.
عَنْ أَنَسٍ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى يُحِبَّ لِأَخِيهِ مَا يُحِبُّ لِنَفْسِهِ” .
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Hech biringiz oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham ravo koʻrmagunicha moʻmin boʻla olmaydi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisdagi “moʻmin boʻla olmaydi” jumlasi imonning aslini emas, uning komilligini inkor qiladi. Chunki Ibn Hibbon rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom: “Banda oʻzi yaxshi koʻrgan narsani odamlarga ham yaxshi koʻrmagunicha imon haqiqatiga erisha olmaydi”, deganlar.
Ibn Rajab rahimahulloh: “Banda oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani boshqalarga ham ravo koʻrmagunicha imon haqiqatiga erisha olmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham ravo koʻrmagan kishiga imonni inkor etganlarki, bu imonning xislatlaridan biri ekanidan dalolatdir. Inson oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham ilinsa, hasad, yomonlik, yolgʻon va nafratdan xoli boʻladi”, degan.
Ushbu hadis qalbda imonni mustahkamlashning muhim omillaridan biri insonning oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsalarini oʻzgalarga ham ilinishi, boshqalarga ham ravo koʻrishi ekanini koʻrsatib beradi.
Tafakkur qilsak, imon komilligiga erishish yuksak axloqli boʻlishni talab qiladi. Buni kishining boshqalar bilan chiroyli muomalasida va oʻzgalarning ham xuddi shunday munosabatida koʻramiz. Bunday inson odamlarning ozoriga sabr qiladi, ularning xatolariga eʼtibor bermaydi, kechirimli boʻladi. Shuningdek, birodarlarining quvonchu qaygʻulariga sherik boʻladi, kasallarni ziyorat qiladi, miskinlarga yordam beradi, yetimlarga gʻamxoʻrlik qiladi, ezgu ishlarni qilishda ochiq yuz, bagʻrikenglik va sogʻlom qalb bilan bor kuchini ishga soladi.
Alisher Navoiy hazratlari bu hadisni quyidagicha nazmiy bayon qiladi:
Musulmon kishi boshqalarning bu dunyoda saodatmand boʻlishini istaganidek, qiyomatda ham baxtlilar qatorida turishini xohlaydi. Shuning uchun odamlarni hidoyatga, toʻgʻri yoʻlga boshlashga intiladi. Quyidagi hadisda shu maʼno mujassam: “Oʻzing uchun yaxshi koʻrgan narsangni odamlarga ham ilin, shunda musulmon boʻlasan” (Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda boshqalarga yaxshilikni ilinishda goʻzal namuna bor edi. U zot sollallohu alayhi vasallam boshqalarga nasihat qilishda, ularni dunyo va oxirat uchun foydali narsalarga yoʻnaltirishda hech narsani ayamadilar.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni tashlab ham qoʻymaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Madinalik ansorlarni eslaylik, ular muhojir dindoshlariga yeri, uyi, mol-dunyosining yarmini berdi, tashlab qoʻymadi. Ular misli koʻrilmagan saxovat darajasini namoyon qildi.
Hadisga amal qilgan kishi oʻziga ravo koʻrmagan narsani birodari uchun ham istamasligi lozim. Shuning uchun odamlar unga qay tarzda muomala qilishini xohlasa, oʻzi ham shunday munosabat koʻrsatishi, insonlarda koʻrishni istamagan jihatlarni oʻzi ham namoyon qilmasligi kerak.
Bu ulugʻ hadisga amal qilishning samaralaridan biri shundaki, jamiyatda sogʻlom muhit yanada barqarorlashadi, hamyurtlar mehr-muhabbat rishtalaridan bahramand boʻlib, bagʻrikenglik kuchayadi, tinchlik-totuvlik mustahkamlanadi.